www.ziyouz.com kutubxonasi
204
ukamning ishini aytuvdim. «Chiqarib beradigan odam bor, ohanini to‘lasang, bas», dedi.
Chiqimdan qochmadim, ozgina zakalat ham berdim. U meni Haydar aka bilan tanishtirdi.
Keyin o‘zi yo‘q bo‘lib ketdi. Bilsam, o‘ldirib ketishibdi.
— Jalol Komilovmidi?
— Ha, bilasizmi uni?
— Bilganda qandoq? Uni ham o‘shanda sen o‘lik oborgan o‘sha daraxtga osib ketishgan.
O‘sha daraxt, chamamda, kimgadir yoqib qolgan. Bitta odamni osib o‘ldirishdi, bitta
o‘likni osib yoqishdi. Endi kimni osishar ekan? Xo‘p, davom et-chi? Jalol Komilov pulni
olib o‘lib ketdi. Pulga achinib yurganingda, Haydar akang yo‘qlab keldi. Sen xursand
bo‘lib ketding. U esa «falon joydan bittagina o‘lik olib chiqib berasan», dedimi?
— Yo‘q, o‘likligini bilmovdim. «Ikkita kavkazlik yigitning molini olib borib berasan, xitlar
bilib qolsa, to‘g‘risini aytib ularni ko‘rsatasan, senga tegishmaydi», deganidi. O‘likni
ko‘rganim yo‘q, o‘rab olib chiqishdi. Mashinani aytgan joylariga haydadim. Bir chetda
poylab turdim.
— O‘likxonadagi odamni taniysanmi?
— Tanisam kerak. Ko‘tarishib chiquvdi.
— Nega mujmal qilyapsan, «tanisam kerak», deganing nimasi?
— G‘ira-shira edi, chiroq nurida basharasini yaxshi ko‘rmaganman.
— Unda bashara bor ekanmi, qop-qorong‘ida ko‘rib tanisa ham bo‘ladi.
— Ha, sochlari uzun edi.
Hamdam Sayfini mashinada qoldirib, kasalxona bosh tabibining xonasiga kirdi-da, o‘zini
tanitgach, voqeani qisqa holda bayon qildi. So‘ng o‘likxonadagi badbasharani chaqirtirdi.
Badbashara Hamdamni taniganday bo‘ldi-yu, qaerda ko‘rganini eslay olmadi.
— Men sendan yigirma sakkizinchi kuni bir o‘lik sotib olgan edim, eslayapsanmi? — dedi
Hamdam dabdurustdan.
Bu gapni eshitgan badbashara cho‘chib bosh tabibga qaradi-da, boshini sarak-sarak
qildi.
— Aldayapti, o‘rtoq glavvrach. Bunaqasi bo‘lmagan,— dedi.
Hamdam gapni cho‘zmay bosh tabibdan yana ikki xizmatchining kirishini iltimos qildi.
Xizmatchilar kirishgach, ularni badbashara bilan yonma-yon turg‘azdi-da, Sayfini
chaqirtirdi:
— Yigirma sakkizinchi may, kechqurun bularning qaysi biri o‘likni olib chiqib bergan? —
deb so‘radi rasmiy ravishda.
Sayfi ikkilanmay, badbasharani ko‘rsatdi.
Hamdam bu marosimni qog‘ozda rasmiylashtirgach, bosh tabibdan so‘radi:
— Nima uchun murda sudmedekspertizada emas, sizning o‘likxonangizda yotgan edi?
— U kasalxonaga og‘ir ahvolda keltirildi. Halokatdan so‘ng, to‘rt kun yashadi. Agar
halokat bo‘lishi bilan joni uzilganda sudmedekspertizaga yuborilar edi, buni o‘zingiz
bilasiz-ku?
Hamdam unga javob bermay, badbasharaga qaradi:
— Bu biz bilan ketadi. Kalit-palitlarini olib qoling. Jinoyatga aloqasi bo‘lmasa ham,
o‘likxonadagi qilig‘i uchun osish kerak buni.
Badbashara bir oz oyoq tiradi-yu, Hamdam baqirib, gardaniga bir musht urgach, mulla
mingan eshakday bo‘ldi-qoldi.
Hamdam uni ichki ishlar bo‘limidagi qamoqxonaga qamab, Zohidga telefon qildi.
Zohidning telefoni javob bermadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |