www.ziyouz.com
кутубхонаси
30
o‘xshab ketadigan, asli Farg‘onaning O’xna qishlog‘idan bo‘lgan Ishoq degan bir nosfurushni uchratib,
Farg‘onaga olib keladilar va uni Po‘latxon degan nom bilan oq kigizga o‘tkazadilar. Bundan xabar
topgan Xudoyorxon unga qarshi ishonchli vazirlari Abdurahmon Oftobachi va Iso Avliyo
boshchiligida qo‘shin yuboradi. Otasi – Musulmonqulni qatl ettirgani uchun ichida Xudoyorxonga kek
saqlab yurgan Abdurahmon Oftobachi soxta Po‘latxonga qo‘shilib ketadi va Iso Avliyoni ham
qo‘shilishga majbur etadi. Abdurahmon Oftabachi qo‘shini tarkibida Marg‘ilonning Toshloq
deparasidan bo‘lgan Qo‘shoqbek Panjaboshi (ellik kishidan iborat dasta boshlig‘i) ham xizmat qilar
edi, u ichki kurashlar boshlanishi munosabati bilan poytaxtga, xon ixtiyoriga yuborilgan edi. Bir
tomondan taxt uchun kurash, ikkinchi tomondan Rusiya istilochilariga qarshi kurash bilan band
bo‘lgan Abdurahmon Oftobachi 1875 yilda o‘z ixtiyori bilan, ruslarga taslim bo‘ladi. Xonlik qo‘shib
olingach, garchi Oftobachining o‘zi Rusiyaga surgun qilinsada, uning qo‘l ostidagi jangchilar jazoga
tortilmay qoldilar. Qo‘shoqbek Panjaboshi harbiy xizmatdan bo‘shab, o‘z qishlog‘iga qaytdi va xizmati
evaziga berilgan yerida dehqonchilik qilish bilan shug‘ullana boshladi. Birinchi xotinidan bir necha
qiz, ikkinchi xotinidan esa besh nafar o‘g‘il farzand ko‘rdi. Ularga Toshmuhammadbek,
Ro‘zimuhammadbek, Tojimuhammadbek, Shermuhammadbek va Nurmuhammadbek deb ism berdi.
To‘rtinchi o‘g‘il Shermuhammadbek 1892 yilda tavallud topdi. Aka-ukalar qishloq maktabida o‘qib,
bir oz xat-savod chiqargach, madrasa tahsilini ixtiyor etmadilar. Ikki katta o‘g‘il uncha-muncha deh-
qonchilik bilan shug‘ullansalarda, kichiklari bu ishga qayishmadilar. Ular yerga ursa ko‘kka
sapchiydigan, sarguzashttalab, jangovar yigitlar bo‘lib yetishdilar. Ular o‘z atroflariga o‘zlariga
o‘xshagan bir nechta yigitlarni to‘plab, karvonlarni, omborlarni, korxonalarni va boshqa mulk
shakllarini qo‘riqlash, qozoq dashtlari va Qoshg‘ardan qo‘y olib keladigan katta savdogarlarning
suruvlarini bexatar olib kelish kabi yarim harbiy xizmatlarni qilib yurdilar.
XIX asrning oxirlariga kelib kurrai zaminning ovrupoliklar tomonidan kashf etilgan qismi– Osiyo,
Afrika, Lotin Amerikasi, Avstraliya va Okeaniya yirik imperialistik davlatlar Buyuk Britaniya,
Rossiya, Frantsiya tomonidan taqsimlanib bo‘lgan, ikkinchi darajali davlatlar: Germaniya, Italiya,
Yaponiya bu taqsimotdan anchayin quruq qolgan edilar. Shuningdek, Ovruponing o‘zida bo‘lib o‘tgan
urushlar oqibatida Germaniya, Italiya, Avstro-Vengriya hudud va huquq tomonidan qisib qo‘yilgan
edi. Sanoati, iqtisodiyoti rivojlanish yo‘liga o‘tgan, biroq xomashyo bazalari va jahon bozoridan
benasib qolgan bu alamzada davlatlar tarixiy haqiqatni tiklash, xomashyo bazalari va bozorlarni qayta
taqsimlanishini talab qilib, urush chiqarish uchun bahona qidirib turardilar. 1914 yilga kelib shunday
bahona ham topila qoldi: Avstro-Vengriya valiahdi shahzoda Frants Iosif Saraevo shahrida otib
o‘ldirildi. Shundan so‘ng tarixda Birinchi jahon urushi deb nom olgan katta urush boshlanib ketdi.
Buyuk Britaniya, Frantsiya, Rossiya bir tomon bo‘lib jang boshlab yubordilar.
Rus armiyasi jahonning eng qudratli armiyalaridan biri hisoblansada, bu urushda unga omad kulib
boqmadi. Rossiya imperiyasi harbiy va iqtisodiy jihatdan urushga tayyor emasligi ravshan bo‘lib qoldi.
Janglar Bolqon, Polsha hududlaridan tez orada Rossiya hududiga ko‘chdi, ya’ni Germaniya, Avstro-
Vengriya va Italiya kuchlari Rossiya hududiga bostirib kirdi. Mamlakatning rusiy zabon aholisi yalpi
tarzda armiyaga chaqirilib, front orqasidagi ishlar: front uchun zaruriy barcha narsani yetkazib berish,
front ehtiyoji uchun daraxt kesish, yo‘llar, temiryo‘llar qurish, telegraf uzatmalarini o‘tkazish;
shuningdek frontdagi ikkinchi darajali ishlar: o‘q-dori, oziq-ovqat, dori-darmon tashish, loshmonlik
(murdalarni jang maydonlaridan olib chiqib dafn etish) kabi yumushlar uchun ishchi kuchi yetishmay
qoldi.
Rossiya Markaziy Osiyoni bosib olib, u yerda Turkiston General-gubernatorligini tashkil etgandan
so‘ng, bu o‘lka aholisi ikkinchi darajali hisoblangani, shuningdek, mazlum mustamlaka aholisi qo‘liga
qurol berishdan cho‘chib, o‘lka aholisidan muntazam armiyaga odam olmas edi. Biroq, do‘ppi tor kelib
qolgach, general-gubernatorlik aholisini front orti hamda frontdagi ikkinchi darajali ishlarga jalb qilish
haqida podshoh farmoni e’lon qilindi. Ushbu farmonni bajarish nizomiga ko‘ra, bir necha xonadondan
bittadan sog‘lom, front ishi uchun yaraydigan, o‘n to‘qqiz yoshdan qirq besh yoshgacha bo‘lgan erkak
Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi
Do'stlaringiz bilan baham: |