Formal mantiqning predmeti
Har bir fan kabi mantiq ham o‘zining o‘rganadigan ob’ekti va predmetiga ega. Tafakkur mantiq fanining o‘rganish ob’ektidir. Tafakkurni mantiq fanidan tashqari falsafa, fiziologiya, psixologiya, dialektika, kibernetika kabi fanlar ham o‘rganadi. Grammatika mantiq faniga yaqin bo‘lib, fikrni aniq va bexato ifodalashga yordam beradi. Tushuncha va hukmlarning ifodalanish strukturasini aniqlashda ham grammatikaning roli katta. Falsafa tafakkurni moddiylik va ideallikning o‘zaro aloqadorligi nuqtai nazaridan o‘rganadi. Psixologiya tafakkurni ruxiy jarayonlar bilan bog‘liq xolda tadqiq etadi. Yuqorida tilga olingan fanlarning har biri tafakkurga o‘z nuqtai nazaridan yondashadi, uning turli qirralarini ochib beradi.
Tafakkur voqelikni umumlashtirib va mavhumlashtirib, muayyan mantiqiy shakllarda, ya’ni tushuncha, hukm va xulosa chiqarish hamda ular o‘rtasidagi aloqalar shaklida aks ettirib, ma’lum mantiqiy qonun- qoidalarni vujudga keltiradiki, to‘g‘ri, aniq, izchil, ziddiyatlardan xoli fikrlash ana shu qonun-qoidalarga amal qilishni taqozo etadi. Bu qonun-qoidalar amaliyotda vujudga kelgan bilimlarni isbotlash yoki rad etish, ularning to‘g‘riligi yoki xatoligini tasdiqlash yoxud inkor etishga xizmat qiladi. Mantiq keng ma’noda olamdagi qonuniy, zaruriy bog‘lanish va aloqalar, tartib va izchillik, tafakkurimizning ichki aloqadorligi, tadrijiy rivojlanishi, turli fikrlar o‘rtasidagi mantiqiy bog‘lanishlarni ifodalaydi. Mantiq inson tafakkurining eng umumiy shakllari, qonunlari va fikrlash usullarini o‘rganadi. Bu mantiq fanining predmeti xisoblanadi.
Hozirgi kunda mantiq ilmining ham turli yo‘nalishlari, tarmoqlari mavjud, ular orasida inson tafakkurini eng oddiy qonun-qoidalar bilan qurollantiradigan, uni to‘g‘ri fikrlashning tamoyillari bilan tanishtiradigan muhim tarmog‘i formal mantiq bo‘lib, u tarixiy kelib chiqishini e’tiborga olgan holda an’anaviy mantiq, ommaviyligi nuqtai nazaridan esa, umumiy mantiq deb ham yuritiladi.
Mantiq fani tafakkurni rivojlantiradi, insonda umumiy tushunchalar, kategoriyalar bilan ish ko‘rish ko‘nikmalarini hosil qiladi. Bugungi fan-texnika rivoji jadallashgan globallashuv jarayonida ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ilmiy-nazariy ma’lumotlarni samarali tahlil qilishda mantiq ilmi muhim ahamiyatga ega.
Mantiq matematika fani bilan uzviy bog‘liqdir. Matematika fanining rivojlanishi mantiq ilmining taraqqiyotiga, unda yangi yo‘nalishlarning shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Mantiq jarayonini turli simvollar bilan ifodalashga intilish ham matematika bilan bog‘liqdir.
Mantiq bilish, to‘g‘ri fikrlash metodlarini o‘rganuvchi fandir. Ba’zi bir fanlar tadqiqot ob’ektlari bo‘yicha bir-biriga yaqin bo‘lgani uchun, ularning tushunchalari, qonun va metodlari ham bir-biriga yaqindir. Masalan, bilishda xususiylik va umumiylik vazifasini bajaruvchi usullar mavjuddir. Ko‘pchilik fanlarda qo‘llanuvchi usullar umumiy usul deyiladi. Umumiy usul qo‘llanish doirasiga ko‘ra umumiy bo‘lgani bilan o‘z maxsus vazifasiga ega. Bunga misol qilib mantiq fanidagi tushuncha hosil bo‘lishining analiz va sintez, umumlashtirish va mavhumlashtirish kabi usullarini, shuningdek, induksiya va deduksiya, qiyoslash va modellashtirish usullarini ko‘rsatish mumkin. Bular bilishning umummantiqiy metodlari hisoblanadi. Aytish mumkinki, mantiq ham fan, ham bilish uslubi xisoblanadi.
Tafakkur shakllari va qonunlarini o‘rganish, ulardan ongli ravishda foydalanish fikrlash madaniyatini o‘stiradi, xususan, fikrni to‘g‘ri qurish malakasini rivojlantiradi, bahs yuritishda o‘zining va boshqalarning fikriga tanqidiy munosabatda bo‘lish, suhbatdoshining mulohazalaridagi xatolarni aniqlash, argumentlashdagi zaif bo‘g‘inlarni aniqlashga yordam beradi.
Muhokamani to‘g‘ri qurish, formal ziddiyatlar, xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka erishish, aytish mumkinki, o‘ziga xos san’at- mantiq san’ati hisoblanadi. Bu san’atning nazariy asoslarini chuqur egallagan kishigina uning imkoniyatlarini amaliy muhokama yuritishda namoyish qila oladi. Mantiq ilmining ta’lim sohasidagi vazifalari ham kattadir. O‘quv jarayonining samaradorligi ma’lum bir darajada tegishli tushunchalar hamda, terminlarning aniq bo‘lishi, muammolarning mantiqan to‘g‘ri qo‘yilishi va hal qilinishi, mavjud gipotezalar strukturasini to‘g‘ri tahlil qila olishga, argumentlash qoidalaridan to‘g‘ri foydalanishga bog‘liq.
Fan uchun formal mantiq murakkab muammolarni yechish vositasini beradi. Bunday vositalar, odatda, ilmiy nazariyaning strukturasini o‘rganishda, unda ishlatiladigan formalizmning mohiyatini tushuntirib berishda, formal ziddiyatlar bo‘lsa, ularni aniqlashda muhim ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |