Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
www.ziyouz.com kutubxonasi
295
Kinda qabila boshchilaridan sakson kishi saylanib elchilikka keldilar. Bularning raislari
ersa Ash’as ibn Qays degan kishi edi. YOshi kichik bo‘lsa ham aqli, axloqi bo‘lganlikdan
mundog‘ oliy riyosatga ega bo‘ldi. Rasululloh huzurlariga kirish oldida o‘zlariga ziynat
berishib, soch-soqollarini taradilar. Ipaklik kiyimlar kiyishib, so‘ngra
Rasululloh
huzurlariga kirishdilar.
Islomdan ilgarigi arablar odatlaricha Rasulullohga ko‘zlari tushishi bilan «Abaytalla’n»
deb salom berishdi. Johiliyat zamonidagi arablar podsholari oldiga kirishganda shunday
salom berishur edi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Men podsho emas, Abdulloh o‘g‘li Muhammad Abul Qosim erurman, — dedilar.
So‘ngra ular:
— Ey Abul Qosim, biz seni sinamoq uchun ko‘nglimizda bir narsa yashirib keldik. Agar
sen payg‘ambar bo‘lsang,
shu yashirgan narsamiz nimadur, topgil, — dedilar.
Bu yashirganlari ersa, saryoqqa ko‘mgan chigirtka ko‘zi erdi. Arablar g‘aybdan
gapiruvchi kohinlarini shunday qilib sinar edilar.
Anda Rasululloh:
— Subhonalloh, munday ishlar kohinlarga qilinur edi. Kohinlar, folchilarga
ishonuvchilarga Alloh taolo do‘zaxda
azob bergay, — dedilar.
Anda ular aytdi:
— Andog‘ ersa sizning payg‘ambarligingizni qaydan bilurmiz?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yerdan bir changal mayda tosh olib:
— Mana bular menim payg‘ambarligimga guvohlik berurlar, — deyishlari bilan mayda
toshlar tilga kirib, tasbeh aytgali turishdi. «Subhonalloh» sadosini ko‘targan toshlar
tovushini
elchilar eshitgach, barchalari shahodat aytishib iymon keltirdilar.
Alar:
— Endi aniq bildik, siz Allohning haq Payg‘ambari ekansiz, — dedilar ersa, Rasululloh
aytdilar:
— Meni Alloh taolo butun dunYo xalqiga elchi qilib yubordi, O‘zini tanitgali,
Islom dinini
yer ustiga tarqatgali keldim. Yana Alloh taolo Qur’on otliq menga bir kitob yubordi, uni
olam ahliga o‘rgatgali meni yubordi. Bu kitobning oldi-orqasi, osti-usti butunlay haqliq
bilan o‘ralmishdur, — dedilar.
So‘ngra ular Rasulullohdan Qur’on so‘zini anglagach, besh-o‘n oyat undan o‘qib
berishlarini so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Vas-saffoti
surasini boshlab
tilovat qildilar. «Varabbul-mashoriq» oyatiga kelganlarida to‘xtab qoldilar, muborak
ko‘zlaridan yosh oqqali turdi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Muni ko‘rishib ular:
— Yo Rasululloh, sizni yubormish Rabbingizning qo‘rqinchisidan yig‘laydursizmi? —
dedilar.
Anda Rasululloh:
— Ha, shundoqdur. Bir to‘g‘ri yo‘l uzra turg‘izib, xalqqa meni payg‘ambar qildi.
Qilich
damida tururman, qilchalik bu yo‘ldan chetga chekinsam, halok bo‘lurman, — dedilar.
So‘ngra bularning raislari Ash’as ibn Qaysdan:
— Necha o‘g‘ling bor? — deb so‘radilar.
— Yo Rasulalloh, shu safar yo‘lga chiqayotganimda yangidan bir o‘g‘il tug‘ildi. Yetti
o‘g‘lim bo‘lsa edi, koshki, — dedi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
— «Innahum lamujbinatun mubqilatun muhzinatun
va innahum qurratul-ayni va
samaratul fuodi», ya’ni «Bolalar botir otalarni qo‘rqoq qilurlar. Saxiy otalarni baxil
qilurlar. Quvonchlik otalarni qayg‘ulik qilurlar. Shundog‘ bo‘lsalar ham ko‘zlar quvonchisi,
ko‘ngillar mevasi erurlar».