Afsus ekinzorni selob olibdur,
Dehqonni falokat bosub, uyquda qolibdur.
Musulmonlarning diliga ittifoq o’rniga nifoq, adolat o’rniga zulm, muhabbat o’rniga adovat, g’ayrat o’rniga atolat, muruvvat o’rniga g’azab, saxovat orniga buxl, tavozu’ o’rniga kibr, sadoqat o’rniga iftiro, shafqat o’rniga hasad, hilm o’rniga hamoqat, hurmat o’rniga xusumat, qanoat orniga tama, sabr o’rniga g’urur, iqtisod o’rniga isrof, afv o’rniga dahshat, sa’y o’rniga safohat, g’ayrat o’rniga xurofot yerlashdi. Mana, shul yomon xulqlari sababidin asri saodatdan buyon islomiyat keyin qarab ketdi. G’arib millatning chin xulafosi, ulamosi, hukamosi taxtindan, mansabindan mazhabindan suruldi. Odillar yerina zolimlar, olimlar yerina abu jahllar, bulbullar yerina qarg’alar, qumrilar yerina boyqushlar, bilmam va hokimlar yerina kimlar o’turdi. Shul sabablara mabni islomiyat dunyosi inqiroz sahrosina yuzlandi. Islom hukumatlarida birin-ketin ko’zdin nihon o’ldi.
Yetsa navbat o’lturar boyqush Sulaymon tomiga, O’rmaguchlar in qo’yar Afrosiyob ayvoniga.
SA’Y VA G’AYRAT
Sa’y va g’ayrat deb ustiga yuklangan ibodat va xizmatlarni harakat birla ado qilmakni aytilur. Shariat ham aql yuzasidan yalqovlik qilub, ishsiz, bekor yurmak durust emasdur. Zeroki, Qur ’oni karim bizlarni sa’y qilmoqg’a amr etmishdur. Dangasalik har vaqt insonni xor, tama balosiga giriftor qilur. Bir ishga mashg’ul bo’lgan kishilar vaqtning o’tganini bilmas, yalqov kishilar uchun bir soat o’tkarmak qiyomatdan qiyindur. G’ayrat vujudimizga quvvati mas’ud va baxtiyor bo’lishimizga sababdur. Shuning uchun har birimiz sa’y qilub, o’z kuchimiz ila maishatimizga kerak bo’lgan narsalarni topub, boshqalarga muhtoj bo’lmay rohat-rohat yashamoq lozimdur. Sihatimiz, saodatimiz, sarvatimiz, qanoatimiz, sabrimiz, fazilatimiz, alhosil, butun hayotimiz harakatimizga bog’lidur. Harakatlik kishilar tezgina maqsudlariga yeturlar. Yalqov kishilar har narsadan mahrum, doim boshqalarning yordamiga muhtoj bo’lub xorlikda qolurlar.
Kishi yosh vaqtida ilm va ma’rifat, hunar va san’atga bo’yin qo’ymasa, taraddud qilmasa, albatta, qora ishchi bo’lub qolur. Shariatga ters, qonunga zid bo’lmagan xizmatlarni qilmak ayb emasdur. Agar bunga ham bo’yin qo’ymay bu ko’mirchilik, bu temirchilik menga munosib ish emas deb, dangasalik qilub, ishsiz yursa, zo’r ayb, g’ayratsizlikdur. «Gayratlikdan imon qutilmas» degan masal bor. Bunga qaraganda dunyo va oxiratimiz uchun g’ayratni qo’ldan bermaslik lozimdur. G’ayrat imona, salobati vijdona dalolat etar. Hazrati Umar eshik oldida bekor o’tirgan bir kishini ko’rub: «G’ayratsiz kishilardan Xudo bezor, islomiyat g’ayrat ila rivoj topdi, sandek yalqov kishilardan islomiyat hazar qilur», – demishlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |