www.ziyouz.com kutubxonasi
371
namozdan qoldirdi. Alloh ularning qorinlarini, qabrlarini o‘tga to‘lg‘azsin», deb
qarg‘adilar. Bu g‘azablari ersa o‘zlari uchun emas, balki Xudo uchun edi. Ammo boshlari
yorilib, tishlarining sinishi o‘z haqlari bo‘lgani uchun uni afv qildilar.
Shuni ham bilmoq kerakkim, har bir insonning yetmish uchta yaxshi qilig‘i bo‘lib,
bularga qarshi yana shuncha yomon qilig‘i ham bordur. Farishta, aql, din — bu uch
narsa insonni doim yaxshilik tomoniga tortadilar. Nafs, shayton, kufr — bular esa doim
uni yomonlikka boshlaydi. Mo‘min odam doim shu ikki tortishuv orasida turganlikdan
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam buni «ulug‘ jihod» deb atadilar. Qachonki
mo‘min banda bu jihod maydonida g‘alaba qozonib, yetmish uch yomon fe’llarini o‘zidan
chiqarib tashlab, ulardan ko‘nglini xoli qilsa, ular o‘rniga yetmish uch yaxshi xislatlarni
o‘rnata olsa, u odamning iymoni komil bo‘la oladi. Inson shul maqomga yetdi ersa,
avliyolikning birinchi darajasiga qadam qo‘ygan bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam halimliklari shu sifatning eng oliy darajasiga yetgan
edi. Shundoqki, Rasululloh Zayd ibn Sa’nah degan madinalik yahudiyga xurmo
bermoqchi bo‘lib undan pul oldilar. Bir necha kunga muhlat bergan edi. Va’dasi to‘lmay
turib yahudiy xurmo so‘rab keldi. Rasulullohning yoqalaridan ushlab:
— Ey Muhammad, haqimni shu choqqacha nega bermaysan? Hoshimiylar muomalasi
yaxshi emas deb eshitgan edim, to‘g‘ri ekandur, — dedi:
Hazrati Abu Bakr Siddiq boshliq barcha ulug‘ sahobalar shu yerda edilar. Hazrati
Umarning g‘azablari kelib:
— Ey Xudo dushmani, sizlar bilan o‘rtamizdagi ahdnomaning buzilishidan qo‘rqmasam
edi, boshingni hozir kesib tashlar edim, — deb qilichiga qo‘l sundi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulimsirab:
— Ey Umar, bu ikkovimizga aytish uchun mundin yaxshiroq so‘z bor edi. Meni yaxshi
muomala qilib berishga va uni yaxshi gapirib olishga buyurgil. Va’damizga uch-to‘rt kun
bor edi. Endi, ey Umar, muning haqqini sen berib tugatgil. Uni qo‘rqitganing uchun
yigirma so’ oshiqcha xurmo qo‘shib ber, — deb buyurdilar.
Bu so‘zni eshitgach, yahudiy hayron bo‘lib:
— Ey Muhammad, Tavrot, Injilda oxirzamon payg‘ambari sifatlarini o‘qib edim, ularning
hammasi senga to‘g‘ri kelgan edi. Sinalmagan yolg‘iz shu ish qolmish edikim, kitobda
deyilmishdur: «O‘zi uchun g‘azabi kelmagay». Endi buni ham sinab ko‘rdim. Sening
oxirzamon payg‘ambari ekanligingda hech qanday shubha qolmadi, — deb shu vaqtda
darhol iymon keltirdi.
Yana Anas ibn Molik rivoyat qilib aytdi:
Bir kuni Rasululloh bilan birga borayotib edik. Bir a’robiy ketimizdan kelib,
Rasulullohning yoqalaridan tutib qattiq tortdi. Uning silkib tortganidan bo‘yinlaridagi rido
chetlari botib, izlari tushdi. So‘ngra ul a’robiy:
— Ey Muhammad! Ikki tuya yuki menga don bergil, uni o‘z molingdan yoki otangdan
qolgan moldan so‘ramayman. Zakot, sadaqaga yig‘ilgan xudoning molidan so‘rayman, —
dedi.
Rasululloh unga kulib:
— To‘g‘ri aytursan, mendagi mollar hammasi Xudoning molidur. Men Xudoning quli
erurman, biroq sen qilgandek men ham sening yoqangdan tutib, silkib qasosimni
olurman, — dedilar ersa,
A’robiy aytdi:
— Men bilurman, sen bunday ish qilmagaysan, yomonlik qilgan kishilarga yaxshilik
qilgaysan.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga bir tuya xurmo, yana bir tuya arpa
berishga buyurdilar.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |