www.ziyouz.com kutubxonasi
92
opoqimga yaxshi qara, duolarini ol. Boshlig‘ing bilan o‘ynashma. Berayotgan va’dalariga
ishonma. Va’da degani bir qopqon, senga o‘xshagan laqmalarni oson ilintirish uchun
o‘ylab topilgan. Haqiqat uchun kurashish sening qo‘lingdan kelmaydi. Buni menga qo‘yib
ber.
— Haqiqat uchun kurashuvchi bo‘lib oldingmi, hali? Haqiqat bechoraning kuni senga
qolibdimi? Kurashganingiz hozirgi gaplaringiz-da, a?
— Piching qilishga ustasan. Tilingdan zahar tomib turadi. Ko‘p o‘qigansan-u, zarracha
uqmagansan. Dunyo faylasuflaring yozib ketganday bo‘lmaydi hech qachon. Qayta
qurishlariga ham ishonma. Bo‘rilar bir yumalab qo‘yga aylanishgan. Lekin bu qo‘ylar o‘t
yemaydi, go‘sht yeydi. Tushundingmi! Senga o‘xshagan laqmalarning go‘shtini yeydi.
Xonzoda ikki kosada mastava ko‘tarib kirmaganida ikki do‘stning suhbatidan tutun
chiqar edi. Elchin ovqatning issiqligiga qaramay, tez-tez xo‘rillatib ichdi. Ilgari bunday
emas edi. Qoshiqni toza sochiqda artib, ovqat ichidan tilla qidirganday obdan aralashtirib
sovutib, ezmalanib ichardi. Anvar do‘stidagi bu o‘zgarishni ko‘rib, «qamoqning ta’siri-
da», degan xulosa chiqardi.
Elchin Anvarning imillab ovqat yeyishini kuzatib o‘tirdi. Kosa bo‘shagach, «zarur ishlarim
bor, keyin kelaman», deb qo‘zg‘aldi.
— To‘y qachon? — dedi Anvar.
— Yaqin qoldi. Qamishdan belbog‘ tayyorlab tur.
— Qayinsinglimni ko‘rasanmi?
— Keyin... keyin, bir gap bo‘lar... — Elchin shunday deb, xayrlashish uchun qo‘l uzatdi.
4
Sog‘inch hislari andak orom olgach, Xonzoda uyquga ketdi. Qariyb ikki oy qattiq
karavotda yolg‘iz yotishga ko‘nikib qolgan Anvarga ikki kishilik yumshoq karavot torlik
qilib uyqu bermadi. Xotinining yengil pishillashini ko‘rpa-yostiq o‘ziga yutmay, aksincha
yanada kuchliroq jaranglatib Anvarning qulog‘iga urganday bo‘laverdi. Butun xona
xotinining nafasiga to‘lib ketganday, toza havo qolmaganday tuyuldi. Holbuki, xona
bahavo, Xonzodaning yengil pishillashiga e’tibor bermasa ham bo‘lardi. Uni bezovta
etayotgan narsalar aslida bular emas. Jinnixonadagi bedor tunlar, quyun o‘ramiday
yopirilib keluvchi xayollarga bandi bo‘lish, uchinchi qavatdan kelayotgan baqiriqlar —
hayoti mazmunini belgilab qo‘yganday, u aynan shunday yashashga mahkum etilganday
edi. Anvar bedorligi ana shu mahkumlik mevasi ekanini anglamay, bunga boshqa
sabablar axtardi. U yon-bu yoniga ag‘darilaverish ham joniga tegib, o‘rnidan turdi.
Jinnixonada bunday kezlarda suhbatlashuvchi navbatchi hamshiralar bo‘lishardi. Jimlikni
poralovchi baqiriqlar eshitilib turardi. Harholda tiriklik belgilari mavjud edi. Uyida esa,
nainki o‘z uyida, balki butun mahallada osudalik.
Xonzoda erining turganini bildi. Ko‘zini salgina ochib qarab qo‘ydi-yu, indamadi. Bir
ozdan keyin yana uyquga ketdi. Uning pishillashi tingach, soatning chiqillashi bosqondan
tushayotgan bolg‘aday jaranglab miyasiga urila boshladi.
Anvar yotoqdan mehmonxonaga chiqdi. Qancha o‘tirganini bilmaydi. Bir mahal uyi
yorisha boshlagach, yuragi hapriqib o‘rnidan turib ketdi. Oppoq nur yuqoridan poyandoz
singari tushib oyoqlari ostida to‘xtadi. Anvar bu safar qo‘rqmadi, oyoq-qo‘llari
muzlamadi. Yoqimli ovoz kelishini kutdi. Ovoz hayallamadi:
— Sen bizdan qochib keldingmi?
— Men... o‘z uyimga keldim.
— Yolg‘on gapirma. Sen bizga ishonmayapsan. O‘zingni ruhiy xasta deb his qilyapsan.
Biz bilan uchrashganingni kimga aytsang ham u seni jinni deb hisoblaydi. Sen
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |