AZAL VA QORRA QABILALARNING XIYONATLARI
Yana shu yilning Safar oyida Azal va Qorra arab qabilasidan bir necha kishilar elchi
bo‘lishib kelib:
— YO Rasulalloh, bizlar butun qabilalarimiz bilan sizga iymon keltirdik, endi bizga olim
kishilardin, qorilardin qo‘shib bersangiz, alar bizlarga borib dinni o‘rgatsinlar va Qur’on
ta’limini bersinlar, — dedilar.
Rasululloh bu xizmatga sahobalardin o‘n kishini tayin qildilar va ularga topshirdilarkim,
Quraysh kofirlariga ko‘z-quloq bo‘lib, alarning ishlaridan xabar keltirgaylar. Bularga
ansor sahobalaridan Osim ibn Sobitni rais qildilar. Madinadin chiqqan kundan boshlab,
kech yurib, kunduz kishi ko‘rmas joylarda yashirinur edilar. Shuning bilan yurib-o‘tirib,
Raji’ degan joyga yetdilar. Bu joy bo‘lsa o‘tgan voqeadagi Abdulloh o‘ldirgan Sufyonning
qavmi Huzayl qabilasining makoni edi. Mana shu yerga kelgandin so‘ngra, din
o‘rganmoqchi bo‘lib, bu o‘n sahobani olib kelayotgan munofiqlarning xiyonati zohir
bo‘ldi. Shundoqkim, «Muhammadning kishilarini aldov bilan bu joyga keltirdik, sizlardin
o‘ldirilgan bir kishi o‘rniga o‘n kishini qo‘lga tushirdik. Endi joningiz bo‘lsa, tezlikda yetib
qasos qilgaysiz», deb alarga yashirin xabar yetkazdilar. Bu xabar yetishi bilan qabila
kishilaridan ikki yuzga yaqin askar orqadin quvib, bularga yetib kelishdi. Sahobalar
ko‘rdilarkim, bunchalik qalin askarga qandoq qarshi turgali bo‘lur. Darhol o‘zlarini egiz
tog‘ ustiga olishib, alarni toqqa chiqmoqqa qo‘ymadilar. Qo‘lga tushirmakdin ojiz
qolgach, dushmanlar hiylaga kirishib: «Agar tog‘din tushar bo‘lsanglar, sizlarni
o‘ldirmagaymiz», deb o‘zlariga qattiq qasam bilan ishontirdilar.
Bulardin uch kishi raislariga itoat qilmay, yolg‘on qasamga aldanib, tog‘dan tushishlari
barobar, bularning qo‘llarini bog‘lagani turishdi. Birovlari bog‘latmasdan qarshilik
ko‘rsatgan edilar, shu damdayoq qilich bilan chopib tashladilar. Qolgan ikkovlarini
Makkaga eltib, musulmonlarda o‘chi bor Quraysh kofirlariga sotib, har ikkovlari ham
dushmanlar qo‘lida shahid bo‘ldilar. Birovlari Habayb ibn Adiy degan sahoba edi. Bu
kishini Makkada Haram tashqarisiga chiqarib, dorga osdilar.
Din yo‘lida Xudo uchun dorga osilganlarning bu ummat ichida eng birinchisidur. O‘lim
oldida ikki rakat namoz o‘qishni musulmonlarga shu kishi sunnat qildi. Qolganlari ham
tog‘ ustida ochlik-chanqoqlik bilan urishib yurib, barchalari shahid bo‘ldilar, raziyallohu
anhum. Hazrati Habayb osilur chog‘ida dor tagida turib, ushbu so‘zlarni aytdi:
— Islom yo‘lida musulmonlik bilan o‘ldirilganligim uchun o‘limdan hech qo‘rqinchim
yo‘qdur. Qaysi yonim bilan yiqilsam ham, Xudo uchun yiqilib o‘lurman. Dushmandin
qo‘rqish, alarga egilish mendin zohir bo‘lmas. Bu yo‘lda o‘lsam, Alloh oldidan o‘rin
olgayman.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |