www.ziyouz.com
kutubxonasi
211
edi. Bevosh bulutlar choki so‘kildi-yu, Zohidning ko‘ngliga hamohang ravishda quyosh
bir charaqladi...
4
Omadli odamning xo‘rozi ham tuxum qiladi, deydilar. Keyingi kunlarda Kesakpolvon
o‘zini ana shunday omadli his eta boshladi. Ular aytgan qabriston emas, boshqalarining
tekshirilishi, go‘rkovlarning so‘roq qilinishi Halimjonga bo‘lgan gumon olovini zarracha
bo‘lsa ham pasaytirmadi. Xizmatga kelgan dastlabki kunlarida bo‘yin egmagan bu yigitni
Kesakpolvon uncha yoqtirmas edi. Endigi qiziqishi tufayli uni qarmoqqa ilintirib, shu
bilan Chuvrindi yuziga tarsaki urmoqchi, Asadbekni undan sovutmoqchi edi.
Ana shu tashvishlar bilan yurganida unga yana omad kulib boqdi: uyiga Mamatbey kirib
keldi.
Kesakpolvon maishatni barvaqt yakunlab, uyiga tungi soat ikkilarda qaytgan edi.
Mamatbey o‘n besh daqiqadan so‘ng darvoza qo‘ng‘irog‘ini chaldi.
Kesakpolvon Asadbekka taqlidan boloxona qurdirgan, unda ikki yigit galma-galdan
poyloqchilik qilishardi.
— Xo‘jayiningni chaqir, — dedi Mamatbey poyloqchiga.
— Siz kim bo‘lasiz?
— Xongireyman, Maskovdan keldim.
Kiyimini almashtirayotgan Kesakpolvon yigitning gapini eshitib, «kallang bormi?» deb
so‘kindi. Shubhasizki, u Xongireyning kelganiga ishonmadi. Ammo «Xongireyman»,
degan ahmoq kim ekan?» degan qiziqish bilan yelkasiga to‘n tashlab, darvozaxonaga
chiqdi. Mamatbeyni ko‘rishi bilan tanidi.
— Salom, qardoshim, Xongireydan senga ulug‘ salomlar, — dedi Mamatbey u bilan
ko‘risha turib.
— Salomat bo‘lsinlar, — Kesakpolvon shunday deb, uni uyga taklif qildi.
— O‘zbeklarga qoyilman, — dedi Mamatbey, mehmonxonaga kirishi bilan, — dasturxoni
doimo shay turadi.
Mamatbey izzattalab insonlardan emas edi. Kesakpolvon «Oling» deb taklif qilishi bilan
dasturxondagi noz-ne’matlardan betartib ravishda iste’mol qila ketdi.
... Bu xonadonga u o‘z xohishi bilan kelmadi. Xongirey chindan ham Kesakpolvonga
salom aytgan edi.
Chuvrindi yurtiga qaytgach, Xongirey bir rejani obdon pishirish uchun bir-ikki kun
o‘ylandi. So‘ng Mamatbeyni chaqirdi.
— O‘zbeklarni nima qilsam ekan? — deb so‘rab, unga sinovchan tikildi.
— Ular o‘yin qoidasini buzishdi. Maydondan chiqarib tashlash kerak, — dedi Mamatbey
dangaliga.
— Men ularni to‘satdan chiqarib tashlay olmayman.
— Nega?
— O‘zbeklarga qo‘l ko‘tarishga haqqim yo‘q. Ular din qardoshlar, bu bir. Ikkilamchi, ular
ustozimga non berishgan. Agar ularga qo‘l ko‘tarsam Zeli og‘amning ruhi chirqiraydi.
— Ularni jazosiz qoldirmoqchimisiz?
— Hosilni Asad o‘ldirgan. Unga tegmasam ham erta-indin o‘zi o‘ladi. Ikkita laychasini
nima qilamiz?
— Ochig‘i... bilmayman, — dedi Mamatbey. U oson yo‘lini aytgan edi, hojasi unamadi.
Mamatbey uning yashirin niyati borligini payqab, javobdan bo‘yin tovladi.
— Bizga ularning bittasi kerak. Qaysi biri?
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |