www.ziyouz.com kutubxonasi
143
Chuvrindi Samarqandga shirinsuv korxonasini ishga tushirishga, Kesakpolvon esa
Marg‘ilondagi muzqaymoq korxonasining nima sababdan to‘xtab qolganini aniqlash
maqsadida ketishgan edi.
Asadbek xonasiga kirishi bilan hisobchini chaqirdi. Videobarning o‘ng tomonidagi xona
hisobchiniki. Yapon anjomlari bilan ish yurituvchi hisobchi Asadbekni qiziqtirgan har
qanday ma’lumotni bir lahzada yetkazadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Viloyatlarga
tariqday sochilgan, ko‘rinishi nazarga tushmas darajada kichik, ammo foydasi katta
korxonalaridan xazinaga pul avvalgiday oqib turibdi. Asadbek vinzavod masalasini hal
qilib olgach, bu xo‘jalikni teng ikkiga bo‘lib, a’yonlarga berishni niyat qilgan. A’yonlar
buni bilishadi. Shu sababli korxonalardan hamisha boxabar bo‘lib turishadi.
Asadbek hisobchining axborotidan ko‘ngli to‘lib o‘tirganida telefon jiringladi. Qo‘shni
xonadagi qizlardan biri yoqimli ovozi bilan gapirib, vinzavod direktori yo‘qlayotganini
bildirdi. Asadbek moviy telefon go‘shagini ko‘tardi. Ikki soatcha ilgari vinzavoddagi
odamlar prokuror kelganini bildirishgan, Asadbek, «Qo‘rqmang, biz hammasidan
xabardormiz», degan mazmunda ko‘ngliga dalda bergan edi. «Bunga yana nima jin
tegdi», degan xayolda go‘shakni qulog‘iga tutdi. Sharifning xavotirga tushganini ovozi
oshkor qilib turardi. U Qilich Sulaymonovning qamoqdan qochganini aytgach, Asadbek:
— Bo‘lishi mumkin emas! — dedi keskin. — Kim telefon qildi?
— Polkovnik Musaxo‘jaev degan odam.
— Qaerdan?
— Milisadan bo‘lsa kerak.
— Nima ko‘p, milisaning idorasi ko‘p. Nima ko‘p polkovnik ko‘p.
— To‘g‘ri... lekin Musaxo‘jaev bittadir?
«Yana aql o‘rgatadi-ya», deb g‘ijindi Asadbek.
— Vahima qilavermang. Qilich Sulaymonovdan o‘nta bo‘lsa ham qo‘rqmang.
Asadbek ig‘voning isini tuygan bo‘lsa ham, kerakli bir joyga qo‘ng‘iroq qilib, aniqlab
berishni topshirdi.
«Qilichning qochishi hecham mumkinmas. Xohlasa shunday ham chiqib keladi. Yo Hosil
aralashdimi? Qochganlar uning odamlari bo‘lsa, balki shu gap ham to‘g‘ri chiqar. Bu
boyvachchaning qimirlashi yaxshi bo‘lmayapti. Qilichni o‘tqazib qo‘yib bekor qildimmi?..»
Chorak soatga qolmay hammasi ayon bo‘ldi. Qamoqdan besh kishi qochgani to‘g‘ri, lekin
Qilich Sulaymonov joyida edi. Polkovnik Musaxo‘jaev degan odam esa yo‘q. Demak,
ig‘vo! Kimga kerak bu ig‘vo? Maqsad Sharifni qo‘rqitib qo‘ya qolishmi? Yo Asadbek
saltanatiga tosh otib, g‘ashiga tegishmi? Kim bo‘lsa ham nozik joyidan olgan.
Begonaning ishi emas bu. Asadbek bir to‘xtamga kelishga ulgurmay Hosilboyvachcha
qo‘ng‘iroq qildi.
— Akaxon, to‘yning charchoqlari chiqay dedimi? Ammo olamjahon zo‘r to‘y qildingiz-da!
Hormang, deb supraqoqdiga borishga vaqt bo‘lmadi. To‘yingizning ertasiga Farg‘onaga
jo‘nab qoldim. Bugun qaytdimu okaxonni bir yo‘qlab qo‘yay, dedim.
— Tinchlikmi? — dedi Asadbek.
— G‘alvali ishlar bor. Ko‘rishganda aytaman.
— «Kamaz»ga ketganlardan darak bormi? Qo‘lidan ish keladigan bolalarmidi o‘zi?
— Bu yog‘iga xotirjam bo‘ling, okaxon. O‘nta «Kamaz» sizniki. Shu hafta ichi yetkazib
kelishmasa, basharamga tuflang.
— Sizday ukaxonlarga ishonmasak, kimga ishonamiz, shunchaki so‘rab qo‘ydim-da.
— Ammo, to‘yingiz jannatning to‘yidek bo‘ldi-da! Biz ham shunday to‘ylarga yetaylik,
deb niyat qildik. Endi kichkinagina bir maslahatli ish bor. Kuyovingizga bir xizmatcha
chiqib turibdi. Bir qadrdonimiz to‘y...
— Hosilboy, jigarim, bunaqa gaplarni o‘ziga ayting... Men «amma-xolasi havodor», deb
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |