www.ziyouz.com kutubxonasi
94
— Andoq ersa, Makka tomonidagi eng oldingi birinchi quduqqa ega bo‘lmog‘imiz
kerakdur. Men bilurman, yo Rasulalloh, bu joydagi borliq quduqlardan uning suvi
mo‘ldur. U quduqning yonidan ko‘l qazib, uni suv bilan to‘ldirib olaylik, qolmish
quduqlarning boriga tosh-tuproqlar tashlab, suvlarini quritaylik, dushmanlarimiz kelsa,
suvsiz qolsunlar, — dedi.
Rasululloh bu kengashni to‘g‘ri topib, bu quduq aylanasida (atrofida) askarga o‘rin
oldilar. Boshqa quduqlarning barini ko‘mdirib, o‘z quduqlari oldida bir qo‘l qazib, suvga
to‘ldirdilar. Bu o‘ringa dushman kelib yetmasdin ilgariroq bu ishlar bajarilgan edi. Anda
madinalik ansor sahobalar raisi Sa’d ibn Mu’oz:
— YO Rasulalloh, siz uchun bu tepa ustida soyalik bir o‘rin qilaylik, bizning ishlarimizni
tekshirib, siz unda o‘ltiring, yelmayon yugurik tuyalardin bir nechasini oldingizga keltirib
qo‘yaylik, so‘ngra biz dushmanlarimiz bilan savashaylik. Tangri bizga yordam berib
g‘animlarimizni yengar bo‘lsak, kutgan tilagimizni topgan bo‘lurmiz. Agan bundoq
bo‘lmay, ish boshqa tarafga aylansa, tayyor turgan tuyaga minib, o‘zingizni Madinaga
yetkuring. Anda qoldirmish yor-yo‘ldoshlaringiz sizni jonlari ila saqlagaylar. Oldingizda
siz uchun mol-jonlarini qurbon qilgaylar. Bu ishda ularning bizdan hech kamchiliklari
yo‘qdur, — dedi. Rasululloh uning bu so‘ziga rahmat aytib...
— Ey Sa’d, ish o‘zgarmas, inshaalloh, biz dushmanlarimizni yengamiz, — dedilar.
Shuning bilan urush maydoni ustida qarab turgudek bir egiz tepa ustiga xurmo yog‘ochi
shohlaridan soyabon yasadilar. Rasululloh ul joyga chiqib o‘ltirdilar. Abu Bakr Siddiq
qilich yalang‘ochlab, boshlari ustida qorovullik qildi. Shu orada Quraysh qo‘shinlari ham
yetishib keldi. Rasululloh ko‘rdilarkim, alarning urush asboblari tugal, ot-arg‘umoqlari
mukammal. Bayroqlar ko‘tarishgan holda g‘ururlik va takabburlik bilan kelishar edilar.
O‘z yoronlari, mo‘minlarga qarasalar, bularda har tomondan yetishmaslik ko‘p ko‘rindi.
Sonlari uch yuzdan ortiq bo‘laturib, borliq ko‘luklari yetmish tuya, ikki otdan boshqa yo‘q
edi. Buni ko‘rib, Rasulullohning ko‘ngillari ma’yus bo‘ldi. So‘ngra Quraysh askarlariga
qarab turib, Xudoga munojat qildilar:
— Ey bor Xudoyo, butun dunyo xalqiga meni haq payg‘ambar qilib yubording, haq yo‘lni
alarga o‘rgatgil, deb qo‘limga Qur’ondek ulug‘ kitob berding. Endi bular o‘zingga qarshilik
ko‘rsatib, payg‘ambaringni yolg‘onchi qildilar. O‘zing tushirgan Qur’oni karimga
ishonmadilar, qonimizga tashna bo‘lib, qarshimizga keldilar. Ey bor Xudoyo, bu urushda
bizlarga zafar berib, dushmanlarimizni haloq qilgil, chunki urushda sabr etgan mo‘min
qullaringga, yordam berurman, deb o‘zing va’da qilding. Sening bu va’dang albatta
haqdur,— deb duo qildilar.
Shu orada Quraysh qo‘shini ikkiga bo‘linib, o‘z ichlaridan ola chiqdi. Askar raislaridan
Utba ibn Rabia degan kishi xalqni bu urushdan qaytargali turdi. Ul aytur edikim: «Bu
urushda Muhammadni yengar bo‘lsak ham, yana bu urushdan biz uchun foyda
chiqmaydur. Chunki uning yoru yo‘ldoshlari eng oz deganda o‘z barobarlaricha kishi
o‘ldirmay qolmaslar. Agar bu urushda Qurayshdan shu qadar odam o‘ldirilur bo‘lsa,
qolganlarimizga bu tiriklikdan nima lazzat bo‘lur? Yana urushning oxiri qandoq chiqishi
bizga ma’lum emasdur. Muhammad askarining bir qismi o‘z qabilamiz bo‘lganlikdan bu
urush o‘z qonimizga — o‘zimiz qasd qilish, demakdur. Muhammad bilan bizning
oramizda qon-mol chiqimlarimiz bo‘lsa, barini o‘z ustimga oldim, qonga xun to‘larman,
moliga tovon berurman, endi bu urushni qo‘yaylik, Muhammadni boshqa qabila arablari
bilan qoldirib, o‘zimiz esonlik bilan qaytaylik, ul boshqalarni yengsin, yoki ulardin
yengilsin. Biz uchun bu ish foydalik bo‘lib chiqar» dedi.
Bu so‘zlar askarlar ichida tarqalib, Abu Jahlga yetdi. U ersa butun qo‘shinning bosh
qo‘mondoni edi. Bu so‘zning to‘g‘riligiga qongan bo‘lsa ham, ko‘nglidagi saqlagan gina-
adovatining qattiqligidan bu maslahatni qabul qilmadi. Qayta ul kishini qo‘rqoqlik bilan
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |