www.ziyouz.com
kutubxonasi
37
yog‘ib edi, podshohni bulutdan tushgan yashin so‘qib o‘ldirdi. Bu hodisa bo‘lgandin keyin
Habash xalqi uning bolalaridin birini o‘rniga ko‘tarmoqchi bo‘ldilar. Qarasalarkim, o‘n ikki
o‘g‘ilning birisi ham bu ishga yaramas chiqdi. Har tarafda qo‘zg‘olonlar ko‘tarilib, xalq
ichi bulg‘andi. Davlat arboblari bu haqda chora topolmay, shoshilib qoldilar. Shu chog‘da
alardin birovlari turib:
— Ertalabki sotgan bolanglar — sizlarning podshohinglar. Undin o‘zga bu avlod ichida
hukumat boshqaruvchilik kishi yo‘qdir. Ish ulg‘aymasdin ilgari ul bolani topishimiz kerak,
bo‘lmasa, mamlakatimizda xarobalik boshlanadi, — dedi.
Shuning bilan bir qancha davlat kishilari savdogar kemasining ketidan yetib, ani
qaytardilar. Kechagina o‘zlari o‘ldirmoqchi bo‘lgan, so‘ngra chet el ahliga sotishib
yuborgan bolaning boshiga toj qo‘yib, tagiga taxt yasab, butun habash xalqi ani podshoh
qilib ko‘tardilar.
Najoshiy shu voqeani eskarib, muhojir sahobalar bilan bo‘lgan muzokarada yuqoridagi
so‘zni aytgan edi:
— Xudo meni podshoh qilishda pora olmadi, hech kimning so‘ziga kirmadi, — deganining
ma’nosi shu ekan. So‘ngra Najoshiyni sotib olgan savdogar, keyinidin kelib, uni
sotganlar bilan ko‘rishdi. «Olgan molimni yoki pulimni beringlar, bo‘lmasa, o‘ziga arz
qilurman», dedi. Ular: «Senga hech narsa bera olmaymiz, arz qilaman desang,
to‘smaymiz», dedilar. Savdogar to‘g‘ri podshoh oldiga kirib, salomdin so‘ngra: «Men
bozorda bir jamoadin olti yuz tangaga bir g‘ulom sotib olib edim. Alar g‘ulomni berib,
pulimni oldilar. G‘ulomim bilan yo‘lga chiqqanimda, orqamdin borib, ani qaytarib
keldilar», deb, o‘ziga kinoya qildi. Podshoh ham: «Savdogarning puli o‘ziga topshirilsin,
yoki olgan g‘ulomini qo‘liga berilsin, har joyga olib ketsa, haqlidur», deb hukm chiqardi.
Bu ersa Najoshiyning birinchi chiqargan hukmida adolati edi. Shuning uchun uni Alloh
taolo muhojir sahobalarga mehribon qilib, alarni hamisha o‘z himoyasida asradi. Shu
orqali janobi Payg‘ambarimizning nazari iltifotlariga kirdi. Shuning natijasi bo‘lsa kerakki,
saodati azaliy yor bo‘lib, yolg‘iz o‘zi butun aholisiga qarshi turib, podshohligini
qizg‘anmasdin, hech bir mahluqdin qo‘rqmasdin, Xoliqi Akbarning o‘ziga takiya qilib,
podshohlik taxtida turgan chog‘ida ochiqdan-ochiq Islom dinini qabul qildi. Hazrati Ja’far
qo‘llarida shahodat aytib, iymonga musharraf bo‘ldi. Habashiston podshosi Najoshiyning
iymonga kelishi voqeasini o‘z o‘rni kelganda yana bayon qilurmiz, inshaalloh. Yana o‘z
so‘zimizga kelaylik.
Shuning bilan Quraysh qavmlari yuborgan vakillar Amr ibn Os, Abdulloh ibn Rabia
maqsadlariga yetolmay, noumid qaytishdilar. Buning ustiga Hazrati Umar ila amir
Hamzaning Islomga musharraf bo‘lishlari ila Islom dini rivojlanishga boshladi. Mo‘minlar
Payg‘ambarimiz boshliq ibodatlarini Ka’ba qoshida oshkora qildilar. Hazrati Umar Islomni
qabul qilishi bilan: «So‘z tarqatishda Quraysh qabilasi ichida eng ortiq odam kimdur?»
deb so‘radi. Anda Jamil ibn Muammar degan kishini ko‘rsatdilar. Hazrati Umar aning
bilan ertalab ko‘rishib: «Ey Jamil, xabaring bormi, men Islom diniga kirib, Muhammadga
iymon keltirdim», dedi. Hech so‘z qaytarmasdin Jamil Quraysh raislari o‘ltirgan joyga
qarab jo‘nadi. Orqasidin Hazrati Umar ham yurdi. Jamil Baytulloh oldida turib, borlik
tovushi ila:
— Ey xaloyiq, ogoh bo‘linglar. Umar o‘z dinini tashlab, Muhammad diniga kirdi, — deb
qattiq qichqirdi. Hazrati Umar esa orqadan turib: «Bu yolg‘on aytdi, men musulmon
bo‘ldim, Allohning borligiga, aning bandasi Muhammadning haq payg‘ambarligiga
guvohlik berib, iymon keltirdim», deyishi bilan atrofda turgan mushriklar aning ustiga
hujum qildilar. Hazrati Umar ham alarga qarshi gohi urib, gohi surib yurib, kun tush
bo‘ldi. Oxiri qattiq charchaganlikdin bir joyda o‘tirdi. Endi qo‘llaringdan harna kelsa,
ayamanglar, bu yo‘ldin qaytish yo‘q, bo‘lganim shu, deb qarab turdi. Xudo o‘nglab, shu
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |