www.ziyouz.com kutubxonasi
200
Xongirey aytadigan gapini aytib bo‘lgan edi. Shu bois o‘rnidan turib, xayrlashib chiqdi. U
ketgach, Asadbek anchagacha indamay o‘tirdi. Chuvrindi «Xongirey nima uchun
kelibdi?» deb so‘ramadi. Agar Asadbek lozim topsa o‘sha gapni o‘zi aytadi. Lozim
topmadimi, so‘rashning o‘zi ortiqcha. Chuvrindi Moskvaga kelib Asadbekning ikki siridan
ogoh bo‘la olmadi. U uchun doktor Xudoyorning suhbati ham qorong‘iligicha qoldi.
Restorandan qaytishgach, Asadbek Chuvrindini xonada qoldirib yana doktor Xudoyor
huzuriga chiqdi. Telefonda o‘g‘illari bilan gaplashdi. Ularning to‘yga mayllari borligini
bilgach, «onang bilan boramiz, kelmay turinglar», deb rizoligiga shama qildi. Chuvrindi
Asadbekning Manzura bilan gaplashganidan ham bexabar, «doktor Xudoyorning
gaplarini aytib, yangamni tinchitib qo‘ysakmikin», degan edi Asadbek unga ola qarash
qilib «yangang tinch o‘tiribdi», deb to‘ng‘illadi.
Chuvrindi Xongirey chiqib ketganidan beri indamay o‘tirgan Bek akasiga achinib qaradi.
Dardiga malham bo‘lgisi keldi. Lekin bu o‘jar xojasi uni yaqin yo‘latgisi yo‘q. Boshqa payt
bo‘lganida Chuvrindi bu holatga zo‘r ahamiyat bermas edi. Hozir, vrachning xulosasini
eshitib kelgan choqda, garchi bu xulosaga ishongisi kelmasa-da, o‘zi uchun ota kabi
yaqin bo‘lmish bu odam dardiga befarq qaray olmas edi. U ora-sira Asadbekka zimdan,
o‘g‘rincha qarab «nahot shunday odamning umri shu qadar qisqa bo‘lsa?» deb o‘ylardi.
Asadbek uning o‘g‘rincha boqishlarini sezib o‘tirardi. «Mendan gap kutyapti. Avval o‘zim
o‘ylab, pishitib olay, unga aytmasam, yana kimga aytaman?»
— Choy chaqirtiraymi? — dedi Chuvrindi uzoq cho‘zilgan sukutdan betoqat bo‘lib.
— Chaqirtir, tashqariga chiqqim yo‘q,— dedi Asadbek muloyimlik bilan.
Chuvrindi navbatchi ayolga pul berib, nimalar keltirish lozimligini aytgach, darrov iziga
qaytdi. U ichkari kirishi bilan Asadbek qarorini ma’lum qildi:
— Tungi samolyotda qaytamiz. Tayyorgarlikni ko‘rib qo‘y.
— Mehmon ertaga ketadi shekilli, kuzatmaymizmi?
— U manziratga tushunmaydiganga o‘xshaydi. Xafa bo‘lmaydi. Sen hozir Haydar
akangga qo‘ng‘iroq qil, borgunimizcha bilib qo‘ysin: Hosil yaqin orada Moskvaga kelib
ketmadimi yo Xongireyning odamlari biz tomonlarga borib u xunasa bilan
uchrashishmadimi?
Chuvrindi shu gapning o‘zidanoq Xongireyning maqsadini anglaganday bo‘ldi. Telefonga
yaqin o‘tirishi bilan Asadbek qarorini o‘zgartirdi:
— Avval Kozlovni top menga. Haydarga keyin aytasan.
Kozlovni topish oson bo‘lmadi. Chuvrindi Asadbek izlayotganini ma’lum qilgach, bir
soatdan so‘ng uning o‘zi qo‘ng‘iroq qildi.
— Sog‘lig‘ing qalay? — deb so‘radi u Asadbekdan.
— Yaxshi. Hozir Xongirey bilan gaplashdim.
— Tushundim... Senga avvalroq aytishim kerak edi. Mazang qochgani uchun indamagan
edim. Qisqasi, Hosil degan bilan aloqa qilishimni istayapti u. Men hech qanaqa Hosil
deganni bilmayman, deb turibman.
— Sen u bilan o‘chakishma. Xo‘p, deyaver. Bu yog‘ini menga qo‘yib ber.
Shu bilan masala hal bo‘ldi. Chuvrindi Kozlovning gaplarini eshitmagan bo‘lsa-da,
masalaning jiddiyligini, Hosilboyvachcha Xongirey bilan yaqinlashib, Asadbekni yiqmoq
qasdida ekanini fahmladi.
Agar vrachning gaplari to‘g‘ri chiqsa, masala aql bovar qilmas darajada jiddiylashadi.
Chuvrindi uchun ham hayot-mamot masalasi ko‘ndalang tushadi. U Haydar akasi bilan
birlashgan taqdirda ham Hosilboyvachchaga teng kelolmasligini biladi.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |