www.ziyouz.com kutubxonasi
218
chiqib ko‘cha eshikni qulfladi. Bir necha nafasdan so‘ng uyat alangasi pasayib, yana
shayton yo‘rig‘iga kirib eshikni qiya ochib qo‘ydi.
Jamshid odati bo‘yicha indamay kirib keldi.
— Tinchlikmi? — dedi uyga kirib.
— Tinchlik... birov yurganga o‘xshadi, qo‘rqdim.
— Hofiz akam qaerdalar? To‘yga ketdilarmi?
— Hofiz akangiz...— Zaynab «akangiz» degan so‘zga piching bilan urg‘u berganini o‘zi
ham sezmay qoldi,— Farg‘onadagi to‘yga ketganlar.
— Kennayimni olib kelaymi yo o‘zingni olib ketaymi?
«Qani edi olib ketsangiz... uzoqlarga... faqat ikkalamiz yashaydigan joyga... Atrofimizda
hech kim bo‘lmasa...»
— Birpas o‘tiring, choy iching.
— Mayli, bir piyola ichay.
Jamshid o‘zini majburlab o‘tirdi. U Zaynabning asl maqsadini bilmas edi. Aniqroq aytilsa,
gumonining haqiqatga aylanib qolishini istamadi. Bir piyola choyga ikkinchisi,
uchinchisi... ulandi. Jamshid kamgap, ko‘zlari ham xotirjam boqardi. Bu chiroyli
ko‘zlarda ishrat uchqunlari yonmas edi. Erkak tomon tashabbus ko‘rsatmagandan so‘ng
ayol kishiga qiyin ekan. Zaynab — qizlik orzulari toptalgan ma’suma — iffatini o‘zi
toptamoqqa ojizlik qilmoqda edi. «Olov temirni eritgani kabi oshiq yurak tafti tosh
qalblarni eritgay», deyishardi. Nahot Jamshidning qalbi toshdan ham qattiqroq bo‘lsa?..
«Ilon chaqsa menga uning zahri kor qilmaydi, ammo jonimning chiqishi uchun bir qiyo
boqishing kifoya»... Qaysi bir kinoda yigit kuyib shunday ashula aytgan edi. Ajab,
yigitlar qizlarning birgina qiyo boqishi uchun o‘lib-tiriladilar. Bu toshyurak esa... Yo bu
«Yor azobi men uchun farog‘at», deydigan toifadanmi? Zaynab uni suhbatga qanday
tortishni bilmay, xayoliga kelgan mayda-chuyda gaplarni qaytarmasdan aytaverdi.
Jamshid juvonning harakatini kuzatib, gaplarini eshitib, onda-sonda bir javob aytib
o‘tiraverdi. Yaxshi hamki bu yerga kelishidan oldin bir kecha-kunduz aysh qildi. Yo‘qsa,
shaytonga hay berolmay qolsami... «O‘zingni bos... Sinayotgan bo‘lsa-chi?.. Balki
akasiday ko‘rar meni... Ayol kishi chaqirsa maqsadi faqat... Shu bo‘ladimi?»
— Nima uchun meni shu odamga berishdi, bilasizmi? — Zaynab shunday deb qattiq
tikildi. Shu paytgacha ko‘zlarning to‘qnashuvidan cho‘chiyotgan edi. Bu safar hech tap
tortmay tikildi.
Jamshid darrov javob bermadi. So‘ng gapni hazilga burmoqchi bo‘ldi:
— Bek akam «nimaga?» degan savolni yomon ko‘radilar. Akamga «xo‘p bo‘ladi» degan
ko‘proq yoqadi.
Bu hazildan Zaynabning zardasi qaynadi:
— Siz... qulmisiz?
Mazkur savoldan Jamshidning ham zardasi qaynadi. Ammo o‘zini majbur qilib kuldi:
— Qul emasman. Ishimiz shunaqa. Hamma «nimaga?» deb so‘rayversa, aql o‘rgataversa
ish yurishmaydi.
— Adamdan so‘ramagan bo‘lsangiz, o‘zingizcha o‘ylamadingizmi?
— Bu gaplarni qo‘zg‘ama. Bek akam yanglishmaydilar.
— Ha... yanglishmaydilar... Meni kim o‘g‘irlagan, bilasizmi?
Jamshid «Ha», desa yana savollar o‘qiga duchor bo‘lishini bilib, indamadi.
— Bilmasmidingiz?
— Qo‘ysang-chi shu gaplarni.
— Bilmasmidingiz?.. Siz.. pismiqsiz!.. Siz mening odam ekanimni bilasizmi? — Zaynab
shunday deb turib yig‘lab yubordi.
Ayni paytda telefon jiringladi. Zaynab telefon tomonga bir qarab, qo‘lini siltab qo‘ydi-da,
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |