www.ziyouz.com kutubxonasi
235
Alarning so‘zlari tamom bo‘lishi bilan ularning ustiga Rasululloh keldilar va:
— Shu hozirda aytgan so‘zlaringizni Alloh menga bildirdi, — deb alarning aytgan
so‘zlarini o‘zlariga aytib berdilar.
Buni eshitgach, Horis ibn Hishom, Atob ibn Usayd:
— Biz endi aniq ishondik, bu kishi payg‘ambar ekandur, yo‘q ersa, Allohdan o‘zga unga
xabarni kim yetkazdi? Og‘zimizdan chiqishi bilan aytgan so‘zimizni qaytarib berdi, —
deyishib, har ikkovi ham musulmon bo‘ldi.
Makka fath bo‘lgan kuni madinalik ansor sahobalar o‘ltirishib, o‘zaro shundoq so‘zlashur
edilar:
— Rasululloh endi o‘z el-yurtlariga, qavmu-qarindoshlarining ichiga keldilar. Bu yer esa
o‘z vatanlari, tug‘ilib o‘sgan joylaridur. Endi shu yerda turishga ko‘ngillari moyil bo‘lib
qolsa, qanday qilgaymiz? — deb qayg‘urishdilar.
Rasululloh buni sezib, ularga qarab:
— Nimalarni so‘zlashayotirsiz? — deb so‘radilar.
— Hech so‘z aytmadik, Yo Rasulalloh, — deb yashirgan bo‘lsalar ham, yo‘q aytinglar,
deb qistaganlaridan keyin, u so‘zni aytishga majbur bo‘ldilar. Anda Rasululloh sollallohu
alayhi vasallam:
— Alloh saqlasin, o‘lsak-tirilsak bir yerda bo‘lurmiz, bir-birimizdan ajrashmoq yo‘qdur, —
dedilar.
Bu so‘zni anglashlari bilan madinalik butun sahobalarning yuzlari kulib, ko‘ngillari
quvondi. Rasulullohdan ajrab qolgaymizmi, degan gumonlari ko‘ngillaridan chiqdi.
Yana shu kuni Rasululloh Baytullohni tavof qilib yurgan chog‘larida Fuzola ibn Umayr
degan kishi ham Baytullohni tavof qilmoqchi bo‘lib, Payg‘ambarimiz yonlarida ergashib
yurdi. Tavof ichida niyati buzilib, Rasulullohni o‘ldirishga qasd qilib, yaqinlashib keldi.
Rasululloh unga qarab aytdilar:
— Ey Fuzola, shu hozirda sen nimani o‘ylab turibsan?
Anda ul aytdi:
— Hech narsani o‘ylaganim yo‘qdir, Yo Rasulalloh. Allohni yod qilib zikr ayturman.
Rasululloh buning so‘ziga kuldilar. So‘ngra:
— Ey Fuzalo, tavba qil, istig‘for aytgil, — deb uning ko‘ksiga muborak qo‘llarini qo‘yib
edilar, shu onda uning ko‘nglidan barcha buzuq xayollar ko‘tarildi.
Shu haqda Fuzalo aytur:
— Menimcha yer yuzida eng yomon ko‘rgan kishim qo‘lini ko‘ksimga qo‘yib edi ani
ko‘tarmay turib, eng yaxshi ko‘rgan kishim bo‘ldi.
Yana Abu Sufyon shunday aytadi: «Makka fathi bo‘lgan kunlari tavof qilgali Baytullohga
kirdim. Mendan keyin Rasululloh ham kirib tavof qildilar. Ko‘zim yuzlariga tushishi bilan
ko‘nglimga shunday fikr keldi: «Bu kishi nima sabab bilan bizga g‘alaba qildi?»
Darhol Rasululloh menga qarab oldimga keldilar:
— Allohning yordami bilan seni g‘alaba qildim, ey Abu Sufyon deb yelkamga qoqib
qo‘ydilar.
Anda men:
«Endi aniq bildim, siz Allohning payg‘ambari ekansiz, yo‘q ersa, ko‘nglimga kelgan bu
so‘zni Xudo bildirmagan bo‘lsa, qaydan bilursiz? — dedim».
Rasululloh Makkada turganlarida hazrati Bilol Ka’ba ustiga chiqib besh vaqt namozga
azon aytar edi. Quraysh yigitlaridan bir nechalari aning aytgan azonini do‘rab (masxara
qilib), bular ham azon aytar edilar.
Bir kuni shular ichidan Abu Mahzura degan yigit o‘z odaticha Hazrati Bilolni do‘rab azon
aytganida Rasululloh eshitib qoldilar. Qarasalar uning ovozi yoqimli ekan, uni chaqirtirib
kishi yubordilar. U ham bu ishim uchun o‘limga chaqirildim, deb qo‘rqib keldi. Oldilariga
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |