Buni bilib oling!
Islohot - arabcha «isloh» so`zining ko`pligi bo`lib, tuzatish, yangilash, yaxshilash, tubdan o`zgartirish ma`nolarini anglatadi.
So`zning lug`aviy ma`nosidan ham anglashiladiki, 1991-yilda erishganimiz milliy istiqlol xalqimizga o`z hayotini tubdan yangilash, yaxshilash, o`zgartirish imkonini berdi. Avvalgi darslarimizda aytganimizdek, ayrim sobiq sho`ro respublikalaridan farqli ravishda bizning mamlakatimizda bu o`zgarishlar bosqichma-bosqich olib borildi. Chunki Prezidentimiz «Yangi uyni qurmay turib, eskisini buzmang!» degan xalq donishmandligidan kelib chiqib, har bir islohotni hayot va davr talablariga mos amalga oshirish tamoyilini ilgari surdi. Darhaqiqat, aqli raso, faqat bugunni emas, ertani ham o`ylab ish tutadigan odam, yangi imorat qu-rishga kirishar ekan, bu uy foydalanishga yaroqli bo`lgunga qadar o`zi uchun boshpana bo`lib turgan eski uyni buzib tashlashga shoshilmaydi. Axir yangi uy bir kunda, bir oyda qurilib qolmaydiku. Bu imoratni uzoq yillarga chidamli, yorug` va keng, har tomonlama qulay qilib bunyod etish uchun muayyan vaqt talab qilinadi. Qolaversa, bu uy unda yashamog`i lozim bo`lgan odamlarning barcha hayotiy talablariga javob bermog`i kerak. Bu degani, amalga oshiriladigan islohotlar, avvalambor, xalqimiz tabiati, dunyoqarashi, ehtiyojlaridan kelib chiqishi lozim, deganidir.
Demak, bizning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar birinchi navbatda shu Vatanda yashayotgan fuqarolar manfaatlariga qaratilgani, ularning orzu-umidlari bilan chambarchas bog`liq ekani bilan ajralib turadi. Bu fikrimizni birgina ta`lim-tarbiya sohasida joriy etilgan islohotlar mazmun-mohiyati, maqsadini izohlash bilan tushuntirish mumkin.
Yaxshi bilasizki, O`zbekiston aholisining katta qismini - 60 foizdan ortiqrog`ini yoshlar, ularning katta qismini esa voyaga yetmaganlar tashkil etadi. Qo`lingizdagi kitobning oxirgi sahifala-riga qarasangiz, uning adadiga - necha nusxada chop etilgani to`g`risidagi ma`lumotga ko`zingiz tushadi. Barcha darsliklaringizda ham shu raqamlar bor. Bu raqamlar mazkur darsliklarning faqat o`zbek tilida ta`lim beriladigan maktablar uchun nashr qilingani sanog`idir. Bunga ko`p millatli mamlakatimizdagi ta`lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar o`quvchilari sonini ham qo`shsangiz, qariyb yarim million o`quvchi soni chiqadi. Demak, har yili O`zbekiston maktablarini shuncha yosh inson bitirib chiqar ekan.
Sho`ro davrida «o`rta maktab»lardagi o`qish muddati 10 yil qilib belgilangan, hamma bolalar faqat shuni bitirib chiqar edi. Ularning 5-7 foizigina oliy o`quv yurtlarida o`qishni davom ettirar, qolgan bir necha yuz minglab nafar yoshlar endi nima qilarini bilmay, ishsizlar safini (o`ldirardi. Chunki ularning qo`lida na bir hunari, na bir kasbi boiardi.
O`zbekistonda Yurtboshimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan ta`lim sohasidagi islohotlar, avvalo, mana shu o`ta jiddiy kamchilikka barham berishi bilan ahamiyatlidir. Gap shundaki, umumta`lim maktabidagi to`qqiz yillik o`qish davomida har bir bolaning qiziqishi, uquvi, iste`dodi ota-onasiga ham, o`qituvchilariga ham, albatta, ma`lum bo`lib qoladi. Ya`ni bir bola muayyan fan sohasiga ko`proq qiziqsa, boshqa bola kichkinaligidan u yoki bu hunarga moyillik ko`rsatadi. Shuni hisobga olgan holda, O`zbekistonda kelajagini ilm-fan yo`nalishida qurmoqchi bo`lgan yoshlar uchun turli fanlarga ixtisoslashgan akademik litseylar, ularning hunar o`rganmoqchi bo`lgan tengdoshlari uchun esa yuzlab kasb-hunarni o`rgatadigan kollejlar tizimi joriy etildi. Shunisi muhimki, mazkur kollejlarda yoshlar uch yil davomida bir emas, bir necha kasblarni puxta egallash imkoniyatiga ega bo`ladi. Bu degani kollejni bitirgan yoshlarimiz o`rgangan kasbi bo`yicha ishlab, o`zining moddiy hayotini tashkil etish, kelajakda oila qurib, uning farovonligini ta`minlash imkoniyatiga ega bo`ladi, deganidir.
Xuddi shu singari qolgan barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar ham xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi, mamlakatimizni dunyoning ilg`or davlatlari qatoriga olib chiqishda muhim tarixiy rolni o`ynaydi.
Yuqorida mamlakatimiz miqyosida amalga oshirilayotgan islohotlarning faqat bir sohasi to`g`risida qisqacha so`zlashdik, xolos. Amaliy mashg`ulot davomida o`qituvchingiz rahbarligida sinfdoshlaringizning ko`pchiligini qiziqtirgan boshqa sohalardagi islohotlar to`g`risida ham ma`rifiy suhbat olib borishingiz mumkin. Bunda quyidagi masalalarga alohida e`tibor berilsa, foydali bo`lur edi, deb o`ylaymiz:
islohot olib borilayotgan sohaning mamlakat va xalq hayotidagi ahamiyati;
mustaqillikka qadar sohaning ahvoli;
sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning bosqichma-bosqich tashkil etilgani;
islohotning mamlakatni rivojlantirish, insonlar turmush farovonligini oshirishga ko`rsatayotgan ta`siri;
islohotni o`tkazish, uning muvaffaqiyatini ta`minlashga yoshlar qo`shishi mumkin bo`lgan ulush va boshqa masalalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |