www.ziyouz.com kutubxonasi
79
osmonda hasrat elagi elanib, hasrat yog‘ilar edi. Tabiat odam ruhiga moslanadimi yo
odamning ruhi tabiatga moslanib qoladimi — tushunmak qiyin. Harholda ko‘ngil xira
tortgan mahalda chor atrof ham tundlashib qoladi.
U ko‘chaga bemaqsad chiqqan edi. Erkni oyoqlariga berdi. Yuziga urilayotgan qor
uchqunlaridan rohatlandi. «Kechgacha yog‘sa hammayoq oppoq bo‘ladi. Havoda g‘ubor
qolmaydi. Qor yog‘dirish, tindirish, oftob chiqish — Xudoning irodasi bilanmi? Xudo qor
yog‘dirgani kabi haqiqat, adolat yog‘dirsa-chi? Bir kungina yog‘dirsa edi. Qor erib
tuproqqa singib ketishiga o‘xshab, haqiqat bilan adolat odamlarning yuragiga singib
ketsa... Dunyo bir kundayoq boshqacha bo‘lib qolardi...» Zohid bobosining gaplarini
esladi: «Olloh taborak va taolo insonlarni sinamoq uchun bu dunyoga yuborgan...»
Sadaqayrag‘ochdek o‘sgan oq o‘rik ostidagi supaga ko‘rpacha to‘shab o‘tirishni
xushlaydigan bobosi shu gaplarni ko‘p takrorlardi. Ko‘zoynakning singan bandlari o‘rniga
ip tortib quloqqa ilib, muk tushib eski kitoblarni o‘qib o‘tiruvchi bobosi ko‘z oldiga keldi.
Akasiga ergashib ko‘cha changitib yurib yo suv ichgani, yo qorni ochib bir tishlam non
yegani kirib qolganda bobosi «Qani, do‘ngpeshonalar, o‘tiringlar-chi, eshitinglar-chi...»
deb eski kitobdan hikoyatlar o‘qishni boshlardi. Ular esa bobosining o‘qishga
berilganidan foydalanib lip etgancha qochib qolishardi. Zohid hozir bobosini qo‘msadi.
Eski kitoblardan o‘qib berishini, nasihatlarini, dunyoning tuzilishi, insonlar xulqi haqidagi
so‘zlarini eshitgisi keldi. Bobosining bu dunyodan rizqi uzilganda Zohid o‘n yoshda edi.
Ko‘p gaplarni eshitardi, biroq mag‘zini chaqolmasdi. Ulg‘ayib, bu yorug‘ olamning
qorong‘i ko‘chalariga bexos kirib qolib, nochor tentiragan choqlarida esida qolgan
gaplarni fahmiga yetmoqqa harakat qilardi. Yillar o‘tgani sayin, dunyo tikonzorlarini
yalangoyoq kezgani sayin bobosining o‘gitlariga muhtojligi orta bordi. Zohid kamgap
otasiga dardini aytib dalda ololmasdi. Bu oilani tanimagan kishiga «shu indamas
ketmonchi o‘sha mulla odamning o‘g‘li», desa ishonishi qiyin. Bobosi urib bo‘lsa ham
ilmini o‘rgatmagan ekan-da, ketmoningni chopib yurovur, o‘g‘lim, ilm bilan qorin
to‘ymaydi, degan ekan-da... Mana endi Zohidning akasi o‘lib ketdi, otasida na eskicha,
na yangicha ilm bor. O‘ylab qarasa, qarindosh-urug‘lari orasida ham bobosi kabi odam
yo‘q ekan. O‘tin yonib, kul qolibdi, deganlari shumi?
Bobosini o‘ylab borayotgan Zohid savollariga javob topganday bo‘ldi: «Xudo yog‘dirgan
haqiqat, adolat — bobomga o‘xshagan odamlar emasmidi ekan? Ular yer yuzidagi
odamlar qalbiga yaxshilik urug‘i sepishlari lozimmi edi? Bobomga o‘xshaganlar kamayib
ketyapti-ku! Endi nima bo‘ladi? Endi yuraklar faqatgina qon haydashga yaraydigan hissiz
buyumga aylanadimi? Haqiqat va adolat tamom qovjirab, kuyib kul bo‘ladimi?!»
Zohid badbin xulosaga yaqinlashgan edi. U dunyoda bitta yaxshi, bitta to‘g‘ri odam
qolgunicha adolat va haqiqat yashashi mumkinligini hozirgi kayfiyatida idrok eta olmas
edi. Yomonlar, munofiqlar nafasidan olov chiqib haqiqat va adolatni kuydiradi, ammo
yaxshilarning yuragidan quvvat olguchi bu haqiqat, bu adolat yashayveradi. Bu — azaliy
kurash! Yana necha asr davom etadi — yaratganga ma’lum. Bandasiga bir narsa ayon —
azaliy kurashning intihosi — qiyomat!
Erkinlikka erishgan oyoqlar Zohidni avval anhor bo‘yiga, so‘ng suvoqlari ko‘cha
boshlagan to‘rt qavatli uyga boshladi. Nurab qolgan tosh zinalarni bosib to‘rtinchi
qavatga ko‘tarildi. Havorangga bo‘yalgan yog‘och eshikka qaysidir bola bo‘r bilan katta
qilib «prof. Habib Sattorov» deb yozib qo‘yibdi. Shu yozuvni ko‘rib Zohid xayolini
yig‘ishtirdi. «Nimaga keldim? Hasratimni to‘kish uchunmi? «Bu sohaga o‘tib ovora
bo‘lma, sen izlagan haqiqat yo‘q u yerda. Bo‘lmagan, yo‘q va bo‘lmaydi ham», deb
necha marta ta’kidlagan. Endi «Gapingiz to‘g‘ri ekan», deb kirib boramanmi?» Zohid bir
oz harakatsiz turib, iziga qaytmoqchi bo‘ldi. Endi o‘girilib ketaman, deganida eshik
ochilib yelkasiga jun ro‘mol tashlab olgan Habib Sattorov ko‘rindi. Zohidning burilib
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |