www.ziyouz.com
kutubxonasi
188
shu uyda qolgan. Bu ishlar kimgadir fojia bo‘lib tuyulishi mumkin, kim uchundir dahshat,
ammo Mardona uchun bu oddiy, e’tibor berishga ham arzimaydigan voqea sanalardi.
Esini yig‘ib, o‘z nomusi uchun kurashmoqchi bo‘lgan qizlarni «Baxting kelganda
maishat qilib olsang-chi, qaerda buzilding, kim buzdi, senga baribir emasmi? Maishat
qilib, pulini shilsang-chi?» deb koyir edi. Ular bir kunmas bir kun yoqamdan olar yoki
ko‘kragiga o‘lim farishtasining bemehr yuragini joylab kelar, deb o‘ylamagan edi.
To‘g‘ri, Zaynab topshirilganda dastlab cho‘chidi. Ish orqaga qarab ketgach esa qo‘rqa
boshladi. Bekor qo‘rqmagan ekan, mana, o‘lim farishtasining nomi bilan kelib turibdi.
— Zaynab, ayb menda emas, buyurishdi, — dedi Mardona titroq ovozda.
— Ichkariga kir, — deb buyurdi unga Kesakpolvon, keyin «Dadil bo‘l», degan ma’noda
Zaynabni sekin turtib qo‘ydi.
— Ichkariga kir! — deb baqirdi Zaynab.
Bu baqiriq Mardonaga «Senga o‘lim!» degan hukm ma’nosida eshitilib, esxonasi chiqqan
holda tisarildi.
— Uyda kim bor? — deb so‘radi Kesakpolvon.
— Bir qiz... sizga... O‘g‘lim...
Kesakpolvon orqada turgan yigitga qaradi:
— Bolasi bilan qizni bir xonaga tiq, — deb buyurdi.
— Nima qilmoqchisizlar? — deb yig‘lamsiradi Mardona.
— Gaplashib olamiz. Yotoqxonangga kir!
Qo‘rquvdan titrab-qaqshay boshlagan Mardona buyruqni bajardi. Ular oldinma-keyin
yotoqqa kirdilar.
— Mana, qizim, bu iflos seniki. Pichoqda tilib tashlaysanmi, otasanmi, o‘zingning ishing.
— Mening aybim yo‘q, — deb chinqirdi Mardona jon holatda. — Menga buyurishdi.
— Kim buyurdi? — deb so‘radi Zaynab. Endi u ham titray boshlagan edi. Mardonani
qo‘rquv, jon achchig‘i, Zaynabni esa qasos, nafrat o‘ti titroqqa solgan edi.
— Menga Shomil aka, Shomil akamga Hosil aka...
— Baland dorga osilyapsan, — dedi Kesakpolvon. — Hozir Hosil akangni ko‘rasan.
— Yo‘q! — deb qichqirdi Mardona.
— Amaki, siz chiqib turing, — dedi Zaynab.
Kesakpolvon Zaynabning qo‘liga pichoq tutqazib chiqqach, Mardona o‘zini yerga tashlab,
uvvos tortib yig‘ladi:
— Bolamga rahmingiz kelsin, Zaynab. Tavba qildim, kechiring.
— Mendan oldin ham qilganmiding bu ishni? — deb so‘radi Zaynab.
Eshik orqasidagi Kesakpolvon xuddi Asadbekning ovozini eshitganday bo‘ldi. Harholda
ovoz Zaynabniki, ohang esa Asadbekniki edi.
— Yashirmayman, bo‘lgan bu ishlar. Men faqat buyruqni bajarar edim.
— Sen o‘lishing kerak, — dedi Zaynab uning ko‘zlariga qaramaslikka harakat qilib.
— Zaynab, kechiring...
— Qo‘llaringni cho‘z! — deb buyurdi Zaynab. — Igna sanchadigan qo‘llaringni cho‘z.
— Nega, Zaynab?
— Ko‘rmoqchiman, mening ko‘kraklarimni ham shu qo‘llaringda ezg‘ilagansan-a? Cho‘z
deyapman, men bir ko‘ray, qonlimikin bu qo‘llar.
— Qon yo‘q, toza, — deb qo‘llarini cho‘zdi Mardona.
Shunda Zaynab pichoqni bir siltab uning bilagini tilib tashladi. Mardona chinqirib yubordi.
Tirqirab otilgan qonni ko‘rgan Zaynab ham qo‘rqqanidan baqirdi. Bu ovozlarni eshitgan
Kesakpolvon shoshilib ichkariga kirdi. Zaynab yig‘lamsirab boshini uning ko‘ksiga qo‘ydi.
— Uni o‘ldir, — dedi Kesakpolvon. — Unga qara, qo‘rqma, o‘ldir! Agar sening o‘rningda u
bo‘lsa birpasda o‘ldirib qo‘yadi. Sen uni qiynab o‘ldir!
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |