www.ziyouz.com kutubxonasi
244
chiqqan keyingi askar boshliqlariga ulug‘ esdalik bo‘lib qoldi.
Bu ishning ko‘rinishidagi sababi shu erdikim, Makkadan qo‘shilgan mushriklar, o‘lja
poylab kelgan ko‘chmanchi badaviylar, hali iymon ko‘ngillarida o‘rnashib yetmagan yangi
musulmonlar — mana shunga o‘xshash turlik kishilardan Islom qo‘shini tuzilmish edi.
Bunday kishilar oldida Islomning yengishi yoki yengilishi baribir edi. Shuning uchun
dushmanga birinchi to‘qnashishdayoq haligi aytilgan kishilar eng birinchilar qatoriga
tushib qochgali turdilar. Agar allohdan yordam yetmagan bo‘lsa edi, ish musulmonlar
zarariga og‘ib ketishiga ozgina qolib edi. Mana shu chekinishning ko‘rinishdagi
sababidur. Ammo bu ishning asosiy sababi ersa, sahobalardan ba’zi birlari Makkadin
qo‘shin qo‘zg‘alib bularning ya’ni Islom askarining ko‘pligini ko‘rib ajablanganlaridan
aytmish edi:
— Yo Rasulalloh, bizlar endi ko‘paydik. Bundan keyin dushmandan yengilmaymiz.
Bu so‘zni Hazrati Abu Bakr Siddiq aytdi, degan rivoyat ham bor.
Rasululloh buni anglagach, yaxshi ko‘rmay aytguvchidan yuz o‘girdilar. Ya’ni bu so‘zni
yoqtirmadilar. So‘ngra Rasulullohni tasdiqlab bu haqda shu oyat nozil bo‘ldi:
«Va yavma Hunaynin iz a’jabatkum kasratukum falam tug‘ni ankum shay’an». Ya’ni,
«Hunayn urushida ko‘pchilik bo‘lganlaringga ishondinglar, u ersa sizlarga foyda
bermadi».
Ikkinchi bir oyat-da:
«Va man-nasru illa min indillahi». Ya’ni «Haqiqatda esa urushda nusrat topish Allohdin
bo‘lur».
Har bir musulmon kishiga shundoq deb ishonmoq farzdur. Ayniqsa, Payg‘ambar
sahobalarigakim, ular Rasulullohni ko‘zlari bilan ko‘rmishlar, erta-kechda vahiy
kelganlarini bilib turadilar.
Dushmanni yengmoq, urush yutuqlariga ega bo‘lmoqning sharoitlari to‘liq topilgan
taqdirda ham musulmonlar nusratni Allohdan tilamaklari lozimdur. Mana Hunayn voqeasi
bu ishning haqiqatini ochiq isbot qildi. Yo‘q ersa, shu zamon talabiga muvofiq urush
asboblari ham yetarli edi. Alloh yordami bir oz kechikib edi, askar ko‘pligiga qaramay,
xiyol o‘tmay dushmanlaridan zarba yedilar.
Qur’onning aytishicha, Payg‘ambarimizning ko‘rsatishlaricha, har bir musulmon kishi
dunyoda bir ish qilmoqchi bo‘lur ekan, eng avval butun imkoniyat boricha har
zamonning o‘ziga yarasha ul ishning butun asbob-sharoitlarini to‘liq qo‘lga keltirmak
kerakdur. Agar to‘qson to‘qqizini qilib, imkoniyat bo‘laturib birini qilmay qoldirsa, ish
asbobini to‘liq qilmagan bo‘lur. Buning so‘ngida Allohga tavakkalni to‘liq qilib, har ishni
haqiqatda bo‘ldirguvchi yolg‘iz bir Alloh deb ishonmoq lozimdur. Mo’min bandalarning
barchasiga buyurilgan Qur’on hukmi shuldur. Nima ish qilur bo‘lsalar, avval butun
sabablarini qilib bo‘lib, so‘nggida Tangriga tavakkal qilmoq, aning bo‘lish-bo‘lmasligi
Xudo hukmidadur, deb bilmoq har bir musulmon kishiga farzdur. Lekin asbobsiz ish
sharoitini bajarmay turib, quruq tavakkal qilishga hech vaqt shariat buyurmaydi.
Tavakkalsiz yolg‘iz asbobning o‘zigagina ishonmoq bu ham Islomiyatga to‘g‘ri kelmaydi.
Eng to‘g‘ri to‘xtalgan e’tiqod shuldurki, bir ishning butun asbob-anjomlarini tamoman
tayyorlagan bo‘lsa ham shu ish yuzaga chiqishini Xudo xohlasa bo‘lgay, xohlamasa
yuzaga chiqmagay. Xudo xohlamagan narsani hech kimarsa bo‘ldira olmagay, deb
e’tiqod qilmoq har bir musulmonga farzdur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shundoq bo‘lib, mushriklar butunlay yengilgandan keyin,
ulardan ajali yetmagani bo‘lsa qochib qutuldi. O‘limdan qutulib qo‘lga tushganlari asir
olindi. Urush ishi butunlay to‘xtalgandan so‘ngra o‘lja olgan mollarni yig‘moqqa
buyurdilar. Yigirma olti ming tuya, qirq mingdan ko‘proq qo‘y-echki, to‘rt ming uqiya
kumush o‘ljaga tushib, olti mingdan ortiq xotun-bola asir olingan edi.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |