www.ziyouz.com
kutubxonasi
70
qaydin topding, kimlardin olding?— dedi. Anda Ummu Ma’bad:
— Hech kishidin sut olmadim, ajoyib kishilar ko‘rur eding, o‘zing uyda bo‘lmading, bir
muborak kishi bugun bizga qo‘nov bo‘lib o‘tdi, aning barakot qo‘lidin uyimiz sutga to‘ldi.
Ko‘taram bo‘lib yotgan qo‘ying endi qandoq bo‘lib yotmishdur, ani ko‘rgil, — deb qissani
bayon qildi. Andi uning eri:
— Ey Ummu Ma’bad, aning yuzi-ko‘zi qandoq ermish, sifatini menga qondirib aytgil,
onglayin, — dedi. So‘ngra Ummu Ma’bad Payg‘ambarimizning ko‘rinish sifatlarini shu
yo‘sinda bayon qildi.
— Ul kishining ko‘rinishi shundoq edi: ochiq, yoriq, kular yuzlik, ko‘zining oqi oppoq,
qorasi tim qora, kipriklari quyuq, ozgina uzunroq, uni (tovushi) ortiqcha o‘tkir emas,
ko‘p past ham emas, tovushi quloqqa bek yoqimli, o‘rta bo‘ylik, qilich bo‘yinlik, qiyposh
qoshlik, ulug‘ boshlik, tekis qorinlik, so‘z qilsa — savlatlik, so‘zlamasa haybatlik, gaplari
tizilgan gavhardek. Uning oldida uch nafar yo‘ldoshlari bor, so‘z qilsa, jon qulog‘i bilan
tinglaydilar, ish buyursa, barobar yuguradilar, jon-tanlari bilan xizmat qiladilar, — dedi.
Bu so‘zlarni eshitgandin keyin:
— Xudo haqqi, bundog‘ ulug‘ sifatlarga ega bo‘lgan odam shu kunlarda payg‘ambarlik
da’vosi bilan Qurayshdin chiqqan kishidin boshqa bo‘lmagay, agar men uni ko‘rgan
bo‘lsam edim, darhol iymon keltirib, anga bay’at qilur edim. Hali ham bo‘lsa, albatta, bu
ishni bajarurman, — dedi.
Mo’tabar tarix kitoblarining aytishlaricha, shu muborak mo‘jiza — sovliq qo‘y Hazrati
Umarning xalifalik zamonlarida ham borligi ma’lumdur. Shundoqki, Hazrati Umar
davrida, tarixi hijratning 17—18- yillarida yil quruqchilik kelib, qahatchilik boshlandi.
Tog‘u toshlarda, dala-cho‘llarda vahshiy hayvonlar ham og‘ziga ilingudek yeydurgan
narsa topolmay, och qolishdi. Ochlikka chiday olmaganlikdin, shahar qishloqqa,
odamlarning uylariga kirib kelishar edi. O‘shal kunlarda havodan kul rangida bir turlik
tuproq yog‘ib turdi. Shuning uchun arablar u yilning otini «Omurramod» qo‘ydilar,
ma’nosi «kul yili» degan bo‘lur. Butun xalqni ochlik qopladi. So‘yilgan hayvonlarning
go‘shti oriqligidin jirkanarlik edi. Mana shundoq og‘irchilik kunlarda Ummu Ma’badning u
mo‘jiza qo‘yi butun bir oilani barakot suti bilan to‘yg‘izib turdi. Boshqa hayvonlar esa
ochligidan qirilmoqda edi. Ammo bu qutlug‘ qo‘yning qayoqdin yeb, qandoq to‘yib
yurganligini hech kim bilmas edi. Hazrati Umar xalq ustiga tushgan bu og‘irchiliklarni
ko‘rib, qattiq qayg‘urdilar. Bu ocharchilik balosidin barcha xalq qutulmaguncha, o‘zlari
sut ichmasga, go‘sht-yog‘ yemasga qasam qilib: «Boshqa odamlar yegudek narsa topa
olmasalar, bizlarning lazzatlik ovqat yeyishimiz qaysi insofdin bo‘lgay, ko‘pchilik xalq
tortgan ochlik alamini birga tortishmasam, Xudo oldida nima deyman?» dedilar. Anda
Ka’bul Ahbor:
— Yo amiral mo‘minin, bani Isroil qavmiga yomg‘ir yog‘may, qahatchilik bo‘lganda,
o‘tgan payg‘ambarlarning avlod-urug‘larini shafe’ keltirib, yomg‘ir tilab, duo qilsalar,
qabul bo‘lur edi, — dedi. Anda Hazrati Umar xalqni yig‘ib, yomg‘ir talab qilib, sahroga
chiqdilar. Xutba o‘qib, duo qilib turganda, «Ey bor Xudoyo, nima xojatimiz bo‘lsa, ilgari
sening Payg‘ambaring Rasulullohni vosita qilar edik, endi u zot bo‘lmagach, o‘rniga
amakisi Abbos ibn Abdulmuttalibni shafe’ keltirdik. Ey bor Xudoyo, shu bandangning
haqqi-hurmatida duoimizni qabul qilib, rahmat yomg‘irini yog‘dirgil», deyishi bilan
tarnovdin to‘kilgandek yomg‘ir yog‘a boshladi. Yig‘ilgan xalq tarqalib, uy-uylariga
yetmasdin ilgari, ko‘chalardagi suv sel bo‘lib oqdi. Shuning bilan qahatchilik xalq ustidan
ko‘tarildi.
— Sizning hurmatingizdan duoimiz ijobat bo‘ldi,— deyishib odamlar hazrati Abbosni,
egik boshlarini silashib, ziyorat qilishur edi. Chunki bundin ilgari ham bir necha qayta
yog‘in tilab, duo qilishganlarida, ijobat asari bo‘lmagan edi. Arabiston o‘lkasida tog‘lardin
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |