www.ziyouz.com kutubxonasi
177
daqiqa o‘tar, demak, yarim soat kutishi lozim. Zelixon atrofni sinchiklab kuzatib, pana
joy mo‘ljalladi. Ma’qul joy topilmagach, to‘rtinchi bo‘lmaga chiqdi-da, Valya bilan
Jamshid ko‘ringunicha shu yerda kutishga qaror qildi.
Ular mo‘ljaldan avvalroq ko‘rinishdi. Sayyohlar uchinchi bo‘lmadan chiqishgach, reja
bo‘yicha Valya Jamshidni bir bahona bilan ushlab qolishi kerak. Shunda Zelixon kiradi.
Shunda Jamshid hayrat tuzog‘iga tushadi. Tuzoqdagi qushning ahvoli esa ma’lum.
Uchinchi bo‘lmaga kirgunlariga qadar Jamshid Valyaning yetagidagi go‘l yigit ko‘rinishida
edi. Sayyohlar chiqa boshlashgach, Valya ma’danlarning sifati haqida so‘z ochdi.
Jamshid esa uning so‘zlariga quloq bermay, atrofga alangladi.
— Gapimni eshitmayapsanmi? — dedi Valya nozli ohangda.
— Ha, — dedi Jamshid.
— Nega?
— Bu gaplarni ko‘p eshitganman. Sen menga boshqa narsani gapir: akademik shu yerda
kutishi kerakmidi?
— Qaysi akademik?
— Bilmaysanmi? Ha, yaxshi, unda gapiraver, kutamiz, — Jamshid shunday deb bo‘lma
og‘ziga orqasini qilib turib oldi. Sharpa sezilganda ham qaramadi.
Zelixon bo‘lmaga asta kirdi. Valya uni ko‘rdi, ko‘zlari bilan ishora qildi. Ammo Zelixon bu
ishorani nimqorong‘ida sezmadi. U Jamshidga yaqin kelib, yelkasidan ushladi:
— Jamshid!
Jamshid Zelixon o‘ylaganidek sapchimadi, keskin o‘girilmadi. O‘girilib, hayratga ham
tushmadi. Astagina o‘girildi-da, zaharli jilmayish bilan Zelixonga tikildi.
— Akademikning buyrug‘iga binoan yetib keldim. Xizmatlariga tayyorman.
Zelixon «aytib qo‘ydingmi?» deganday Valyaga norozi qiyofada boqdi.
— Unga qaramang. Sizni kecha ko‘rganman. Siz o‘g‘irlikda balki akademikdirsiz, lekin
bunaqa ishlarda mishiqi bolaga o‘xsharkansiz. Shuncha odamni ovora qilganingizni
qarang. Men siz o‘ylaganday nodon yoki laqma bo‘lsam, shuncha yil Asadbekning
qanotida yurarmidim? Gap shu: xonimchangizga ham, orqadagi ikki yugurdagingizga
ham javob bering. Gapingiz bo‘lsa, yakkama-yakka gaplashamiz.
Zelixon «chiq» deganday Valyaga qaradi. Valya istamaygina chiqib, to‘rtinchi bo‘lmadagi
sayyohlarga qo‘shildi.
— Shu yerda gaplashamizmi yo yorug‘ jahonga chiqamizmi? — deb so‘radi Jamshid.
— Yorug‘ jahon ham gap ekanmi, — dedi Zelixon, — naq jannatning kindigida
otamlashamiz.
2
Ular tushgan mashina tog‘ning aylanma yo‘llari bo‘ylab yuqoriladi. «Gloriya» deb
nomlangan qahvaxona katta yo‘ldan chetroqda, begona ko‘zlardan panada bo‘lsa-da,
gavjum edi. Bu yer boshqa joylarga qaraganda tinch, to‘planganlar tasodifiy xo‘randalar
emas, balki doimiy mijozlar ekani ularning bamaylixotir o‘tirganlaridan sezilar edi.
Zelixon qamalmasidan ilgari bu yerda to‘rt-besh marta bo‘lgan, hatto Xongirey bilan
ham birga kelgan edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, kapalaknusxa
galstukli, orqaga taralgan sochlari oqargan qahvaxona og‘asi uni tanib, izzat bilan
qarshiladi-da, ikki kishilik joyga boshlab bordi. Ulardan hech kim nima ichasiz, nima
yeysiz, deb so‘rab o‘tirmadi.
Jamshid atrofga ko‘z yugurtirdi: pastda dengiz yastanib yotardi. Sarv qomatli archalar
shabadada asta chayqaladi. Yuqorida qorli cho‘qqilar ko‘rinadi.
— Uch-to‘rt chaqirim narida Stalinning dachasi bor, — dedi Zelixon. — Xohlasang
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |