14
Dalalarimga vakil kelar bo‘ldi.
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
50
— Elburutdan vakilga pishirib qo‘yibdimi, — dedim. — Hali chigit ekib bo‘lmagan bo‘lsak.
— Endi, xo‘jaligimiz gullab-yashnaydi! — dedi raisimiz. — Rayon vakili o‘zimizdan bo‘ldi.
— Qani, eshitaylik, qani? — dedim.
— O‘rtoq Klara Xodjaevna rayon partiya komiteti uchinchi sekretari bo‘ldilar. Ayni vaqtda
xo‘jaligimizga vakila etib tayinlandilar.
— U kishi o‘zimizdanmi? — dedim.
— O‘zimizdan-da. Maktab direktori bor edi-ku, o‘sha direktorni qizlari-da.
— E, ha, bo‘ldi! — dedim. — Rahmatlik maktab di-ektorimizni farzandlari-da?
— Ha-a, kallangizdan! Ana o‘sha maktab direktorini qizlari!
— Rahmatlik maktab direktorimizni qizlari ko‘p edi, qaysi biri bo‘ldi?
— O‘rtoq Klara Xodjaevna! Roza Xodjaevna obkomda ishlayaptilar!
— Bo‘ldi-bo‘ldi, — dedim. — Egizaklar-a? Esladim-esladim.
Raisimiz shiypon oldini saranjom-sarishtaladi
.
— Eshaklar ko‘zdan panaga olinsin! — dedi. Dehqonlarimiz eshaklarini Jarariqqa boylab keldi.
Samad bobo qirchang‘i otini yetaklayotib edi, raisimiz o‘ng qo‘lini ko‘tardi.
— Ot tursin! Ot— madaniy hayvon! — dedi.
15
Shiyponimiz oldida mashinalar qator bo‘ldi.
Old mashinadan bir ayol tushdi.
Ayol kelishimli-kelishimli bo‘ldi. Ayol turmaksoch-turmaksoch bo‘ldi.
Ayol turmaksochlari qaldirg‘ochlarimiz uyasiday-uyasiday bo‘ldi.
Ayol shiyponimiz tevarak-boshiga qarab-qarab oldi.
— Normalno, normalno! — dedi.
Ayol qo‘l uzatib ko‘rishdi-ko‘rishdi — men bilan muqobil bo‘ldi.
Men ayolni qizim-qizim, deyin dedim — katta odamni qizim deyish uchun tilim bo‘lmadi.
Men ayol otiga xon yo g‘ul qo‘shib aytayin, dedim — farg‘onachi bo‘lmadim.
Bo‘ldim-bo‘ldim, surxoni bo‘ldim — baycha deyin-da.
— Qani, yo, bismillo! — deya qo‘shqo‘llab ko‘rishdim. — Omonginamisiz, Klarabaycha?
Vaqtiginangiz xushmi, Klarabaycha? O‘ynab-kulibgina yuribsizmi, Klarabaycha?..
— Nima-nima?
— Klarabaycha?
Ayol lab burdi. Ayol qosh kerdi.
— Baycha? Kakaya baycha? — dedi. — Men Klara Xodjaevnaman!
Men nima deyishimni bilmadim. Men ko‘z ostimdan raisimizga qaradim.
Raisimiz uzr so‘ra, deya qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ishora berdi.
Men darrov o‘ng qo‘limni ko‘ksimga qo‘ydim.
— Tavba qildim, — dedim.
Ayol ana shunda yuzimga tikilib qaradi!
Ayol sergaklandi. Ayol qizarib-bo‘zardi. Ayol... irgandi!
Ayol ko‘zlarini olib qochdi. Ayol dalalar uzra razm soldi. Ayol ohista-ohista bosh irg‘adi.
— O‘rtoq rais? —deya majnuntollar taraf yo‘l oldi.
Raisimiz labbaygo‘y bo‘lib-labbaygo‘y bo‘lib bordi.
Ayol majnuntollar ostida odimladi.
Raisimiz ayol ketrog‘ida odimladi. Ayol og‘ziga qarab-qarab odimladi.
Tag‘in, kattalar chaqirsa eshitmay qolmayin deya, majnuntollar ortidan borib turdim. Kattalar
yo‘talsa bo‘ldi — chopqillab boraman deya, qulog‘imni ding etib turdim.
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |