III bob bo‘yicha xulosa
Yuqoridagilardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bu bobda Sakkokiyning “Miftahu-l-ulum” asarining ikkinchi qismi bo‘lgan nahv ilmi haqida fikr yuritilib, undagi muhim mavzu bo‘lgan sintaktik jihatdan o‘zgaradigan va o‘zgarmaydigan so‘zlar bayon etildi. Keltirilgan ma’lumotlardan xulosa qilib, nahv so‘zning gap tarkibida ishtirok etishiga doir qoidalarni o‘rganuvchi ilm ekanligini aytishimiz mumkin. Bu ilmning asosiy maqsadi tilga xos bo‘lgan qoidalar asosida so‘zning gapdagi ishtirokini ta’minlashdir. Sarf qismini Sakkokiy ikki fasl uch bobga ajratgan. Birinchi bobni o‘zgaruvchi so‘zlar (المعرب)ga bag‘ishlagan. Bu bobda Sakkokiy o‘zgaruvchan so‘zlardan oldin o‘zgarmas so‘zlar haqida ma’lumot bergan holda boshqa olimlar fikrlaridan farqli ravishda uni 14 turini sanab o‘tgan. O‘zgarmaslik (المبني) to‘rtta bo‘lib, ular: sukun, fatha [a], kasra [i], domma [u] hisoblanadi. O‘zgarish (المعرب) belgilari harakat, harf yoki hazf qilish (ya’ni tushurib qoldirish) bilan ifodalanadi. Harflar uchta, ular: domma, fatha, kasradir. O‘zgarishni ifodalovchi harflar esa to‘rtta: alif (ا), nun (ن), vov (و), ya (ي)
Bundan tashqari bu bobda harf bobi haqida ham qarashlar yoritilgan. Bu bobda Maxmud Zamaxshariyning “Al-Unmuzaj”va Sakkokiyning “Miftahu-l-ulum” asarlarida harfning ifodalanishida qiyosiy tahlil olib borilgan. Sakkokiy ularni boshqa olimlar fikrlaridan farqli ravishda ikki guruhga ajratadi: 1) biror sintaktik o‘zgarishga sabab bo‘luvchi harflar; 2) biror sintaktik o‘zgarishga sabab bo‘lmaydigan harflar. O‘zgarishga sabab bo‘ladigan harflarni ikkiga bo‘ladi: ismlarga va fe’llarga ta’sir qiluvchi harflar.
XULOSA
Abu Yoqub Sakkokiyning “MIftahu-l-ulum” asari tuzilishi, asarda arab tili nazariy masalalarining yoritilish prinsiplarini o‘rgangan holda quyidagi nazariy xulosalarni bildirishga imkon beradi:
O‘rta asrlar arab tilshunosligining yirik namoyondalaridan biri Sakkokiyning “Miftahu-l-ulum” asari o‘z davrining yirik nazariy tadqiqotlaridan biri hisoblanadi. Asar har jihatdan mukammalligi, tilshunoslik va adabiyotshunoslik masalalarining qamrab olganligi bilan ahamiyatlidir. Uning sarf va nahv bo‘limi arab tilshunosligi uchun juda qimmatli sanaladi. Shu sababli asar o‘tmishda ko‘plab qo‘lyozma nusxalarda ko‘chirilib, islom olamining turli mamlakatlariga ham olib ketilgan. Hozirgi kunda Turkiyaning o‘zida 40dan ortiq qo‘lyozma nusxalari saqlanmoqda. Bundan tashqari Germaniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Hindiston, Misr, Iroq fondlarida ham asarning qo‘lyozma nusxalari mavjud. Qo‘lyozmalarning aksariyati o‘rta asrda ko‘chirilgan.
“Miftahu-l-ulum” asari arab tili grammatikasining asosiy manbalaridan biri bo‘lib, XIII-XV yuz yilliklarning o‘zida unga 25ta sharh yozilgan, uning o‘nga yaqin muxtasar nusxalari tuzilib, XVI yuz yillikda unga ikkita manzuma yozilgan. Asarning ilmiy va amaliy ahamiyati uning mavjud qo‘lyozma nusxalari turli nashrlarining yuzaga kelishiga olib keldi. Asarning toshbosma nashrlari Kalkutta, Istanbul, Qohirada amalga oshirildi. Asarning Bog‘dod, Qohira, Bayrutdagi zamonaviy nashrlariga 2000-yili Bayrutda chop etilgan nashri asos qilib olingan.
“Miftahu-l-ulum” asari arab tili qoidalarining bayon etish prinsiplaridagi o‘ziga xoslik va bu prinsiplarning sohaga oid boshqa manbalarda uchramasligi bilan ajralib turadi. Asarda grammatik talqinlar harflardan boshlab, so‘zning morfem qurilishi va so‘z yasalishigacha bo‘lgan jarayonlarni o‘zida aks ettiradi.
Asarda ishtiqoq, ya’ni so‘z yasalishi borasida boshqa tilshunoslar e’tibor qaratmagan hodisalar ham bayon etilgan. Muallif ishtiqoqning tizimli qonunlarini ishlab chiqqan. Ular beshta bo‘lib, ularni tuzishda olim o‘zidan oldin o‘tgan tilshunoslar qarashlariga tayanib, qoidalarni yaxlit bir tizim holiga keltirgan. U so‘z yasash qonunlarini bayon qilib, so‘zlardagi asl (o‘zak) va ziyoda (qo‘shimcha) harflarning o‘rinlarini bayon qiluvchi mavzularni kiritgan. Asl va ziyoda harflarning alohida mavzu ostida tizimli ravishda bayon qilinishi boshqa manbalarda uchramaydi.Sarf qismida Sakkokiy fe’ldan yasalgan ismlarning xususiyatlarini aytib ularni sakkiz faslga ajratib bergan.
