KURASH DAVOM ETADI
Ha, kurash davom etaveradi. Hech bir istilochi saltanati o‘z asoratiga tushgan boshqa bir saltanatni,
uning xalqini bir umr asoratda tutib tura olmaydi. Mazlum millat kurashga ko‘tarilib, istiqlolga
erishmaguncha uni davom ettiradi. Vaqtga, shart-sharoitga qarab, kurashning shakli o‘zgarib turadi,
xolos.
Shermuhammadbek tarki vatan qilgandan keyin ham Farg‘onada kurash davom etdi. Islom Polvon,
Omon Polvon, Shermuhammadbekning ukalari va boshqa qo‘rboshilar janglarni bo‘shashtirmadilar.
Qizillar bilan sulh tuzib, uzoq vaqt kurashdan chetda turgan Jonibek Qozi ham bolsheviklarning
razolatini ko‘rib turib, yana kurash maydoniga qaytdi. Kurashning bo‘shashmay, qat’iyat bilan davom
etganligini shundan ham bilish mumkinki, qizil armiya barcha qurolli kuchlarining Bosh qo‘mondoni
S.S.Kamenev o‘z qarorgohini Moskvadan Turkistonga ko‘chirib keldi. U Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan
mitinglarda “Bosmachilik harakati shu yilning kuz oylarigacha tugatiladi”, deb va’da berdi hamda
xalqni bu ishda faol yordam ko‘rsatishga chorladi.
1923 yilning boshlarida Shermuhammadbekning Afg‘onistonga ketganligidan xotirjamlikka
berilgan qizil qo‘mondonlik G’orbuvoga bo‘lgan diqqat-e’tiborini susaytiradi. Bundan foydalangan
qo‘rboshilar u yerni ozod qilib, yana qarorgohga aylantiradilar. 15—17 fevral kunlari bu yerda
Farg‘ona vodiysi milliy-ozodlik harakati kurashchilarining navbatdagi qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Qurultoy
Shermuhammadbek ketgandan keyingi vaziyatni tahlil qilib, kurashni davom ettirishga qaror qiladi.
Shuningdek, qurultoy oxirida shahid ketgan yigitlar, qo‘rboshilar, jumladan, Rahmonqulibek,
Muhiddinbeklar ruhiga hatmi kabir marosimi o‘tkazildi.
Shermuhammadbek Sharqiy Buxoroda sargardon bo‘lib yurganida Muhiddinbek qizillar qo‘liga
tushib qolgan edi. 1922 yil sentyabr oyida O’sh shahrining Hazrat Jome’ masjidida Muhiddinbek va
uning qo‘rboshilari ishi yuzasidan ochiq sud bo‘lib o‘tdi. Sud uni va sheriklarini otuvga hukm qildi.
“Qolgan-qutgan bosmachilarga” saboq bo‘lishi uchun hukm xalq oldida ijro etildi.
Shu oylarda Qo‘qonda, Chorsu maydonida Rahmonqulibek va uning safdoshlari ustidan sud bo‘lib,
ular ham qatl etildilar.
1923 yilda qahatchilik avjiga chiqdi. Qahatchilik ham qizillar foydasiga ishladi. O’tgan yillardagi
kabi, mahalliy aholi vakillari “hech bo‘lmasa, qornim to‘q, ustim but bo‘ldiku” degan fikrda qizil
armiyaga ko‘plab yozilishda davom etdilar. Shahar va qishloqlar sho‘rolarida ham aholiga bir oz un,
urug‘lik bug‘doy tarqatib, shu yo‘l bilan odamlarni o‘zlariga og‘dirish yo‘lga qo‘yildi. Xullas, milliy-
ozodlik kurashi qatnashchilari ostidagi zamin borgan sari cho‘ka boshladi.
Shunday bo‘lsada, ozodlik kuchlari kurashni davom ettiraverdilar. Hatto, yilning birinchi yarmida
bir qancha yirik g‘alabalarga ham erisha oldilar. Sho‘ro hukumati, kommunistlar partiyasi majlis ustiga
majlis chaqirib, “bosmachilikka qarshi kurashni kuchaytirish, uni tag-tugi bilan yo‘q qilish” haqida
qator qarorlar qabul qildi. Bosh qo‘mondon S.S.Kamenev qat’iy choralar ko‘rishga majbur bo‘lib
Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi
Do'stlaringiz bilan baham: |