www.ziyouz.com kutubxonasi
70
— Ko‘p o‘ylama,— dedi Kesakpolvon.— Zavodga xaridor chiqib turibdi. Og‘zingdagi
luqmani oldirib qo‘ymagin tag‘in.
— Kim ekan o‘sha xaridor? — dedi Asadbek jerkib.
— Begona emas, ukang Hosil-da. Bir joyda «vinzavod bizga ham nasib etib qolar»
deganday gap qilibdi.
— Tushini suvga aytsin,— dedi Asadbek.— Vinzavodga yaqinlashadigan odam hali
otasining belida yuribdi.
Bu gapdan keyin Kesakpolvon bilan Chuvrindi ma’nodor ravishda ko‘z urishtirib olishdi.
Ular tashvish buluti Asadbek boshi uzra hamon ko‘lanka tashlab turgani uchun uning
jig‘iga tegadigan gaplardan o‘zlarini tiyayotgan edilar. Vinzavod taqdiri ertaga
qoldirilmay shu bugunoq hal etiladigan masalalar toifasidan bo‘lgani uchun Kesakpolvon
ehtiyotlik bilan shama’ qilib qo‘ygan edi.
Garchi Asadbek katta ketgan bo‘lsa ham, ayo’nlarining tashvishi bekor emasligini fahm
etdi.
2
Manzura hali ham kasalxonada bo‘lgani uchun oshxona boloxonadagi yigitlar ixtiyoriga
berilgan edi. Ular ovqatlanib bo‘lishgach, xizmatdagi yigit dasturxonni yig‘ib oldi.
— Haligi gapni domlangdan so‘radingmi? — dedi Asadbek Chuvrindiga qarab.
— So‘radim,— dedi Chuvrindi, choyni qaytara turib.— Ko‘ngillari nima istasa shuni
qilsinlar, kichikroq xudoyi bo‘lsa xudoyi, kattaroq osh bergilari kelayotgan bo‘lsa, unga
ham yo‘l bor, beraversinlar, dedi.
— Ha, xudoyi qilmoqchimisan? — deb so‘radi Kesakpolvon Asadbekdan.
— Shunga boshim qotib turibdi. Bir nima qilish kerak-ku? Anavi kuni, Jalildan so‘rovdim.
Osh-posh bersammi, desam bobilladi. «Nevarang o‘lik tug‘ilganiga quvonib osh
berasanmi?» deydi. Shunga hayron bo‘lib Mahmudga «domlangdan so‘rab ko‘r» devdim.
Domla bunaqa deb turibdi.
— Domlaning aytganini qilasiz-da, Jalil aka domla emas-ku?
— Domla emas, to‘g‘ri, lekin odamlar ichida ko‘p yuradi, past-balandni biladi. Sobitxon
qorining etagidan ushlab yuradi, u-bu gaplarni eshitib o‘rgangan.
— Bunaqa gaplarni men ham uncha yaxshi bilmayman. Lekin menga qolsa hech nima
qilmaganing durust.
— Nega?
— Masjid qurdiryapsan, shuning o‘zi yetadi. Xudoyi bo‘lsa, shunchalik bo‘ladi-da.
Domlalarning gaplariga uchaverma. Ob-havoga o‘xshab gaplari ham o‘zgarib turadi.
Xudoyiga borib, osh-ovqatni yeb, ketishida yana cho‘ntakka ko‘z tikib turadigan
domlangni men sariq chaqaga ham olmayman.
— Unaqa demang, Haydar aka, ular bersangiz olishadi, bermasangiz ham duo qilib,
indamay ketishadi.
— Yonini olma ularni. Bek xudoyi qilsa, o‘ntasi kelib qo‘l qovushtirib turadi. Jalil qilsin-
chi, o‘ntasi o‘nta bahona qiladi. Otarchi nimayu ular nima?
— Unchalik emas, Haydar aka, yaxshi bilmasangiz gapirmang.
— Xo‘p, men yaxshi bilmayman. Lekin shunda ham sen bilan garov o‘ynayman. Sen
kattaroq narsangni tik. Bek, sen xudoyi qil, o‘sha kuni, o‘sha soatga bitta kambag‘al
nomidan domlani ayttiraman. Keyin sen ayttirasan. Qani, kimnikiga kelarkin?
Agar boloxonadagi yigit tushib, bir odam yo‘qlayotganini aytmaganida ularning bahsi
yana picha cho‘zilishi mumkin edi.
— Kim ekan? — dedi Kesakpolvon, ensasi qotib.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |