www.ziyouz.com kutubxonasi
221
safar xasislik qilmadi. Tilladan chiroyli tumor yasatib, «2049 yil, 100 yosh» deb yozdirdi-
da, Moskvaga qarab uchdi. Uch kun davom etgan katta ziyofatga u yaqinlasha olmadi.
Tantanalar tugab, Xongirey hordiq chiqargach, uni qabul qildi, Hosilboyvachcha salom
berib kirib, uning bo‘yniga tilla tumorni osib, «Siz-bizning valine’matimizsiz», deyishi
Xongireyga yoqdi. Kimligini so‘rab-surishtirdi. Xongirey Asadbekni bilardi. Asadbekning
bir oz mag‘rurligi unga yoqinqiramasdi. Bu yigitning Asadbek o‘rnidan umidvorligi shu
sababli ma’qul keldi. «Menga shunaqa mutelar kerak», deb uni qo‘llashga ahd qildi.
Krasnoyarda Kozlovni sindirishi qiyin kechayotgan edi, endi bir hamlada ikki raqibni
yengish imkoni tug‘ilib Hosilboyvachchaning tashrifidan mamnun bo‘ldi.
Hosilboyvachcha orqasida qad ko‘tarayotgan tog‘dan quvvat olib, qal’ani to‘la zabt
etmoq qasdida dadil hujum boshlashga ahd qildi. Ana shu paytda Shomil unga yana bir
xushxabar yetkazdi:
— Asadbek o‘ladigan kasal emish,— dedi u irshayib.
— Qayoqdan olding bu gapni? — dedi Hosilboyvachcha ishonqiramay.
— Do‘xtiri aytdi. Asadbekni ko‘rib qo‘yganini eshitib, giribonidan oldim. «Qasam
ichganman, aytolmayman», deydi. «Qasam kerakmi senga yo jonmi?» devdim, darrov
gulladi. Yo ikki-yo uch oylik umri qolibdi. O‘lishi aniq ekan.
— Ikki-uch oylik dedingmi? Yaxshi! Vinzavodni o‘z qo‘li bilan topshirib ketsa ham
bo‘larkan, a?
— O‘lishini kutmaysizmi?
— Yo‘-o‘q. Osongina o‘lib ketmasin-da. Mening kimligimni bilib, keyin o‘laversin. Bir
paytlar ko‘kragimdan itarib, yoniga yo‘latmovdi. Mendan ko‘ra Chuvrindi qullarini afzal
ko‘ruvdi. Baribir men uni yengdim! Avval mening kulgimni ko‘rsin, keyin o‘lsin!
— Endi unga kassetani ko‘rsatsa bo‘lar?
— Shoshmay tur. Men hali undan battarini ko‘rsataman. Sen lalayganroq yigitlaringdan
birini tayyorlab qo‘y.
— Kesatyapsizmi, lalayganini nima qilasiz?
— O‘lib ketsa achinmagin deyman-da, — Hosilboyvachcha shunday deb kulimsirab
qo‘ydi. Uning ko‘mma gapini G‘ilayning kalta fahmi anglab yetmadi. Tanlagan yigitini bir
haftadan so‘ng qonga belanib yotganini ko‘rgachgina tushundi.
Unga qadar esa...
Unga qadar Hosilboyvachcha Asadbekni yo‘qlab uch qavatli imoratning yerto‘lasidagi
qarorgohiga bordi. Manzurani kuzatgach, Asadbek uyga borgisi kelmay to‘g‘ri shu yerga
kelgan, xona issiq bo‘lishiga qaramay, qalin kiyimda o‘tirar edi. U Chuvrindi bilan
qandaydir qog‘ozlarni ko‘zdan kechirayotganda Hosilboyvachcha kirdi. Chuvrindi
qog‘ozlarni yig‘ishtirib «nima qilay?» degan ma’noda Asadbekka qaradi. «O‘tir», degan
ishoraga itoat etib, joyidan jilmadi.
— Bek aka, sog‘-salomat borib keldingizmi safarlarga? — dedi Hosilboyvachcha
Asadbekni quchoqlab. Dimog‘iga yomon hid urildiyu nafasi qaytib «o‘lishi chin shekilli?»
deb o‘yladi.
— O‘zing qalaysan? Ishlaring yurishyaptimi? — dedi Asadbek sovuqroq ohangda.
— Soyangizda yuribmiz-da, aka.
— Mening soyamdami? — dedi Asadbek sinov nazari bilan tikilib.
— Ha-da, sizni akam deganman.
— Shunaqami? Men akangmanmi? Xongirey-chi? Tog‘angmi yo ammangning erimi?
— Gapni ham qiyvorasiz-da, akaxon.
— Sen bo‘ladigan gapni qil. Shu paytgacha Asadbekni birov laqillata olmagan. Sen
gijinglamaginu dardingni ayt: nima kerak senga?
— Dangal gapmi? Gapning o‘g‘il bolasi shuki, menga hozircha vinzavod kerak.—
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |