www.ziyouz.com kutubxonasi
74
«Haromi!» deydi u, «o‘zing itdan tug‘ilgansan», deysan sen. Shu holda davom
etaveradi. Senga yaxshi. Dilingdagini ovoz chiqarib aytding nimayu ichingda aytding
nima? Farq shundaki, dildagi tilga uchsa joning ketishi mumkin, joningga rahm qilingan
taqdirda abjag‘ing chiqadi. Tilni besuyak yaratgan Xudoga zorlanib bir-ikki oy, balki bir
umr ko‘rpa-to‘shak qilib yotarsan. Karimulla tilini tish hatlashiga yo‘l qo‘ymadi. Asadbek
so‘ka-so‘ka bir tarsaki tushirib qolganini aytmasak, suvdan quruq chiqdi hisob.
Asadbek tarsakidan so‘ng bu ko‘samulla chiqib ketar, deb o‘ylagan edi. Uning mutelik
bilan qo‘l qovushtirib, bosh egib turganini ko‘rib:
— Yana nima darding bor? — dedi.
— Begim, bir qoshiq qonimdan keching, sizga noto‘g‘ri informatsiya berishibdi.
— Gapni cho‘zma. Menga qanaqa xabar yetkazishni bilishadi. Haj qilmoqchimishsan, bu
ham yolg‘onmi?
— Rost, begim, rost. Men asli shu gapni aytay deb keluvdim. Oqsoqollar Asadbek aka
ham borsinlar, deyishyapti. Billalashib borsam, biram yarashadi... Siz bilan borsak, ikki
marta haj qilganday bo‘lamiz.
— Sen bilan yursam yarashadimi?
— Men bilan yurmasangiz ham... Asadbek hoji bo‘lib yurishingiz yarashadi.
— Pulni qaerdan olasan? Kambag‘al-faqir bo‘lsang?..
— Begim, qarindosh-urug‘ bor, hozir o‘n besh ming pulmi? Gunohlarni ko‘p qilardik,
oxiratni o‘ylamasak...
— Oxiratni degin... O‘n besh mingni to‘lab u yoqdan mayda-chuyda olib kelsam,
xarajatni qoplarmikin?
Asadbek bu savolni sinov uchun bergan edi. Buning fahmiga yetmagan Karimullaga jon
kirdi.
— Chiqadi, begim, uncha-muncha qoladi ham.
— Xarajatdan tashqari yigirma ming qolarmikin?
Karimulla bu savolga o‘ylamay-netmay javob qaytardi:
— Yigirma ming chiqmas-ov, ammo o‘n mingcha qolar.
— Shunaqa degin, hisoblab qo‘yibsan-da, a?
— Endi, odamlar aytib yurishibdi-ku...
Asadbek javonga yaqinlashib, eshigini ochdi. Karimulla taxlanib turgan pullarni ko‘rib,
entikib ketdi. «Xarajatni ko‘taradi shekilli», deb quvondi.
— Qarindoshlaringni tinch qo‘y, — dedi Asadbek, pul sanay turib. — Mana senga o‘n
ming, — u shunday deb beli bukilmagan pullarni Karimulla tomon tashladi.
Karimullaning pulga uzatgan qo‘llari muallaq qolaverdi. — Sen harom qadamingni
Makkaga bosma, Makkaga pokiza odamlar borishi kerak. Yo‘qol endi, ko‘zimga ko‘rinma.
Karimulla pullarni apil-tapil yig‘ishtirib olib, qulluq qilganicha chiqib ketdi. Pullarni
paltoning keng cho‘ntaklariga sola turib «yigirma ming desam bo‘larkan», deb o‘kindi.
Asadbek joyiga borib o‘tirib, yostiqqa yonboshladi. Bir dam xayollarga bandi bo‘ldi.
So‘ng ko‘ziga uyqu ilinib boshini yostiqqa qo‘ydi. Qancha uxlaganini bilmadi. Bir
uyg‘onganida shom qorong‘isi cho‘kkan edi. Xotini kirib: «Ovqatga chiqasizmi yo shu
yerga olib kiraymi?» deb so‘radi. Asadbek «chiqaman», dedi-yu, yana uyqu elitib
o‘rnidan qo‘zg‘olmadi. Xuddi birov ikki yelkasidan bosib, miyasiga qo‘rg‘oshin
quyayotganday ko‘zlarini ham ocholmay qoldi. Miya sergak, quloq atrofda tiq etgan
tovushni ham eshitadi. Ko‘z esa g‘alati uyquda — bir jarga qulaydi, yuragi qinidan
chiqquday bo‘ladi, bir bosinqiraydi, bir chala uyg‘onadi... Shu ahvolda tong ottirdi.
Nonushtadan keyin Jamshid keldi.
— Bek aka, hammasi pishdi. Uyiga oborib qo‘ydim,— dedi Jamshid.
— G‘alva ko‘tarmadimi?
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |