www.ziyouz.com kutubxonasi
173
shularni o‘ylab, xayoliga bir gap keldi-yu, so‘radi:
— Taqsir, endi qabrni ochib, kafanlab, lahad kavlab qayta ko‘milsa bo‘lmasmikin?
— Bunga hojat yo‘q, bo‘tam. Birlamchi, marhumlarni bezovta qilmagan ma’qul. Bunda
jasad yotadir. Ruhlari esa vallohi a’lam erkinlikdadir. Ikkilamchi shuki, bunda madfun
etilganlar, vallohi a’lam, shahidlik martabasidadirlar. Aksarlari kofirlar bilan olishib
o‘ldilar, inshollohkim, Yaratganning o‘zi ularga shahidlik martabasi berar. Shahidlarga
esa kafan lozim emas. Qabristonni ziyorat qilmoqning odobi shuki, bilgan odam
«Yosin»ni o‘qimog‘i darkor. Orangizda bilganlar bormi? — Qariya shunday deb Jalilga
qaradi. Jalil yelka qisib, bosh chayqagach, tilovatni o‘zi boshladi. Uning qiroati shu qadar
yoqimli ediki, uchchovlari bir onda sehrlandilar. Kozlov qaqqayib turishni o‘ziga noqulay
deb bilib, yigitning qo‘lidan gulni oldi-da, qabr ustiga qo‘yib, asta iziga qaytdi.
— Rahmatli dadangiz bilan uch yildan ortiq birga bo‘ldik, — dedi qariya duodan so‘ng. —
Cho‘rtkesar, haqiqatparvar edilar. Xudo kuchdan ham bergan edi. Dadangiz
kelgunlaricha bizga kun yo‘q edi. Aristonlar orasida bir devday maxluq bor edi. To‘ng‘iz
deb laqab qo‘ygandik. U bor joyda hazrati Azroilga hojat yo‘q edi. Dadangiz kelganlarida
uch-to‘rt karra xiralik qildi. Bir kuni qarasak, tunda kimdir to‘ng‘izning boshini boltada
chopib tashlabdi. Bu ishni kim qilganini hamma fahmladi. Xo‘jayinlar ham sezishdi-yu,
guvoh bo‘lmagani uchun bo‘yniga qo‘ya olishmadi. Rahmatli dadangiz tufayli o‘shandan
keyin bag‘rimizga shamol tegib qoldi. Katta nachaynik itfe’l edi. Dadangizning payiga
tushdi. Shaxtaga haydadi. Uch marta ovga olib chiqdi. Ov deganimiz Xudoning bir balosi
edi. Itfe’l o‘ziga yoqmagan aristonlarning besh-oltitasini o‘rmon ichkarisiga haydab
borib, so‘ng qo‘yib yuborar edi. Kim evini qilib, uning o‘qlariga chap berib, lagerga qaytib
kelsa keldi, bo‘lmasa «qochishga uringanda otib tashlandi» deb xatga tirkashardi.
Uchinchi marta dadangizning yolg‘iz o‘zlarini olib chiqishdi. Evlasholmadi. Xudo o‘z
panohida asraganidan keyin, o‘q do‘li yog‘dirilsa ham bir tuki uzilmaydi-da. Dadangizga
boshqacha o‘lim nasib etgan ekan. Stalin o‘lgani haqidagi xabar bizga sakkizinchi martda
yetdi. O‘shanda dadangizning xastaliklariga uch kun bo‘lgan edi. Bu yerning do‘xtiri ham
aristonlardan edi. Yo qo‘li kaltamidi yo ilmimi, harholda chora topmadi. Yana uch kundan
so‘ng isitma aralash alahsirab turib, uzildilar. Samandarni ko‘rishga ilhaq edilar. Shu
armon bilan ketdilar. Yana bir armonlari — sizlardan hech xat-xabar bo‘lmadi. Ko‘zlari
to‘rt bo‘lib kutdilar.
Bu gapni eshitib, Asadbek yalt etib qariyaga qaradi:
— Qaerga yozishni bilmas edik. U yoqdagi idoralar ma’lumot berishmadi. O‘zlaridan xat
olmadik.
— Ko‘p yozdilar. O‘zim guvohman. Bilmasam, nechukdirki, sizlarga yetmagan ekan.
Xastalanmaslaridan burun ham yozganlari yodimda. Balki xat bu qamoqxonadan
chiqarilmagandir. Balki turadigan yeringizda g‘alamislar bo‘lgandir. Shunaqasini ham
eshitganmiz.
Bu gapdan keyin Asadbek Chuvrindiga qaradi. Chuvrindi bu qarashning ma’nosini
tushunib, «ma’qul» deganday bosh irg‘adi.
Barchalari uchun kutilmaganda Jalil qariyaga savol berdi:
— O‘zingiz nima uchun o‘tirgansiz?
Asadbek achchiqlanib, Jalilga qovoq uyub qaradi. Chuvrindi xijolatlik bilan boshini egdi.
Qariyaga esa bu savol malol kelmadi:
— Har narsa mavridi bilan, bo‘tam. Bu yerda hasrat daftari o‘qish joiz emas.
Qariya shunday deb o‘rnidan turdi. Jalil bilan Chuvrindi unga ergashdi. Asadbek o‘rnidan
jilmadi. Uning qolganiga e’tibor bermaganday, uchovlon uy sari yurdilar.
Asadbek bu onning qanday kechishini ko‘p xayol qilgan edi. Dam qabrni quchoqlab
yig‘lagan bo‘lardi. Dam otasining ruhi bilan suhbatlashardi. Onasining taqdiri,
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |