www.ziyouz.com kutubxonasi
73
ayollar, qul-cho‘ri, o‘g‘il-qizlar ko‘p edi. Qo‘llarida childirma chalib turishgan yosh joriya
qizlar ham bor edi. Payg‘ambarimizning qadamlariga quvonchlik qilib, shu quyidagi she’r
qo‘shig‘i o‘qilmoqda edi:
Talaal badru alayno
Min saniyyotil Vadoi
Vajabash shukru alayno
Modao lillohi doi,
Ayyuhal mab’usu fino
Je’ta bil amril mutoi.
Ma’nosi:
To‘lin oy chiqdi bizlarga Vado tog‘ining ustidin
Kerakdur shukrini aytmoq, bu dunyo boricha bizdin
Kelibsiz, xush kelibsiz, ey yubormish tangrining nuri
Qabul etmak erur bizdin, Xudo amri kelur sizdin.
Shuning bilan Rasululloh Madina shahridin to‘rt chaqirimcha uzoqlikda bo‘lgan Qubo
degan qishloqqa kelib, Bani Amr ibn Avf mahallasida Gulsum ibn Xadam degan kishi
uyiga tushdilar. Rabiul avval oyining o‘n ikkinchi, dushanba kuni edi. Misrlik Mahmud
posho Falakiyning hisobicha, milodiy tarixi bilan 20 sentyabr 622 yilida edi. Islom
dinining rivoji shu hijrat so‘ngida boshlanganicha, Hazrat Umar boshliq butun
sahobalarning ittifoqlari bilan, Islom tarixini shu hijratdin boshladilar. Oy ilgari bo‘lsa
ham, yil birligini e’tiborga oldilar. Payg‘ambarimizning Madinaga kelishlari rabiul avval
oyida bo‘lsa ham, hijrat tarixining boshi Muharram oyidan hisoblanadi. Payg‘ambarimiz
sallallohu alayhi vasallam hijrat qilmaslaridin ilgari o‘n uch yil Makkada turdilar. Bu
muddat ichida Payg‘ambarimiz boshliq butun musulmonlar Quraysh mushriklari
tomonidin qilingan siqindi (tazyiq) ostida turdilar. Erkinlik ila ibodat qilmoqlari u yerda
yasoq (cheklangan) edi. Bu qutlug‘ hijratdin so‘ngra butunlay ishlar o‘zgardi. Shuning
uchun din to‘g‘risida siqindi ko‘rganlarga o‘z joyidin hijrat qilmoqlik sunnat bo‘ldi. Diniy
hijratlar har yerning sharoitiga qarab farz bo‘lishi ham mumkindur. Bu yang‘liq hijrat
qilish yolg‘iz bizning Payg‘ambarimizga xos bo‘lmay, o‘tgan payg‘ambarlardin ham bir
nechalari o‘z el, o‘z yerlarida ishlari rivojlanmagan chog‘da, boshqa yoqqa hijrat qildilar.
Ibrohim alayhissalom Bobildin Shomga, Iso alayhissalom Shomdin Misrga hijrat
qilganlari tarix kitoblaridan ma’lumdur. Yana, Baytullohni aylanib, tavof qilgan
hojilarning oyoq ostilarida ko‘milgan to‘rt yuz payg‘ambar borligi hadisda rivoyat qilinur.
Shu zotlarning barchalari o‘z qavmlaridin kulfat ko‘rib kelganlarida shak yo‘qdur. Yana
shuni bilmak kerakkim, Rasululloh o‘n uch yil Makkada turgan kunlarida diniy
e’tiqodlardin ikki ulug‘ asosni xalqqa o‘rgatdilar.
Birinchisi — tamom olamni yaratguvchi — qudrati ulug‘ yolg‘iz Tangridur va uning oti
arabcha Alloh-dur. Sifati «Laysa kamislihi shay» ( ) erur. Ya’ni: «O‘xshashi, tengdoshi
yo‘qdur. Arshdin — farshgacha, zarradin — quyoshgacha, tamomi olamda, har joyda va
har narsaki bo‘lur bo‘lsa, hech qachonda, ularning hech birisi Allohdin iznsiz,
Parvardigordin ruxsatsiz bo‘lishi mumkin emas», deb aniq ishonmakdur. Shu aytilmish
narsalarning barisiga shaksiz, chin ko‘ngli bilan e’tiqod qilmakdur. Mana, Islomning asli
asosi, ulug‘ ildizi shuldur. Misoli bir daraxtdurki, buning yetmish necha shox-butoqlari
bordur. Shariat buyurgan farz ishlar — bu daraxtning ulug‘ shoxlaridur. Bundin kichiklari
— vojiblardur. Undin ham kichikroqlari bo‘lsa, sunnatlaridur. Sharm-hayo, iymon
daraxtning ko‘rkamlik katta shoxlarining birisidur. Shuning uchun Payg‘ambarimiz:
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |