RASULULLOHNING BOLALARI
Payg‘ambarimizdan onamiz Hazrati Hadicha uch o‘g‘il va to‘rt qiz tug‘dilar. Dastlab
Makkada eng avval tug‘ilgan o‘g‘illarining oti Qosim edi. Shunga ko‘ra Payg‘ambarimizni
arablar Abul Qosim, ya’ni Qosimni otasi deb ham atadilar.
Mundan so‘ngra to‘rt qiz — Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum, Fotima vahiy kelmasdan
ilgari tug‘ilgan edilar. So‘ngra payg‘ambarlik davrida bir o‘g‘il tug‘ilib, oti Abdulloh bo‘ldi.
Shu o‘g‘ilni Tayyib Tohir deb ham atar edilar. Biroq, bular Abdulloh emas, balki undan
keyin tug‘ilgan egizak o‘g‘illari edi, deganlar ham bordur. Bularning hammalari hijratdan
ilgari Makkada tug‘ilgan edilar. Bosh o‘g‘illari Qosim ikki yoshga to‘lmasdan Makkada
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
www.ziyouz.com
kutubxonasi
374
vafot topdi. So‘ngra Abdulloh ham bir necha oyligidayoq vafot bo‘ldi. Bu bola vafot
bo‘lgach, o‘g‘il farzandlari qolmadi. Arablar ersa qizni bola qatorida ko‘rmas edilar.
Shuning uchun Quraysh mushriklarining raislaridan Os ibn Voil:
— Muhammadning tuxumi tugadi, dunyodan bolasiz o‘tadi, nasli uzildi, oti o‘chdi, —
dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ma’yus bo‘lmasin deb Alloh taolo Kavsar surasini
tushirib, «Inna shaniaka huval abtar», dedi. Ya’ni: «(Ey Muhammad,) senga ko‘p
yaxshiliklar berdik, qiyomatgacha sening oting o‘chmaydi. Seni «abtar» degan kishining
o‘zi «abtar»dur. U o‘ldi ersa oti o‘chib, hech kim uni og‘ziga olmaydi. Sening noming
minoralar boshida, minbarlar ustida, musulmonlar og‘zida qiyomatgacha aytilib turadi»,
dedi.
Rasulullohning uchinchi o‘g‘illari Ibrohimdur. Hijratning sakkizinchi yili qurbon oyida
tug‘ildi. Yettinchi kuni qo‘chqor so‘yib «aqiyqa» qildilar. Va shu kuni otini qo‘yib, sochini
oldirdilar. So‘ngra uning og‘irligicha kumush sadaqa qilishga buyurdilar. Yigirma oylik
bo‘lganda Ibrohim ham vafot bo‘lib, Baqe’ go‘ristoniga ko‘mdilar.
Ul kunda Rasululloh:
— Ey Ibrohim, sendan ajrayotganimiz uchun hammamiz qayg‘ulikdurmiz, — deb
yig‘ladilar, muborak ko‘zlaridan yosh to‘kildi.
Chaqaloqqa yettinchi kuni qudrati yetar ekan ikki qo‘y, yo‘q esa, bir qo‘y so‘yib aqiyqa
o‘tkazish va shu kuni ism qo‘yib, sochini oldirish, og‘irligicha kumush sadaqa qilish
ummatlariga sunnat bo‘lib shundan qoldi.
Rasulullohning Qosimdan keyin tug‘ilgan qizlari Zaynab edi. Bu qiz voyaga yetganida
xolasining o‘g‘li Abul Osga berdilar. Mundan tug‘ilgan ikki bola: bir o‘g‘il va bir qiz bo‘lib,
ismlari Ali va Umoma erdi. Abul Osning onasi Hadicha onamizning singillaridur.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkani fath qilganlarida nabiralari Alini tuya
orqasiga mingashtirib olgan edilar. Umri qisqa ekan, balog‘atga yetar-etmas bu bola
ham vafot topmish edi. Qiz nabiralari Umomani ersa Hazrati Fotima vafot topgandan
keyin Hazrati Ali nikohlariga oldilar. Chunki, xolasi Hazrati Fotimadan shundog‘ vasiyat
bo‘lmish edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘ttiz yoshga kirganlarida Zaynab
tug‘ilmish edi, sakkizinchi hijriyda vafot topdi, raziyallohu anho.
Ikkinchi qizlari Ruqayyani Hazrati Usmonga bergan edilar. Hijratning ikkinchi yilida vafot
topdi. Rasulullohning asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisa Badr urushining xabarini
suyunchilab shu kuni Madinaga kelmish edi. Qaytganida musibat xabarini yetkazib,
Rasulullohga ta’ziyat qildi ersa: «Qizlarning o‘limi sharaflikdur, alhamdulilloh», dedilar.
Uchinchi qizlari Ummu Kulsumdur. Uni Ruqayya vafot topgandan keyin Hazrati Usmonga
berdilar. Shuning uchun bu kishining laqabi «Zunnurayn» — «Ikki nur egasi» bo‘ldi.
Hazrati Usmon u bilan olti yil umr o‘tkazdilar, o‘rtalarida bola bo‘lmadi. Hijratning
to‘qqizinchi yili vafot bo‘lib, Baqe’ go‘ristoniga qo‘yildi.
Rasululloh aytdilar:
— Usmonni tezroq uylantirib qo‘ying, agar menim uchinchi qizim bo‘lsa, uni ham berar
edim.
Rasulullohning to‘rtinchi qizlari Fotimai Zahro edi. Hijratning ikkinchi yili Hazrati Aliga
nikoh bo‘ldi. Hazrati Fotima o‘n besh yoshda, hazrati Ali yigirma sakkiz yoshda edilar.
Payg‘ambarimizga vahiy kelishdan bir yil ilgari tug‘ilmish edilar. Hijratning o‘n birinchi
yili Rasulullohdan olti oy keyin vafot topdi, raziyallohu anho. Yoshi yigirma sakkizda edi.
Hazrati Ali Fotimani so‘rab kelganida:
— Nikoh mahriga nima narsang bor? — deb so‘radilar ersa:
— Urushga kiyadigan yolg‘iz sovutim bordur, — dedi.
Hazrati Alining boshqa hech narsasi yo‘q edi. Shuni sotib pulini keltirmoqqa buyurdilar.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |