Mikrobiologiya
Mikrobiologiya (mikro... va biologiya) — mikroorganizmlar haqidagi fan. M. viruslar, barcha
prokariotlar va mikroskopik eukariotlar (bir hujayrali hayvonlar, suvoʻtlar, ayrim zamburugʻlar)ni
oʻrganadi. Mikroorganizmlarni A. Levenguk (1683) birinchi marta ko'rgan va tavsiflab bergan.
Nemis olimi O. Myuller (1786) ilk bor mikroorganizmlarni sistemaga solishga uringan.
Mikroorganizmlar haqidagi maʼlumotlar bir qancha rus olimlari (I.Belyayev, I. Kulabin, M. M.
Terexovskiy va boshqalar)ning ishlarida ham uchraydi. Lekin M. fan sifatida faqat 19-asrning 2-
yarmida, asosan, fransuz olimi L. Paster ishlari taʼsirida shakllana boshladi. L. Paster muayyan
kimyoviy jarayonlar, jumladan, har xil bijgʻishlarni mikroorganizmlar faoliyati bilan bogʻliqligini
isbotlab berdi; yuqumli kasalliklarni mikroblar paydo qilishi toʻgʻrisidagi gʻoyani himoya qildi;
mikroorganizmlarning oʻz-oʻzidan paydo boʻlishi toʻgʻrisidagi gipotezani inkor etdi; anaerobiozni
kashf qildi. R. Kox va uning maktabi tomonidan qattiq oziq muhitning yaratilishi,
mikroorganizmlarning sof kulturasiga boʻlgan qatʼiy talablar va kasallikning muayyan
mikroorganizmga bogʻliqligini aniqlash mezonlarining ishlab chiqilishi bilan qisqa vaqt davomida
koʻpchilik kasalliklarning qoʻzgʻatuvchilari kashf etildi. L. Pasterning mikroorganizmlarning
tabiatdagi ahamiyati toʻgʻrisidagi gʻoyalarini umumiy M. asoschilari S. Ch. Vinofadskiy va M.
Beyerink rivojlantirishdi. Ular tomonidan mikroorganizmlarning elektiv kulturasi (bitta
organizmning rivojlanishiga sharoit yaratish) metodining ishlab chiqilishi va moddalarning biologik
aylanishi jarayonida ishtirok etadigan mikroorganizmlar guruhining koʻrsatib berilishi bilan
eksperimental M. rivojlana boshladi.
M.ning asosiy oʻrganish obʼyektlari bakteriyalar, achitqi zamburugʻlar, aktinomitsetlar va viruslar
hisoblanadi. Lekin M. metodlaridan zamburuyelar va boshqa mikroorganizmlarni hamda yuksak
tuzilgan koʻp hujayralilar hujayralarini oʻstirishda ham foydalaniladi. Zamonaviy M. bir qancha
mustaqil fanlarga ajratiladi. Sanoat (texnik) M. ogʻir, yengil va, asosan, oziq-ovqat sanoati
tarmoqlarida uchraydigan zararkunanda hamda oziq mahsulotlarini ishlab chiqarish da
foydalaniladigan mikoorganizmlarning faoliyati va biologik xususiyatlarini oʻrganadi. Sanitariya
M.sining vazifasi suv, havo, oziq-ovqatlar sifatini nazorat qilish, kasallik tugʻdiruvchi
mikroorganizmlar tarqalishining oldini olishdan iborat. Umumiy M. mikroorganizmlar
morfologiyasi, fiziologi-yasi, biokimyosi, genetikasi, sistematikasi va ularning tabiatdagi
ahamiyatini oʻrganadi. Yashash muhitiga koʻra umumiy M. tuproq, sanoat, suv, geologik, kosmik
M.ga ajratiladi. Tuproq, yaʼni qishloq xoʻjaligi M.si tuproq mikroorganizmlari tarkibini, ularning
oʻsimliklar qoldigʻini oʻzlashtirishda va oʻsimliklar paraziti sifatidagi ahamiyatini oʻrgatadi.
Ekinlarning mikroorganizmlar paydo qiladigan kasalliklariga, qishloq xoʻjaligi zararkunandalariga
qarshi kurashning mikrobiologik usullarini ishlab chiqadi. Geologik M. mikroorganizmlarning
geokimyoviy jarayonlardagi ahamiyatini oʻrganadi. Suv M.si shoʻr va chuchuk suv mikroflorasining
son va sifat tarkibini oʻrganadi, ichiladigan suvning sifatini nazorat qiladi. 1965 yildan kosmik M.
rivojlana boshladi. U bir hujayrali organizmlarning kosmik fazodagi hayot faoliyatini oʻrganmoqda.
M. obʼyektlari va jarayonlaridan zamonaviy texnologik M., yaʼni biotex-nologiyada keng
foydalaniladi. Zamonaviy M. mustaqil metodologiyaga ega boʻlgan, lekin oʻz tadqiqotlarida
fizikkimyoviy biol., sitologiya, genetika va boshqa fanlar qoʻlga kiritgan yutuqlardan
foydalanadigan mustaqil fan hisoblanadi.
