www.ziyouz.com kutubxonasi
98
YAXSHILIK VA YOMONLIK
El aro yuradi bir naql,
Xalq uni takrorlab aytadi.
Kimsaga yomonlik qilmagil,
Bir kuni o‘zingga qaytadi.
Darvoqe, pand bersang bir jonga,
U ham tinch turarmi hech zamon.
Deydilar, tuflasang osmonga
Yuzingga tushgaydir begumon.
Yaxshilik qilsang-chi, sen, biroq,
Qaytarmi u senga? Bu mubham...
Boshini silasang gohi choq
Qo‘lingni tishlaydi iting ham.
1994
DUNYO
Bir kimsa umrining so‘ngiga qadar,
Yig‘di molu dunyo, yig‘di siymu zar.
Uni qiziqtirdi na do‘stning holi,
Va na qo‘shnisining o‘ksik ahvoli.
U chindan mol-mulkning jilovin tutdi,
Faqat nafs ortidan ot surib o‘tdi.
Bir kuni ba hukmi taqdiri azal,
Shamshirin ko‘tarib keldi-ku ajal.
Endi na siymu zar qutqara olur,
Na billur, na gavhar qutqara olur.
Rozi yo norizo - farqi yo‘q mutloq,
Bunday choq chorasiz hatto do‘st-o‘rtoq.
Beshafqat ajalga berar ekan tan,
U dedi: “Shu ekan, dunyo shu ekan”.
Marhumga marhumlik ko‘rilgay loyiq,
Uni qabristonga eltdi xaloyiq.
Uyum tuproq bo‘ldi quvonchi-g‘ami,
Kimdir boqib dedi: “Shunga shunchami”...
1994
* * *
Saylanma. Abdulla Oripov
Do'stlaringiz bilan baham: |