XIYONAT
Qutidorning Toshkanddan yolg‘iz qaytib kelishi Kumushni ancha entikdirgan edi. Ammo Otabekka voqi’ bo‘lg‘an uzr masalasi bir qadar uni tinchitdi. Ishonar-ishonmas shubha va vasvasalardan bir oz aridi: «Ul meni unutmagan, va’dalari chin, so‘zlari to‘g‘ri... Ul ham meni suyar ekan...» deb burung‘i odati bilan gohi eri-ning yo‘lig‘a chiqib kutmakka ham boshladi.
Otasining kelishining sakkizinchi kuni edi. Ul bu kechasi ko‘rgan ba’zi bir tushlarini uning bu kun ke-lishiga yo‘ydi-da, ertalabdan turib sochlarini yeshdi. Sochlari orasidag‘i chigillarini diqqat bilan tarab, jom yonig‘a o‘lturdi. Uning nafis qora sochlari orqa-o‘ngiga to‘zg‘ib ajib bir manzara berdilar. Sochini qatiqlab va sovunlab yuvgach, onasidan ikkita qilib o‘rdirdi. Oftob oyimning: «Nega qirq kokil qilmaysan?» deb so‘rashig‘a: «Qizingiz endi qizlik davridan o‘tib, kelinlik davriga kirdi. Qizingizning mundan so‘ng kuyavingizdan boshqa sovchilari ham yo‘q», deb kuldi. Ammo bu ikki o‘rim soch qirq kokiliga qarag‘anda juda ham o‘ziga kelishib tushib, unga yana bir qayta ulug‘vorliq va oliyliq bag‘ishladilar. Sochini o‘rdirg‘andan keyin uyiga kirdi-da, ki-yimlar taxlangan toqcha yonig‘a to‘xtadi. Ravoqliq toqchada uning o‘n besh chamaliq asl ko‘ynaklari uyulgan edi. Sariq rupoh atlasini kiyishka chog‘lab ko‘rgan bo‘lsada, biroq ko‘ynakni olg‘an yerida bu fikridan qaytdi. Qizilni... ko‘kni... olma gullini... qisqasi qaysi birisini kiyishka taraddudlandi. Ko‘ynaklar ichida o‘ziga yarashmaydirg‘ani yo‘q: oq olma uchun bargi ham, guli ham bir... Uning o‘ziga sariq atlas xush kelsada, biroq hozir o‘z xohishini bir yoqqa qo‘yaturib Otabek ko‘nglicha kiyinishka qaror berdi. Chunki Otabek ko‘pincha qora ko‘ynak kiyishka qistar edi. Sovsar guli qora atlas ko‘ynagini kiyib, boshig‘a zangor shohi ro‘ymolini soldi va marvarid ko‘zlik kichkina oltun halqani qutidan olib qulog‘ig‘a taqdi. Shu soddagina yasanishdan so‘ng, ikkinchi toqchada tirog‘liq turg‘an ko‘zgi yonig‘a bordi. Ko‘zgi ichidan to‘zg‘ib, chuvalib ko‘ringan soch tolala-rini to‘g‘rilab o‘zini kuzatdi. Ko‘zgi ichidan ko‘ringan malak o‘z egasini ham kayflandirib sekingina iljayib qo‘ygan edi, narigi yoqdag‘i fitnai davron ham sadafdek oq tishlarini yoqut kabi irinlari orasidan ko‘rsatkandek bo‘ldi. Bu husnga otaliq vazifasini o‘tag‘andek ko‘ringan latif burni yonidag‘i qora xolini tabiiylig‘ig‘a ishonmag‘andek qashib ko‘rdi va ko‘zgi yonidan jo‘nadi. Jo‘nar ekan, «...chiroylik bo‘lsa ham menikidek xoli yo‘qdir», deb ko‘nglidan kechirdi.
Kechki olov vaqtida tashqari hovlisida u-buga ovora bo‘lib yurar edi. Bu kungi ko‘rgan tushi uni ortiq ishontirgan, shuning uchun To‘ybekaning tashqari havli-da qiladirg‘an yumishini ham o‘zi bajarmoqda, To‘ybekadan suv sepdirib o‘zi yer supurar ekan, quloq- lari yo‘lak tomondan eshitiladirgan oyoq tovushlarida edi.
Havlidagi ikir-chikir ishlarni tamomlag‘ach, ayvonning oldig‘a o‘lturib tuzatindi, tuzatinar ekan yo‘lakdan yurib kelmakda bo‘lg‘an bir oyoq tovshini eshitib yuragi nima uchundir oshiqinib-shopirinib ketdi. Oyoq tovshi ichkariga yaqinlag‘an sayin ul o‘zida titroq aralash bir hol sezar edi. Nihoyat, yo‘lakdagi oyoq tovshi tugalib, Kumush kutmagan joyda paranjilik bir xotin kelib chiqdi. Kumush uzoq bir entikib qo‘ydi.
Xotin Kumushka qarab kelar edi. Ul yerdan bichib olg‘andek pak-pakana, burni yuzi bilan barobar deyarlik tep-tekis, ko‘zi qoqqan qoziq o‘rnidek chup-chuqur, og‘zi qulog‘i bilan qoshiq solishar darajada juda katta, yuzi qirq yillik og‘riqlarnikidek sap-sariq, qirq
besh yoshlar chamasida bir xotin edi. Kumushbibi o‘ziga tomon kelguchi bu dahshatlik xotinni umrida birinchi martaba ko‘rar edi. «Nima qilib yuribti bu och arvoh!» deb o‘yladi. Xotin o‘n adimlab uzoqdan yuziga sovuq va tushda qo‘rqarliq bir kulgi tusi berdi. Dimog‘i bilan «qix» etib qo‘ydi.
Xi-xi-xi, aylanay sizdan, poshsha qiz! Mirzakarimboyning havlilari shumi? — deb so‘radi. Kumush «shu» javobini bergandan so‘ng o‘zi bilan ko‘rishmakchi bo‘lg‘an bu xotin oldig‘a ikki adim yurib tilar-tilamas yelkasini tutdi. Uning to‘g‘ri mavzun qomatiga yerdan bichib oling‘an mudhish xotinning qo‘llari zo‘rg‘a yetdi-da, «esonmisiz, poshsha qiz» deb so‘rashdi. Xotin paranjasi bilan ayvonning oldig‘a o‘lturib olg‘ach, «uff» deb chayqaldi va «ancha yo‘l ekan, tinkalarim qurib ketdi-ya?» deb shikoyatlandi.
Mirzakarimboyning havlilari aniq shumi?
Shu.
Siz kimlari bo‘lasiz boyning?
Men, qizlari.
Qix... sizga bersam ham bo‘lar ekan, — dedi xotin va yonchig‘idan bir xat chiqardi.
O‘g‘lim Toshkand bilan Marg‘ilon orasida qatnab oliq-sotiq qiladir. Bu gal Toshkanddan qaytishida birav unga shu xatni berib, Mirzakarimboyning havlilariga tez yetkuzib berasiz, deb iltimos qilibdir. Qix, xi-xi, aylanay sizdan poshsha qiz, qix... Maxtang‘uliq bo‘lmasin, o‘g‘lim ham o‘zimga o‘xshash biravning xizmati yo‘lida o‘lib qutiladir: bu kun tush vaqtida Toshkanddan keldi-da, onasi bilan so‘rashishni ham bilmay shu xatni qo‘limg‘a tutqizdi. «Jon ona, o‘zim yo‘lda juda urinib keldim, sanga adabsizlik bo‘lsa ham darrav Mirzakarimboynikini so‘rog‘lab shuni eltib ber, berguvchi tez berasiz deb o‘tingan edi», dedi. Men ham ko‘ngilchangman, aylanay poshsha qiz, kasaldan yaqinda turganim uchun bir qadam bosishg‘a toqatim bo‘lmasa ham savobdan quruq qolmayin, deb surgala-surgala havlingizni so‘rog‘lay-so‘rog‘lay topqunimcha o‘lib bo‘ldim... qix... — dedi. Kumush xatni xotinning qo‘lidan olib rahmat aytdi va xatning unvoniga ko‘z tashladi: «Marg‘ilon shahrida sokin Mirzakarim qutidor havlisig‘a».
Yanglishmabsiz, oyi.
Nega yanglishay aylanay sizdan, poshsha qiz. Ulug‘ dargohlaringizni ko‘chadagi har kim bilar ekan, — dedi xotin va yaltoqlanib o‘rnidan turdi. — Endi men ketaqolay, bolag‘inam yo‘ldan och kelib, bir qoshiq issiqqa zoriqib o‘lturgandir.
Ichkariga kiring, choy qaynatayliq.
Rahmat, poshsha qiz. Anchon icharmiz choy bo‘lsa... qix. Bir ko‘rgan bilish, ikki ko‘rgan tanish, deydirlar...
Kumushbibi xotinni ortiqcha qistab o‘lturmadida, yo‘lakkacha kuzatib bordi. Xotin yo‘lakka burilar ekan qayrilib to‘xtadi:
Bu dunyoda shunaqa hojat chiqarishlardan topqanmiz, agar Toshkandgami, Qo‘qong‘ami otan-gizning xat-patlari bo‘lsa o‘g‘lim bajonudil olib ketadi. Shu o‘rtalarg‘a kelib qolsam xabar olib o‘taymi? — deb so‘radi. Kumushning «yo‘q» deyishka og‘zi bormay «maylingiz, og‘ir kelmasa» deb javob berdi. Xotin yo‘lakka burildi. Kumush ayvon tomong‘a qaytar ekan oshiqib xatni ochti. Xat kichikroq qog‘ozda o‘lchavlik so‘zlardan iborat edi.
«Kumushbibi binti Mirzakarimboyga — zavji toshkandlik Otabek Yusufbek hoji o‘g‘lidan. Otangiz Toshkandda ekan vaqtida men bu ishni ochmoqqa og‘irsing‘an, to‘g‘risi uyalg‘an edim. Ma’lumingiz Toshkanddan uylanganimdan so‘ng yolg‘iz boshimg‘a ham Toshkanddan, ham Marg‘ilondan ikki xotin ushlab turish og‘irliq qila boshladi. Shuning uchun bu ikki xotinning birisidan kechishka to‘g‘ri kelib, nihoyat turmishim uchun yengil va orzumga muvofiq bo‘lg‘an bir narsaga qaror berdim. Ul ham toshkandlik xotinim bilangina qolib, sizni taloq qilish edi. Maktubni olg‘an kuningizdan boshlab o‘zingizni
mendan begona va nikohimdan tashqari hisoblasangiz bo‘ladir. Manim bu taloq xatimni albatta shariat peshvolari shar’iy hisoblab iddangiz bitish bilan sizga boshqa er qilmoqqa ixtiyor bersalar kerak. Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li.
Do'stlaringiz bilan baham: |