Oʻzbekistonda mikrobiologik tadqiqotlar 20—30-yillardan boshlandi. 1947 yilda Oʻzbekiston FA
Zoologiya va botanika institutlari qoshida mikrobiologiya lab. tashkil etildi. Lab.da tuproq
unumdorligini oshirish, silos tayyorlash, oqova suvlarni tozalash, oʻsimlik va hasharotlarning virus
kasalliklari ustida tadqiqotlar olib borildi. Tadqiqotlar, ayniqsa, 1977 yilda Oʻzbekiston FA
Mikrobiologiya i.t. instituti tashkil etilganidan soʻng kengayib ketdi. Bu davrda Oʻrta Osiyo
mikroflorasini aniqlash va oʻrganish (M. E. Mavloniy), vino tayyorlashda foydalaniladigan
achitqilar sifatini yaxshilash (X. Abdurazzoqova, N.B.Egamberdiyev, Sh. I. Hakimova),
mikroorganizmlardan oʻsimlik qoldiqlari va sanoat chiqindilaridan yem-xashak tayyorlashda
foydalanish (J. Toshpoʻlatov, T. D. Jamolov), mikroorganizmlar orasidagi antagonistik
munosabatlarni va ular ishlab chiqaradigan antibiotiklarni oʻrganish, ulardan oʻsimliklarni himoya
qilishda, chorvachilikda (S. A. Asqarova, S. M. Hojiboyeva, M. Q. Qutliyev, S. B. Boʻriyev)
foydalanish hamda sabzavot, poliz, texnika va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarining bakteriya,
zamburugʻ va viruslar qoʻzgʻatadigan kasalliklari (Ye. T. Dikasova, M. I. Isamuhamedov, A. H.
Vahobov) ustida keng miqyosda tadqiqot olib borildi. Bir vaqtning oʻzida mikroorganizmlarning
geokimyoviy faoliyatiga oid ishlar amalga oshirildi. Tarkibida oltin, mis va boshqa elementlar
kam boʻlgan rudalardan elementlarni mikrobiologik yoʻl bilan ajratib olish texnologiyasi ishlab
chiqildi (P. T. Malaxova, M. F. Sagdiyeva). Qishloq xoʻjaligi va sanoat korxonalaridan chiqadigan
oqova suvlarni mikrobiologik usul yordamida tozalash (J.Q. Qutliyev, R. Sh. Shoyoqubov, S. B.
Boʻriyev), gen va hujayra muhandisligi usullari yordamida yengil va oziq-ovqat sanoatlari, qishloq
xoʻjaligi va farmakologiya uchun zarur boʻlgan oqsillar, fermentlar, vitaminlar, biologik oʻgʻitlar
sintez qilish, shifobaxsh sutqatiq tayyorlash biotexnologiyalari joriy qilindi (A. F. Xolmurodov, A.
S. Rasulov, P. Yu. Yusupov, I. J. Jumaniyozov, T.F. Gʻulomova, D. K. Ogay). Bu tadqiqotlar tufayli
virus — zamburugʻ — oʻsimlik sistemasida zamburugʻning kasallik qoʻzgʻatish xususiyatidagi
oʻzgaruvchanligini aniqlashda mikovirusning ahamiyati ochib berildi (J. Safiyazov).
Mikroorganizmlarda fiziologik faol birikmalarning hosil boʻlishi va ularni ishlab chiqishni
boshqarish yoʻllari oʻrganildi. Nikotinamidadenindinukleotid (NAD) ishlab chiqaradigan mahalliy
zamburugʻlar topildi va ular sintezining ayrim biokimyoviy mexanizmlari aniqlandi (A. F.
Xolmurodov, T. Gʻ. Gʻulomova). Sellyupatik fermentlar preparati va oqsilga boy oziq moddalar
olish texnologiyasi ishlab chiqildi (K. D. Davronov, 3. R. Axmedova). Sianobakteriyalarni
yemiradigan faglar aniqlandi (M. M. Murodov). 50 yillik tadqiqotlar natijasida Oʻzbekistonda
birinchi marta mintaqaviy mikroorganizmlar kolleksiyasi yaratildi.
T i b b i yo t M.ning rivojlanishi A. G. Grekov nomi bilan bogʻliq. Uning bevosita ishtirokida
Toshkent harbiy gospitali qoshida birinchi bakteriologik lab. (1917), Oʻlka bakteriologiya
instituti (hozirgi Vaksina va zardoblar instituti) tashkil etildi (1918). M.ning zamonaviy
muammolarini ishlab chiqishga A. O. Obidov, I. M. Muhamedov, M. A. Mirzayeva, L. G. Bajenov, X. I.
Ishoqova, E. X. Eshboyev, N. A. Nuraliyev va boshqa katta hissa qoʻshmoqdalar.
Veterinariya M.si sohasidagi tadqiqotlar Oʻzbekiston Veterinariya institutida olib boriladi. In-tda
samarali faoliyat koʻrsatgan Sh. T. Rasulov (qoramollarning trixofitiya — qoʻtir kasalligi), I. N.
Nevskiy, A. A. Volkova, P. A. Apollosova, P. B. Boboyev, G. N. Nosirov, I. A. Mazitov (qoʻylarning
anaerob va salmonellyozli, virusli abortlari), N. K. Siddiqov, I. D. Burlitskiy, M. B. Boboyeva, A. N.
Axmedov (mollarning kolibakteriozi, parrandalarning pasterellyoz, pulloroz, tif va boshqa
yuqumli kasalliklariga qarshi veterinariyasanitariya tadbirlari), N. Mamatov (hayvonlarda quturish
kasalligiga karshi vaksina yaratgan), X. Salimov (qoramollarning leykoz kasalligi diagnostikasi,
unga qarshi kurash vositalari) kabi olimlar veterinariya M.si rivojiga katta hissa qoʻshdilar.
Abdurasul Vahobov, Egamberdi Eshboyev, Hoshim Nurmamatov.
[1]
1.
OʻzME
. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ko‘proq o‘rganish
Ushbu maqolada
Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi
(2000-2005)
maʼlumotlaridan foydalanilgan.
Ushbu maqola
chaladir
. Siz uni
boyitib, (https://uz.wikipedia.org/w/index.php?title=Mikrob
iologiya&action=edit)
Vikipediyaga
yordam berishingiz mumkin.
Bu andozani
aniqrogʻiga
almashtirish kerak.
Manbalar