Sakkokiy asarning nahv qismida sintaktik jihatdan o‘zgaradigan va o‘zgarmaydigan so‘zlarni ta’riflashda avvalo sintaktik jihatdan o‘zgarmaydigan (المبني) so‘zlarni o‘n to‘rt turga ajratgan.
Sakkokiyning fikriga ko‘ra, arab tilida o‘n to‘rtta o‘rinda bayon qilingan so‘zlar o‘zgarmas so‘zlar hisoblanadi. Bunday so‘zlar ichida munozarali o‘rinlar o‘rinlar bor. Olim bunday o‘rinlarda o‘z qarashlarini bayon etgan. O‘zgarmas so‘zlarning o‘zgarmaslik xususiyati ba’zilarida oldindan mavjud bo‘lsa, ba’zilari qo‘shimcha qo‘shillishi orqali o‘zgarmas shaklga o‘tadi. O‘zgarmaslik holati ismlarda kuzatilganda, fatha [a], kasra [i], domma [u], sukun bilan bo‘ladi. Fe’llarda kuzatilganda esa, kasra bilan o‘zgarmaslik kuzatilmaydi, balki ismlardan farqli ravishda fe’l harfning tushib qolishi orqali o‘zgarmas shaklga ega bo‘ladi.
O‘zgarmas so‘zlarni bunday batafsil yoritish boshqa olimlarda kuzatilmaydi. Bu kabi yondashuv orqali boshqa til sohiblariga ham mavzuni oson o‘zlashtirib olishga yordam beradi. Chunki arab tilida har bir harakat o‘zgarishi orqali butun bir ma’no o‘zgarib ketishi mumkin.
Sakkokiy o‘zgacha an’ana tarzida qo‘llanuvchi nahvdagi asosiy uchta atamani gapdagi sintaktik jarayondagi ishtirokiga ko‘ra, alohida nom ostida keltirgan. Bu olimning arab grammatikasining katta bilimdoni ekanligini isbotlaydi. Sakkokiy asarning nahv qismida so‘z birikmasi va gapdagi qoidalarni odatdagi bayon uslubidan voz kechgani holda alohida fasllar ostida bayon qilgan.
Sakkokiy bundan keyin harf qismiga kelganda ularni ikkiga ism va fe’lga ta’sir qiluvchi va ta’sir qilmaydigan harflarga ajratib chiqqan. Bularni avvalo fe’llarda ko‘rib chiqib, fe’lni nasb qiluvchi, jazm qiluvchi harflarni bayoni keltirilgan. Shunday qilib harflar, harfning 23 turi bor: حروف الاضافة – “old ko‘makchilar”, الحروف المشبهة بالفعل – “Fe’llarga o‘xshash yuklamalar”, حروف العطف – “Bog‘lovchilar”, حروف النفْي – “Inkor yuklamalari”, حروف التنبيه – “Ogohlantiruvchi yuklamalar”, حروف النداء – “Undov yuklamalari”, حروف التصديق – “Tasdiq yuklamalari”, حروف الاستثناء – “Istisno yuklamalari”, حرفا الخطاب – “Xitob yuklamalari”,حروف الصلة - “Bog‘lovchi yuklamalar”,حرفا التفسير - “Tushuntirish, izoh berish yuklamalari”,الحرفان المصدريان - “alharfanil-masdariyyani”,حروف التحضيض - “Undash, da’vat qilish yuklamalari”,حرف التقريب - “Yaqinlashtiruvchi yuklama”,حروف الاستقبال - “Kelasi zamon yuklamalari”,حرفا الاستفهام - “So‘roq yuklamalari”,حرفا الشرط - “Shart yuklamalari”,حرف التعليل - “Maqsad, sabab yuklamasi”,حرف الردع - “Qat’iy inkor yuklamasi”,اللامات - “allomatu”, تاء التأنيث الساكنة - “Muannas jinsining sukunli “t”si”, النون المؤكدة - “Ma’noni kuchaytiruvchi nun”, هاء السكت - “Pauzal “h.
Olim qoidalarni Qur’on oyatlari, hadislar, shoirlarning baytlaridan misollar bilan bayon qilishi uning tafsir, hadis va arab she’riyatidan bilimdon ekanligini ko‘rsatadi.
Bayon etilgan xulosalardan kelib chiqib quyidagi tavsiyalar ishlab chiqildi:
Arab tilida kelishikda turlanmaydigan, mayllarda o‘zgarmaydigan so‘zlar Sakkokiy tomonidan yaxlit tizim holatida shakllantirilgan edi. Ushbu holda bayon qilish hozirgi oliy ta’lim muassasalarida o‘qitilayotgan arab tili darslik va qo‘llanmalarida mavjud emas. Bu mavzuni Sakkokiy shakllantirgan tizim asosida o‘quv adabiyotlariga kiritish mumkin.
Sakkokiyning o‘rta asrlar tilshunoslik sohasi rivojidagi o‘rni, o‘ziga xos bayon uslubi hozirda ham dolzarb ekanligini hisobga olgan holda “Miftahu-l-ulum” asarining o‘zbek tiliga tarjimasini ilmiy izohlar bilan nashr etish maqsadga muvofiqdir.
Arab grammatikasiga oid atamalarni yangi xulosalar bilan boyitish klassik davr tilshunosligiga oid asarlarni osonlik bilan o‘zlashtirishga olib keladi. Buning uchun “Miftahu-l-ulum” asarida qo‘llangan istiloh lug‘atiga bag‘ishlangan monografiyani nashr qilish maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |