www.ziyouz.com kutubxonasi
166
— Yo‘q... Ochig‘i... Jalol meni uyga qo‘yib, o‘zi bir yoqqa ketdi. Sanginaxon bilan biroz
chaqchaqlashib o‘tirdik.
— Qani, yuring. — Zohid uni beka o‘tirgan uyga boshladi. — Mana bu kishiga qarang,
kelganmilar?
Ayol O‘rinbosarga bepisand qarab oldi:
— Esimda yo‘q.
— Ertagacha eslab, soat o‘nda prokuraturaga borasiz, — Zohid shunday deb ko‘krak
cho‘ntagidan chaqiruv qog‘ozi olib, yozdi-da, bekaga uzatdi.
— Men o‘nda borolmayman, — dedi ayol, — ishdan ruxsat berishmaydi.
— Beshik to‘yiga deb so‘rasangiz balki ruxsat berishmas. Lekin chaqiruv qog‘ozini
ko‘rsatsangiz ijozat tegadi. Gaplaringizga qaraganda qonunni yaxshi biladiganga
o‘xshaysiz. O‘zingizni go‘llikka solmang. Sizga esa, — Zohid O‘rinbosarga yuzlandi, —
hozircha ruxsat. Kerak bo‘lganingizda o‘zimiz chaqiramiz. Shahardan chiqmay, uzoqqa
ketmay turing.
— Shunaqa paytda qayoqqa ham ketardim. Qo‘limdan kelgan xizmatni ayamayman, —
O‘rinbosar shunday deb xayrlashib, chiqdi.
Shilimshiqning xonasida tintuv tugab, ekspert piyoladagi barmoq izlarini olayotgan,
suratchi fotoapparatini g‘ilofiga joylayotgan, Hamdam esa kiyim-kechaklar ro‘yxatini
yozib o‘tirgan edi. Maqsud Soliev esa deraza rahiga suyanib, o‘yga botgan holda turardi.
Zohid ish oxiriga yetishini kutib o‘tirdi. Guvohlar ro‘yxatga imzo chekishgach, mayor
Soliev ularni qo‘shni xonada yana ozgina kutib turishlarini iltimos qildi.
— Bor bisoti shu ekanmi? — dedi Zohid, ular chiqib ketishgach.
— Ha. Boylik talashganga o‘xshamaydi, — dedi Hamdam.
— Xonima nima deydi? — deb so‘radi mayor.
Zohid suhbat bayonini ma’lum qilib, O‘rinbosarning ma’lumotini ham qo‘shib qo‘ydi.
— Shilimshiq Sibirdan quruq kelmagan, bu aniq. Begona ayolning uyiga ham qo‘nmaydi.
Hamdam, sen bugun uy bekasining kim ekanligini aniqlab qo‘y, — dedi Soliev, —
Shilimshiq bir joyga chiqib kelgan bo‘lsa, demak, mollari boshqa yerdaligi aniq. Qaerda,
nimasi bor uning? O‘smirligida qamalganidan beri sip-silliq yurishida bir gap bordir.
Qotilini topganimiz bilan ish bitmas, daraxt ildizi chuqurroqdir. Ildizni kavlashga daraxt
egalari, bog‘bonlari yo‘l qo‘yisharmikin? Axir bu anov-manov daraxt emas. Bog‘bonlarni
boqib turadigan, soyasidan bahramand etadigan daraxt-a! — Soliev shunday deb
Zohidga qaradi. Lekin undan javob kutmay, ustol ustidagi jomadonga yaqinlashdi. Xuddi
og‘irligini chamalaganday ko‘tarib ko‘rdi. — Hamdam, guvohlarni chaqir. Chamadonning
bahridan o‘tishga to‘g‘ri keladi.
Guvohlar kirgach, cho‘ntagidan bukma pichoq chiqarib, Hamdamga uzatdi. Hamdam
xuddi usta bichiqchiday ildam harakat qilib, jomadon astarini yirtdi. Harakatlari zoe
ketib, jomadondan arzirli hech nima chiqmadi. Shundan so‘ng guvohlarga ruxsat berildi.
— Men hozir sen bilan birga boraman, — dedi Soliev Zohidga. — Shilimshiqdan qolgan
narsalarni o‘zim bir ko‘ray.
3
Mayor Soliev Shilimshiqdan qolgan bisotlarga avval tikilib turdi. So‘ng ko‘zoynagini
taqdi-da, qo‘liga tilla zanjirli medalonni oldi.
— «Lyubimoy Lene ot Pavla»... Bu qaerda ekan?
— Bo‘ynida. Barmog‘ida anavi tilla uzuk. Cho‘ntagida pul. Hech narsasiga tegishmagan,
— dedi Zohid.
— Lenasi kim bo‘ldi?
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |