www.ziyouz.com kutubxonasi
385
hokimiyatiga birinchi qadamdayoq vatanlari, dinlari, o‘zlari qurbon bo‘ldi. Sharqiy
Turkistonni Xitoy bosqinchilari bosib olib, yerlik musulmonlarni insonlik huquqlaridan
butunlay ajratdilar. Shu kunlarda esa shu yalmog‘izlarga bosqin bo‘lib, alarni yeb-yutib,
singdirish darajasiga olib kelib qo‘ydilar. Qur’onning xati, Islomning nomigina qoladi,
degan Rasulullohning so‘zlaricha shu kungacha uzilmay kelayotgan Islomning quruq
nomi ham endi unutilishga yaqinlashdi. Mana shunday og‘ir bir davrda men bu qutlug‘
kitobni yozishga kirishdim.
Tarix hijratning 1380 yili 26 ramazon oyida «Kohota» mahallasida bu kitobni oqqa
ko‘chirdim. Muning ustida jon hovuchlab yurib, qo‘rqinchlik bilan ko‘p yillar o‘tkazdim.
Allohning yordami, Rasulullohning sharofatlari bo‘lib, oxiri shu tilagimga yetdim.
Kishilar:
— Endi zamona ishlari shunday bo‘lsa, sening bu kitobingni kimlar o‘qib, kim bunga
qiziqadi? Buning bozori qachonlardan beri kasod bo‘lib, do‘konlari buzilmish edi. Bu so‘z
gavhariga endi kim haridorchilik qiladi? — desalar, alarga javob ushbu hadisi sharifdur:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Islom dini dastlabda g‘ariblik bilan boshlandi, eng keyin yana g‘ariblikka qaytadi. Shu
g‘ariblikka tushgan dinlarini tashlamay kutgan o‘sha zamondagi g‘arib mo‘minlar menim
qanday yaxshi ummatlarimdur! Din g‘arib bo‘lib, shariati tashlangan kunlarda kim
mening sunnatimga qattiq yopishib, olov changallagandek qiynalsa ham undan ajramay
dunyodan o‘tsa, Alloh taolo unday mo‘minga yuz shahidning savobini ato qiladir, — deb
marhamat qildilar».
Yana Rasululloh aytdilar:
— Menim bir toifa ummatim bordurkim, qiyomat bo‘lguncha ham haq yo‘ldan
adashmaydilar.
Mana bu hadislar «Sahih Buxoriy»da va boshqa hadis kitoblarida ham bordur. Shu
mazmunda kelgan yana boshqa hadislar ham ko‘pdur. Hadislarning mazmunlaricha,
Hazrati Iso alayhissalom osmondan tushib, Dajjolni o‘ldirganlaridan so‘ngra yana qirq yil
umr ko‘rgaylar. O‘sha zamonda butun dunyo xalqi Islom diniga kirgay. Iso alayhissalom
Qur’on hukmini butun Yer yuziga yurgizgaylar. Bu zot vafot topgandan so‘ngra yana
olamni kufr qorong‘ilig‘i bosgay. Ana shu chog‘da ham Baytullohni musulmonlar tavof
qilishar ekan.
Hadislardan ma’lum bo‘lurkim, din har qancha zaiflashib yer ustida Islom hukumati
qolmasa ham, lekin haqiqatdan adashmaydirgan bir toifa ummatlari qiyomatgacha Yer
ustidan uzilmas ekanlar. Endi men ham o‘zimni haq yo‘ldan adashmaydigan shu
mo‘minlar qatoriga qo‘shdim. Shuning uchun men bu kitobimni Rasulullohning shu toifa
ummatlariga atab yozdim. Mening bu kitobimni, inshaalloh, shular o‘qib, foydalanib,
bahra oladilar, deb Allohdan umid qildim.
Ey mehribon Rabbim! Sen rozi bo‘lg‘udek, Payg‘ambaring yaxshi ko‘rgudek haq yo‘lda
jonbozlik qilmoqchi edim. Taqdirga to‘g‘ri kelmagach, u tilagim qo‘lga kelmadi. Bu haqda
qilgan bandachilik gunohlarim uchun o‘zingdan afv o‘tinadurman.
Ey ulug‘ tangrim! Endi ersa yoshim yetmish uchdan o‘tdi, yoshligim g‘aflat bila qo‘ldan
ketdi, sening dargohingga borar chog‘im yaqinlashdi. Habibing Muhammadning
shafoatidan, O‘zingning cheksiz rahmatingdan boshqa mening panohim yo‘qdur.
Ey Rabbim, mening farzandlarimni va mendan tarqalgan nasllarimni haq yo‘ldan
adashtirmagil. Bu kitobni o‘qib, bunga amal qilgan mo‘minlarni Havzi Kavsar suvidan
qondirib, Rasululloh shafoatlarini alarga nasib qilgil. Ma’lumdurkim, shu kungi davrda
dinsizlik ofati butun dunyoga tarqaldi. Muning eng qattiq zarbasi biz yerlik xalq —
O‘zbekiston va Sharqiy Turkiston musulmonlari ustlariga tushdi. Baxti qochgan bechora
xalqimiz haqiqiy islomiyatdan ko‘p yil ilgariyoq ajragan edilar. Shuning natijasidurki,
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |