MAJBURIYAT
Qo‘qondan har kun deyarlik xabarlar kelib turar edi. «Qo‘qon sipohi tomonidan Toshkand o‘raldi» degan xabarga endi o‘n besh kunlab vaqt o‘tgan edi. Ammo hanuz —
«Toshkand olindi» degan gap yo‘q edi.
Kechadan beri kishilar og‘zida: «Normuhammad qushbegi yaralangan, Qo‘qon yigitidan bir yarim mingi qirilgan» degan xabar yurib ketdi. Chamasi, Azizbek osonliq bilan jon beradigan ko‘rinmaydir.
Anovi yarasining ustiga Toshkand foji’asi kelib qo‘shilg‘ach, Otabek tag‘in ham xayolchanlangan, tag‘in ham xomushligini ortdirgan edi. Hatto ba’zi kunlar hujrasidan tashqarig‘a chiqmas, kishilar bilan so‘zlashmas, boshqacha aytkanda kundan-kunga go‘shanishinlikka yaqinlashib borar edi.
Bu kun ertalabki choydan so‘ng Hasanali kechagi fikrini chinlab amalga oshirmoqchi bo‘ldi. Chunki Otabekdagi o‘zgarish — kundan-kunga rangining siniqib borishi, hujradan chetka chiqmasligi, xomushligi va boshqalar Hasanalini yaxshig‘ina qo‘rquvg‘a solg‘an, o‘zining faqat tomoshachig‘ina bo‘lib yurishidan rizosiz-langan edi. Durust, ul Otabekning muhabbatiga voqif bo‘lg‘anidan beri bir daqiqa ham uni o‘zining ko‘z o‘ngidan uzoq tutmag‘an: mahbubasi kim, kimning qizi, birar ebini qilsa mumkinmi? — Mana shuningdek masalalarni tekshirib, bilib ham o‘ylab kelgan edi. Ammo bu to‘g‘rida Otabekning ko‘magiga chinlab bel bog‘lashdan uni ba’zi ehtimollar to‘xtatib: «Otabek yosh, yoshlar muhabbati uchar qush, balki, bu kun-erta unutib ham yuborar» kabi mulohazalarda bo‘ling‘an edi. Nihoyat, Otabekdagi o‘ychanliq va o‘zgacha hollarning kundan-kunga kuchayib borishi Hasanali haligi mulohazadan voz kechdirib, boshqa yo‘sunlarni qaratmoqqa majbur etdi.
Garchi uning qarori bir nuqta ustida to‘xtag‘an bo‘lsa ham shu holda tinib turmadi, yana yuz turlik boshqacha yo‘sunlarni o‘yladi, ming turlik xayollarga borib qaytdi, ammo ularning bittasini ham Otabek og‘rig‘ig‘a em deb topmadi va nihoyat:
Ko‘ray-chi, qadamim muborak bo‘larmikin, — deb qo‘ydi.
Kechlik oshni o‘tkazgach, Hasanali o‘z hujrasidan kiyinib chiqdi-da Otabek yonig‘a kirdi. Otabek «Boburnoma» mutolaasi bilan mashg‘ul edi. Ba’zi bir ehtimollarga qarshi o‘zining niyatini bildirmay:
Menda yumishingiz yo‘qmi, bek? — deb so‘radi Hasanali. — Hammomga bormoqchi edim...
Otabek ko‘zini kitobdan uzmay javob berdi:
Yumishim yo‘q, boraveringiz.
Hasanali chiqdi. Qosh qorayib, qorong‘u tushayoz-g‘an edi. Havo bulut, achchig‘, sovuq yel to‘rt to-mong‘a yugurar, onda-sonda qor uchqunlarini quvlab ziriqtirar edi. Eruv vaqtida yarim beldan loy kechishka to‘g‘ri keladigan ko‘chalarning loyi qatqaloqlang‘an, shuning uchun yurguchi qiynalmas, aksincha ola-chalpoq qor pag‘alarini bosishdan vujudga kelgan oyoq ostidag‘i «g‘arch-g‘urch» tovushlari kishiga bir turlik kayf, musiqaviy yengillik berar edilar. Do‘konlar yopiq bo‘lsalar ham choyxonalar ochiq, kishilar o‘rtaga gulxan solib, choyxonachining bachchasini gohi o‘zlariga xon ko‘tarib va gohi «xon qizi» deb ham qo‘yadirlar. Xon saylag‘uchilar orasida yosh yigitlar bor bo‘lg‘anidek, katta sallalik mullanamolar, yetmish yoshliq keksalar ham ko‘rinadirlar... Qish kechalari juda uzun, shuning uchun choyxonalar obod; xalq lazzatlanib bachchaning tabarruklangan choyini ichadir, husniga tamosho qilib xudoning qudratiga hayron qoladilar...
Hasanali Ziyo shohichining tashqarisig‘a kelib kirdi-da, mehmonxona darichasiga qaradi. Daricha tirqishidan ko‘rilgan yorug‘liq mehmonxonada kishi borliqni bildirar edi. Hasanali tuzatinib oldi va ichkariga kirdi. Ziyo shohichi namoz o‘qumoqda bo‘lib, mehmonxona chet kishidan xoli edi. Bu tasodufdan Hasanali so‘yindi va Ziyo akaning namozni bitirishini kutib o‘lturdi. Ziyo shohichi yonig‘a salom berib joynamozdan orqasiga qarab qo‘ydi. Fotihaga qo‘l ko‘tardi. Fotihadan so‘ng kelib Hasanali bilan so‘rashdi:
Keling ota, tinchlikmi?
Shukur, tinchlik.
Tancha tevaragiga ulturishdilar. Bir muncha vaqt so‘zsiz edilar. Ziyo shohichi bu vaqtsiz tashrifka tushuna olmay «nima qilib yurasan?» degandek etib, bir necha qayta Hasanaliga qarab oldi.
Ajablanmangiz, boy aka, kelishimda bir majbu-riyat bor.
Sizni Otabek yubordimi?
Yo‘q, o‘zim keldim, boy aka.
Ziyo shohichi yana tushuna olmadi. To‘g‘risi ham Hasanalining bu kelishi Ziyo aka uchun yot bir ish edi. Chunki, Hasanali Otabekning quli. Qullar bilan jiddiy muomalada bo‘linmoq, ayniqsa Ziyo shohichilardek odamlarg‘a favqulodda bir ish. Buning ustiga majburiyat ostida o‘zicha kelishi...
Ziyo akaning boshi qotib oxirda so‘radi:
Majburiyatingiz? Hasanali kulimsirab oldi:
Majburiyatimni eshitsangiz, balki ishonmassiz.
Xo‘sh.
O‘zingizga ma’lumki, — dedi tuzuklanib Hasan-ali, — Marg‘ilon kelganimizga yigirma besh kun, bir oylar chamasi fursat o‘tdi. Shundan beri Otabek dard-mand.
Ziyo aka ajablangan edi:
Qanday dardmandlik, Otabek sog‘-ku?
To‘g‘ri aytasiz, — dedi Hasanali, — ammo men ham uning dardiga bir necha kunlab tushunmay yurgan edim.
Xo‘sh, dardi?
Muhabbat.
Muhabbat?
Muhabbat! — deb takrorladi Hasanali. — Shu yigirma besh kunlik bir muddatning ichida ul butunlay odamgarchilikdan chiqayozdi. Bu o‘rtada qanday tashvishlarga tushmadim, so‘rasangiz.
Kimga muhabbat qo‘yg‘an, xabaringiz bo‘ldimi?
Bo‘ldi. Qutidorning qizig‘a.
Ha, ha-a! — deb yubordi Ziyo aka va bir oz o‘ylang‘adan keyin so‘radi, — buni siz aniq bilasizmi?
Aniq bilaman.
O‘zi aytdimi?
O‘zi aytmasa ham shunga yaqinlashtirdi.
Otabek qizni qayerda ko‘rgan?
Afsuski, buni bila olmadim.
Hasanalining kelish majburiyati va nima uchun kelganligi Ziyo akaga yaxshi onglashildi ersa-da, yana shunday bo‘lsa ham so‘radi:
Endi nima qilmoqchisiz?
Huzuringizga kelishimning bosh sababi ham shundandir, — dedi Hasanali. — Bu to‘g‘rig‘a siz qanday yo‘llar ko‘rsatasiz va nima kengashlar berasiz, albatta shunga qarab bir ish qilamiz, deb xizmatingizga keldim.
Ziyo aka o‘ylab qoldi. Qiziq gap, deb bir-ikki qayta nos otib oldi. Bu orada Hasanali boshdan-oyoq hikoyani so‘zlab chiqdi.
Nozik gap, — dedi oxirda Ziyo aka, — agar biz Otabekni bu yerdan uylandirib qo‘ysak, hoji bizdan xafa bo‘lmasmikin?
Ko‘b yashang, boy aka. Qulingiz ham bu to‘g‘rida ko‘b o‘yladim. Xafa bo‘lsa nima chorakim, biz shu ishka majbur bo‘lg‘an bo‘lsaq. Shuning bilan birga Yusufbek hoji ham unchalik aqlsiz kishilardan emaski, bu gapka xafa bo‘lsa. Ammo men qutidor ko‘nadimi, yo‘qmi, deb bu tomonni o‘ylab turibman?
Ziyo aka yana o‘ylanib bosh qashindi:
Aytkaningizdek masalaning bu tarafi ham nozik,— dedi, — ammo qutidorning Otabekka qarashini yaxshi bilsam ham o‘rtada yirog‘liq masalasi bor... Qizimni musofirga bermayman, deb qo‘yarmikin, bilmadim...
Menimcha qutidorning oldidan bir yo‘li o‘tilsin,— dedi Hasanali, — agarda ko‘nib xo‘b desaku xayr, ko‘nmagan taqdirda bu xabarni Otabekka yetkuzsak, zora, shuning bilan ko‘ngli sovib tushsa.
Hasanalining bu so‘zi Ziyo akaga ham ma’qul bo‘lib tushdi:
Bo‘lmasa, qutidornikiga qachon borilsin, deysiz?
Bundagi ixtiyor sizdadir.
Ziyo aka o‘ylab turdi-da, yuziga kulgi chiqardi:
Hozir boramiz, — dedi, — biz ham umrda bir sovchiliq qilayliq. Ziyo aka kiyinish uchun qo‘zg‘algan edi. Hasanali undan so‘radi:
Manim ham birga borg‘anim ma’qulmi yoki yolg‘iz o‘zingiz? Ziyo aka qo‘l silkib:
Sizning borishingizdan zarar yo‘q, — dedi.
Do'stlaringiz bilan baham: |