www.ziyouz.com kutubxonasi
55
jonivorga o‘xshab ketadi. Agar shu rost bo‘lsa, yana bir — o‘n uchinchi muchal joriy
etilib, befarosatlarni shunga jamlamoq va bu muchalga eshakning nomini bermoq durust
bo‘larmi edi. Agar shunday qilinsa, sinf rahbari shubhasiz eshak yilida tug‘ilgan bo‘lar
edi.
Shum xabarni eshitganidan so‘ng Mahmud ikki kungacha o‘ziga kelolmay yurdi. Uchinchi
kuni shomdan so‘ng oyoqlari uni beixtiyor kasalxona yaqinidagi temir yo‘l sari boshladi.
Buvasi va buvisi qabrini, qishloqni, uyni ziyorat qilish degan tushuncha hali unda yo‘q
edi. U faqat bir narsani — yolg‘iz qolganini his etardi. Yolg‘izlik chorasini shahardan
izlamoqchi bo‘lgan edi. Balki onamni toparman, balki otam ham shahardadir, degan
umid uni kasalxonadan yetaklab chiqdi. Uning nazarida shahar — ma’murlik qasri edi.
Barcha mehribon, saxovatli odamlar, donolar shaharga to‘plangan, deb hisoblardi.
Vagon og‘asi «onasini izlab ketayotgan» kasalxona kiyimidagi bolaga rahm qilib, tushirib
yubormadi. Aksincha, bo‘lmasiga olib kirib, choy-non bilan siylagach, boladagi «hamma
yaxshi odamlar shaharda» degan fikr qat’iylashdi. Ammo shohbekatda unga birov
qaramadi, e’tibor ham bermadi. Nima qilishni, qaerga borishni bilmay, kun bo‘yi shu
bino ichida sanqib yurdi. Bir-ikki tashqariga chiqdi, kasalxonaning yupun kiyimida
sovqotib, tez iziga qaytdi. Qorni ochdi. Kasalxonada qog‘ozga o‘rab olgan ikki burda
nonni yedi. Qorong‘i tushganida sillasi qurib, o‘rindiqqa cho‘zildi.
Haydar (unda «Kesakpolvon» «unvoni»ga musharraf bo‘lmagan edi) o‘sha kech «ov»da
edi. Kasalxona kiyimida g‘ujanak bo‘lib yotgan bolaga avval e’tibor bermadi. O‘lja qidirib
bir oz aylangach, bolani turtib uyg‘otayotgan militsionerga ko‘zi tushdi. Bolani bu yerga
daydib kelib qolganini darrov sezib, uni qutqarmoqchi bo‘ldi. Tez-tez yurib yaqinlashdi-
da, qaddini ko‘tarayotgan Mahmudni yelkasidan quchdi.
— Kalla pishdimi, bratishka, — dedi xuddi yaqin odamini suygandek, so‘ng militsionerga
qaradi: — Bu mening ukam, tobi yo‘q, shahardagi do‘xtirga ko‘rsatgani olib kelganman.
Militsioner Haydarni tanirdi, shu bois uning gapiga «ishonib» nari ketdi.
Haydar bolaning yuziga qarab, keyin peshonasiga kaftini bosdi.
— Isitma bor-ku, qayoqdan qochib kelyapsan, chuvrindi uka, — dedi.
Mahmud aytdi.
— Yur, do‘xtirga olib boraman, — dedi Haydar.
«Shaharda yaxshi odamlar ko‘p», deb o‘yladi Mahmud.
Haydarning yoshi katta bo‘lgani bilan novcha, xipchinday qiltiriq Mahmud bilan bo‘yi
qariyb baravar edi. Mahmud boshi aylanib yurolmagani uchun uni opichib oldi. Uzun
bolani opichib yurish tashqaridan qaragan odamga kulgili tuyular edi.
Shu-shu ularning taqdirlari bog‘landi. Avval Asadbeknikida yashadi, so‘ng, Asadbek
uylangach, Haydar bilan birga turdi. Asadbek qimordan ko‘ra o‘g‘irlik durust, deb
hisoblagani uchun Haydar bilan ishladi. Asadbek uni qimorga yaqin yo‘latmadi.
Ishlar yurishib, bel baquvvatlashgach, uy-joy qildi, uylandi. Onasini ham topdi...
Aniqrog‘i, so‘rab-surishtirib, Haydar topdi. Bir kuni Asadbekka:
— Onasini topdim, ammo shalag‘i chiqib ketibdi, — dedi.
— Ko‘rsatib qo‘y, umidvor bo‘lib yurmasin, — dedi Asadbek.
— Ko‘nglini cho‘ktirib nima qilamiz?
— Ko‘rsin, hayotning qanaqaligini bilsin.
Haydar Asadbek amrini bajardi. Mahmud onasini sharmandali holda ko‘rdi. Avvaliga
ishonmadi. Haydarning dalillari ham kor kilmadi. Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga borib
kelganidan so‘nggina ishondi.
Ishondi-yu, yana bir o‘lib tirildi. Kasalxonada bir o‘lib tirilgan edi, bu safar o‘ldi-yu,
boshqa odam bo‘lib tirildi. Dunyo ko‘zlariga jirkanch holda, sassiq balchiq holida ko‘rinib,
hamma narsadan nafratlana boshladi. Hatto yaqinlari bo‘lib qolgan Haydar bilan
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |