Respublikamizda bevosita fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlashga qaratilgan qonunlar qabul qilingan. Ammo mazkur qonunlarni yoshlar tomonidan anglash va hayotda qo’llay olish ko’nikmalari hozircha ko’ngildagidek emas. Bu esa, yoshlarning qonunlar to’g’risida bilim va ko’nikmalarini izchil rivojlantirishni talab etadi. Fuqarolik jamiyati asoslarining pirovard maqsadi – inson hayotini muayyan ma’naviy maromlarda muvofiqlashtirish, har bir shaxsning insoniy potenstialini yuzaga chiqazishdan iboratdir. Zero, inson omilini faollashtirishda kishilarning huquqiy bilimliligi roli kattadir. Ya’ni, huquqiy madaniyati yuksak bo’lgan jamiyat mustahkam bo’ladi va millat birligi kuchayadi. Har qanday jaholatdan insonni ma’rifat qutqaradi. Shuni hisobga olib, yoshlarga «Jaholatga qarshi ma’rifat » tamoyili mohiyatini tushuntira borish lozim. Yoshlarga ma’naviy-ma’rifiy ishlarda diniy ekstremizm, terrorizmga qarshi kurashning xalqaro siyosiy-huquqiy asoslari to’g’risida tushunchalar berib borish zarur. Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy asoslarini tushuntirish va diniy-ma’rifiy targ’ibot ishlariga usto-murabbiylarni keng jalb etish lozim.
Ustoz va shogirdlik – milliy tarbiya an’anasi. Shunday ekan, bu tizim yoshlarni milliy g’oya va mafkura ruhida tarbiyalashda muhim omil vazifasini o’taydi. Ta’lim muassasalarida mavjud guruh murabbiyligi va ustoz-shogirdlik tizimlarining o’ziga xos xususiyatlarini va ularning aniq vazifalarini belgilab olish lozim. Unda, professor-o’qituvchilarning ustoz sifatidagi ma’naviy burch va huquqlari hamda o’quvchining shogird sifatidagi ma’naviy burchlari yoritilishi kerak. O’zbekiston Respublikasining din masalalariga oid qonunlari qabul qilingan. Bu sohada xalqaro hujjatlar mavjud. O’zbekiston Respublikasida vijdon erkinligi qonun bilan kafolatlangan. Diniy ekstremizmga yo’l qo’ymaslik choralarini qurish yuzasidan tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yoshlarda qonunchilik asoslari bo’yicha tushunchalarni shakllantirish dolzarb vazifa sifatida tadbirlar mazmuniga kiritilishi zarur. Bunda asosiy e’tibor O’zbekistonda diniy bag’rikenglikning tarixiy ildizlari va hozirgi darajasi haqida ma’lumotlar berishga qaratilishi maqsadga muvofiq. Shu bilan bir qatorda o’quvchilargama’naviyatning qaror topib borishida madaniyat va dinning o’rni, diniy dunyoqarashning inson hayotidagi ahamiyati va islomiy qadriyatlar, dunyoqarash erkinligini ta’minlash jarayonida har bir insonda shaxsiy fikr, mustaqil mavqening shakllanishi haqida ham tushunchalar singdirilishi lozim.