www.ziyouz.com kutubxonasi
11
— Sizdanmi? — U kuldi.— Men hech kimdan qo‘rqmayman. Siz menga keraksiz. Men
esam sizga kerakman. Siz — zo‘rsiz, lekin katta ishlar qo‘lingizdan kelmaydi.
Shomil bir-ikki kun surishtirib, mavqeini aniqlagach, Unga tobe bo‘la qoldi. Ilgarilari U
Shomilning yonidan jilmagan bo‘lsa, endi Shomil uning yonidan jilmaydigan bo‘ldi.
G‘ilayning o‘qrayib qarashiyoq ko‘pchilik ko‘ngliga g‘ulg‘ula solardi. Ana shu qarash
tufayli ayrim ishlar «Tinch yo‘l bilan hal etilar edi»...
Hosilboyvachcha hali keng qanot yoymasdan avval Asadbek pinjiga kirishga urinib ham
ko‘rdi. Uning niyati qal’a ichiga o‘tib, so‘ng asta yemirish edi. Biroq qal’a sarkardalari U
o‘ylagandek anqov emas edilar — yaqinlashtirmadilar. Asadbek Uning turqini
ko‘rgandayoq ensasi qotdi. Chuvrindi Uning tarjimai holi bilan erinmay qiziqib,
Asadbekni xavfdan ogoh etdi. U hatto Kesakpolvonga ham yoqmadi. «Bu mijg‘ovning
qo‘lidan faqat mijg‘ov ishlar keladi», dedi. Na iloj, yo‘li to‘silgan ekan. U ham anoyi
emas, indamay orqasiga qaytavermaydi. Qal’ani qamal qiladi. O‘n yilmi, yigirma yilmi,
qamal qilib turaveradi. Oxir-oqibat qo‘lga oladi. So‘ng qo‘porib tashlaydi.
Keyingi voqealar, ayniqsa Qilich Sulaymonov voqeasi unga qal’a nuray boshlaganidan
dalolat berdi. U avvaliga vinzavod boshqoniga yordam berdi. So‘ng qo‘l-oyog‘ini bog‘lab
egasiga topshirdi. Qilich Sulaymonov Hosilboyvachchaga suyanaman, deb go‘llik qildi.
Bolalikdagi voqealar, gaplar uning esidan chiqqan edi, Hosilboyvachchaning esa xotirasi
tiniq, o‘yinga qo‘shmagan, «kelgindi» deb haqorat qilgan bolani u hali unutmagandi.
Qilich Sulaymonov bahonasida Asadbekka qarshi olib borayotgan pinhona urushi
yashirin holatidan chiqa boshladi. Elchinni to‘yga taklif etib sharmanda qilganida buni
ko‘pchilik sezdi. U davri-davroni kelayotganini sezdi. Ayniqsa Jamshidning o‘limi
«dushman lageri»ning parokandalikka uchrayotganini ayon etdi.
Chuvrindinikiga fotihaga bordi. Maqsad — fotiha o‘qish emas, maqsad — Asadbekning,
a’yonlarining rang-ro‘yini ko‘rmoq, kayfiyatlari qanday ekanini aniqlamoq edi. Asadbekni
ham, Kesakpolvonni ham uchratmadi. Uni Chuvrindining yolg‘iz o‘zi, sir bermagan
holatda kutib oldi.
— Kimning ishi ekan bu? — dedi Hosilboyvachcha.
— Dunyoda g‘alamislar kammi? — deb javob berdi Chuvrindi.
— Harholda g‘aflatda qolibsizlar. Bek akamga ayting, g‘aflat yomon narsa. Bu ikkinchisi,
a?
— Ha, ikkinchisi.
— Bizga xizmat bormi? Topaylik o‘sha g‘alamislarni.
— E, boyvachcha, tashvish chekmang. O‘rganning nonini yarimta qilmaylik.
G‘alamislarni topish — ularning yumushi. Biz tirikchilik orqasida tinchgina yurgan
odamlarmiz...
Shu suhbatning ertasiga «Asadbekning qizi o‘zini osibdi» degan tahlikali xabarni
eshitgach, unga ko‘p narsa oydin bo‘ldi. «Bek aka tugabdilar, asfalasofilinga
jo‘nashlariga bir qadam qolibdi», deb qo‘ydi.
Shu kuni Hosilboyvachcha qamal holati yakunlanganini angladi.
3
Zelixon biron g‘alva chiqmog‘ini kutgan edi. Ammo bu qadarli fojia yuz berar, deb
o‘ylamagandi.
Beozorgina tong otdi. Bu tongni Ismoilbey odati bo‘yicha namoz bilan, kichkintoylar
uyqularida ko‘rayotgan shirin tushlari bilan kutib olishayotgan edi. Ahadbeyning
iltimosiga ko‘ra bu uyda tunagan Zelixon uxlaganday bo‘lmadi. Har yarim soatda
shovqin solib o‘tuvchi poezdning guldiragiga bu xonadondagilar ko‘nikib qolgan,
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |