Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
www.ziyouz.com kutubxonasi
336
safar qildi. U joyda ham yahud, nasoro olimlari bilan ko‘rishib Tavrot, Injilda aytilmish
oxirzamon payg‘ambarining sifatlarini ulardan ham aniqlab angladi. So‘ngra u yerdan
yana Madinaga qaytib kelib, rohiblik havasiga tushdi. Riyozat qilib, jonlik narsalardan
chiqqan ovqatni yemasdan, ulardan parhez qilib, egniga janda kiyib, toat-ibodat qilishga
kirishdi. Shuning uchun buni arablar Abu Omir Rohib der edilar.
Aslida esa rohib deb, nasoro dinida er bo‘lsa xotun olmay, xotun bo‘lsa erga tegmay,
jonlik hayvonlardan chiqqan ovqatlarni yemay, tarki dunyo qilib so‘fiylik qilgan kishini
ayturlar. Bu ham shu yo‘lni tutganlardan edi. Ammo arablarga o‘zini Ibrohim Halilulloh
dinini tutgandek ko‘rsatur edi. Oxirzamon payg‘ambarining hijrat qilib kelar joyi Madina
degan so‘zni Shom olimlaridan anglab, bu ish qachon bo‘lur ekan deb qizg‘inlik bilan
kutmoqda edi. Shu orada Payg‘ambarimiz ham Islom tug‘ini ko‘tarib Makkadan chiqdilar.
Bu xabar butun Arabistonga tarqaldi. Kecha-kunduz shu ishni kutmoqda bo‘lgan Abu
Omir, o‘n uch yil ichida biror yo‘l bo‘lsa ham Makkaga borib Rasululloh bilan
ko‘rishmoqni tilamadi. Yo‘q esa, bu ishni bilish uchun safar mashaqqatlarini chekib,
Shom viloyatiga ham borgan edi.
Bu muddat o‘tgandan so‘ngra Rasululloh Makkadan Madinaga hijrat qilib keldilar ersa,
shu kundan boshlab uning hasadi qo‘zg‘alib kundan-kunga dushmanligi ko‘paygali turdi.
Bir kuni ul Rasululloh qoshlariga kelib:
— Ey Muhammad, qanday din keltirding? — dedi.
Anda Rasululloh:
— Haq din keltirdim, — dedilar ersa:
— Yo‘q, sen uni boshqasiga aralashtirding, — dedi.
Rasululloh:
— YOlg‘on aytursan, menim keltirganim yoruq, yumshoq, arig‘ (toza) dindur. Yahud,
nasoro olimlaridan eshitgan so‘zlaring qayerda qoldi? Alar ersa menim sifatlarimni senga
aniqlab aytmish edilar, — dedilar.
Anda ul:
— Ular aytgan oxirzamon payg‘ambari sen emasdursan, — dedi. Payg‘ambarimiz:
— Bu so‘zing yolg‘ondur, ochiq yolg‘on aytding, — dedilar.
— Kim yolg‘onchi bo‘lsa, el-yurtidan chiqib, yolg‘iz qolib, sarsonlikda o‘lsin, — dedi rohib.
Payg‘ambarimiz ham:
— Iloho, shundog‘ bo‘lsin, — dedilar.
Bu so‘zdan uning maqsadi ersa Rasulullohga tekkizib, sen Madinaga shundog‘ bo‘lib
kelgansan, demoqchi edi. So‘ngra ul o‘z yurti Madinani tashlab Makkaga ko‘chib borib,
mushriklarga qo‘shildi. U yerda turganda Rasulullohga qarshi qo‘lidan kelgan yomonligini
qildi.
Hijratning sakkizinchi yili Makka fath bo‘lgach, qochib, Toyifga bordi. Toyifni qamal
qildilar. Ko‘p o‘tmay, ular ham iymon keltirishdi. U yerga ham sig‘may qolib, Shomga
qarab qochdi. Eng oxiri, bola-chaqalaridan ham ajrab, Payg‘ambarimiz aytganlaridek,
tentirab yurib o‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: