www.ziyouz.com kutubxonasi
195
yig‘ib qo‘ydim.
— Borgunimizcha oyoqqa turib qolar. Do‘xtir «yurib ketishiga umid bor», devdi.
2
Moskvaga kun yoyila boshlagan mahalda yetib, qo‘nishdi. Asadbek ham, Chuvrindi ham
tayyorada Kozlovning yigiti kuzatib kelganidan bexabar edilar. Kuzatuvchi ulardan
avvalroq harakat qilib tayyoradan tushdi-da, zina oldida ularni qarshiladi:
— Ko‘chada mashina kutib turibdi,— dedi u, ikkovini baravar ajablantirib. So‘ng
ko‘chaga chiqib, mashinaga o‘tirishgach, izoh berdi: — «Rossiya» mehmonxonasidan joy
buyurilgan. Sizga kerakli mehmon ham o‘sha yerda shekilli, a?
Ular mehmonxonaga joylashishgach, Asadbekning yuvingani kirganidan foydalanib,
kuzatuvchi yigit Chuvrindiga kimningdir ismi yozilgan bir shapaloqday qog‘oz berdi:
— Mana shu vrach ertaga soat o‘nda sizni kutadi. Zarur bo‘lsa uy yoki xizmat telefoniga
istagan paytda qo‘ng‘iroq qilavering, ogohlantirib qo‘yganmiz. Mana bu Krasnoyardagi
tibbiy xulosalar. Xo‘jayinga ko‘rsatmas ekansiz, — u shunday deb qo‘lidan qo‘ymay
kelayotgan qog‘oz o‘ramini uzatdi. — Men bir soatdan so‘ng yana kelaman. Qaysi
xonaga joylashganimni aytaman. Ketguninglarcha sizlarning xizmatingizda bo‘laman.
Buyruq shunday bo‘lgan.
Ular doktor Xudoyor bilan bir qavatdagi xonaga joylashgan edilar. Chuvrindi chiqib
navbatchidan doktor Xudoyor kelishi bilan xabardor qilishini so‘radi.
Oradan bir yarim-ikki soatcha vaqt o‘tgach, doktor Xudoyorning xonasiga kirib ketgani
ma’lum qilindi. Chuvrindi «men ham chiqaymi?» deganday Asadbekka qaradi. Asadbek
ikkilandi. «Sen qolaver», desa ko‘ngli og‘riydi, boshlab chiqsa-da, doktor Xudoyor «bu
yolg‘iz o‘zingizga aytiladigan gap», desa yana noqulay. Asadbekni bu o‘ng‘aysiz holatdan
Chuvrindining o‘zi qutqardi:
— Restoranga tushib, besh-olti kishilik joy tayyorlab turaman,— deb o‘rnidan turdi.
Asadbek eshikni taqillatgach, ichkaridagi odam nemischalab nimadir dedi. Asadbek
tushunmadi. Adashdimmi, deb iziga qaytmoqchi bo‘lganida eshik ochilib, o‘rta bo‘yli,
qorachadan kelgan, tilla halli ko‘zoynak taqqan oltmish yoshlardagi kishi ko‘rindi. U
Asadbekni ko‘rishi bilan jilmaydi-da:
— Marhabo,— dedi,— fikri ojizimcha siz Asadbekdirsiz, a? Marhabo, janob, qalbimdasiz.
Asadbek salom bergach, ostona hatladi-da, so‘rashmoq uchun qo‘l uzatdi.
— Biz uchun vatandosh ila bundayin tarzda ko‘rushmak cho‘x uyatdur,— u shunday deb
Asadbek bilan quchoqlashib, yuzini yuziga bosdi.— Sizdan Vatan havosi keladur, cho‘x
mamnundirman, afandim.
Doktor Xudoyor uni ichkariga boshlab kirdi. Asadbek joylashib o‘tirgach, o‘zini tanitdi:
— Afandim, sizni men bilurman. Cho‘x go‘zal o‘g‘ullaringiz vordur. Bir olmaning bir yuzi
sizu yana bir yuzi farzandu arjumandlaringiz, demak mumkindir. Kamina doktor
Xudoyor. Katta bobom Xudoyorxonning qulog‘iga azon aytmish ekanlar. Otam rahmatli
shu voqeani unutmaslik maqsadi ila menga Xudoyor ismini bermish ekanlar. Men
Turkiyada kamol topdim, so‘ngroq Olmoniyaga ilm istab keldimki, hanuz shundadurman.
Biofizika ilmini durust fahm etib, Olmoniyada xizmatdadurman. Moskvada olam olimlari
konferans etmish ekanlar. Menda Olmon fuqarosi sifatida ishtirok eturman. Mening
safarga otlanajagimni xabarlab janob Muzaffarxon bir o‘tinch qilibdurlar.
— Muzaffarxon? Kim u?
— Siz u zotni bilmaysiz?
— Yo‘q.
— O, u zot cho‘x go‘zal insondur. Olmoniyadagi turkiylar orasinda cho‘x e’tibori vordur.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |