www.ziyouz.com kutubxonasi
273
yetsa edi, hozirdayoq iymon keltirgan bo‘lur edim.
Endi shu ishni qilur bo‘lsam, podshohligimni olib, o‘zimni o‘ldirgaylar. Koshki u kishi
oldiga salomat yeta olsam, tahorat suvi quyib, oyoqlarini yuvgay edim,— dedi.
Ammo Rum podshosi ochiq ravishda iymon keltirishga jur’at qila olmadi. So‘ngra nomani
olib o‘qimoqqa buyurdi. Bu noma esa shunday yozilmish edi:
Bismillohir rahmanir rohiym.
«Min Muhammadin Abdilloh va rasulihi ila Xiraqla aziymir Rum. Salomun ala manit-
taba’al Xudo. Ammo ba’du fainniy ad’uka bidi’ayatil islom. Aslim taslam. Yu’tikallohu
ajraka marratayni. Fain tavallayta fainnama a’layka ismul arisiyyina. Va ya ahlal Kitobi
ta’alav ila kalimatin savain baynana va baynakum alla na’buda illalloha vala nushrika
bihi shay’an vala yattaxiza ba’zuna ba’zan arbaban min dunillahi, fain tavallav
faqulushhadu bianna muslimuna».
Ma’nosi: «Allohning quli va aning payg‘ambari Muhammaddan Rumning ulug‘ Hiraqliga,
haq yo‘l topganlarga salom. Mundin so‘ngra shulki, men seni Islom dinini qabul qilmoqqa
chaqiraman. Musulmon bo‘l, salomat bo‘lursan. Ikki qavat ajr olursan. Agar qabul qilmas
ekansan, senga qarashlik butun xalqning gunohi ustingga tushadi.
Ey Kitob ahllari, kelinglar, bu yaxshi so‘zga, Allohdan o‘zgaga ibodat qilmaylik. Boshqa
narsani unga sherik etmaylik, Allohdan o‘zgani tangri deb tanimaylik. Agar bu so‘zdan
yuz o‘girsanglar, guvoh bo‘linglar, bizlar Islom dinini qabul qildik».
Qaysar tarjimoni bu muborak nomani boshlab o‘qigan chog‘da, uning inisi oldida qilich
tutib turgan edi. Birdaniga uning g‘azabi qo‘zg‘alib, nomani yirtib tashlamoqqa qo‘l soldi.
Tarjimon qo‘lidan nomani tortib olib, yirtmoqchi bo‘ldi. Qaysar inisini bu ishdan qaytarib
to‘xtatdi. So‘ngra:
— Nega sening g‘azabing keldi? — deb undan so‘radi.
Anda ul aytdi:
— Birinchisi shuldirki, ul kishi o‘z nomini sening nomingdan ilgari yozmishdir. Ikkinchisi
ersa, Hiraql deb otingni aytib, Rum podshosi demabdur.
Anda Hiraql:
— Hoy majnun, ahmoq! Shundoq ahamiyatlik nomani o‘qib tushunmasdan turib, yirtib
tashlar ersang, holing na bo‘lgay erdi? Bu so‘zda g‘azab qilg‘udek ish yo‘qdur. Agar ul
Xudo tarafidan yuborilmish payg‘ambar bo‘lsa, otini oldin yozmoqqa haqlidur. Agar
nomada meni Rum podshosi demagan bo‘lsa, yana to‘g‘ri yozmishdir. Chunki barchaning
podshosi alarni yaratguvchi bir Allohdir. Men ersam, Rum xalqining boshchisi erurman.
Alloh xohlar ekan, alarni menga bo‘ysundirur. Agar xohlamasa, butun xalq menga qarshi
chiqqaylar. Fors xalqining podshosiga xalqni musallat qilgan edi, o‘z podshosini
o‘ldirdilar. Agar menga ham alarni Alloh musallat qilsa, o‘z fuqarolarim meni ham
o‘ldirgaylar, — deb shu yanglig‘ so‘zlar bilan inisini qaytardi.
So‘ngra o‘z qavmiga qarab aytdi:
— Barchalaringiz bilurmisiz, qiyomat oldida oxirzamon payg‘ambari chiqqay deb, Iso
alayhissalom bashorat bermish edi. Bu so‘z ersa muqaddas kitoblarimizda yozilmishdir.
Bu payg‘ambar Shom tuprog‘idan chiqqaymu deb umid qilgan edik, nachoradurki, Alloh
taolo bu davlatni boshqalarga bermishdur.
Rasululloh zamonlarida Rum bilan Eron orasida ikki marta urush bo‘ldi. Birinchisida
rumliklar yengishib, ikkinchisida eroniylar yengdilar. Rum tuprog‘idan alarni haydab
chiqazdilar. Mana shuning shukronasi uchun Quddussharifni piyoda borib ziyorat
qilg‘ayman deb ahd qildi. Shu ahdiga vafo qilmoq uchun Hims shahridan chiqmoqchi
bo‘ldi. Ora yo‘lga gilamlar to‘shab, guli rayhonlar sochib ani ziynatladilar. Qaysar davlat
arboblari bilan piyoda yurganicha Quddus shahriga yetdi. Ziyoratlari ado topgach,
barchalari yana Hims shahriga keldi. Bu joyda Qaysarning ulug‘ bir saroyi bor edi. Davlat
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |