TOSHKENT SHA’NIGA
Goho oddiy maskanday tuyuladi, ochiq gap,
Har kuni yashayverib ko‘nikib qolgan uying.
Toshkentim, ajib kentsan, muhtasham qo‘rg‘onsan zab,
Ming-minglab chaqirimdan ko‘rinib turar bo‘ying.
Necha-necha ellarda duch keldim turfa zotga,
Toshkan desang yugurar yuzlariga tabassum.
Toshkent so‘zi uyqashdir tinchlik bilan hayotga,
Toshkent desa anglanur mehr bilan tarahhum.
Shunday payt goh o‘ylayman: buning boisi nedur,
Nechun shoir tilidan tushmaydigan nazmsan!
Axir, bunda har bir g‘isht tarixdan mujda erur,
Beruniy ta’rif etgan ko‘hna shahri azimsan.
G‘afur G‘ulom so‘zini har lahzada yod etib,
Toshkentning kamolidan mening ham ko‘kda boshim.
Nega uning dovrug‘i olamni ketmas tutib,
Bu yerda ijod etsa dovrug‘li zamondoshim.
Toshkentdir kamon yasab degrezlarga bo‘lgan joy,
Bugun o‘zbek yurtining eng katta korxonasi.
O’n to‘rt go‘dak haykalin ko‘rgandirsiz hoynahoy,
O’sha turfa millatning Toshkent bo‘lgan onasi.
Jahon voqeotida sening ta’rifing shoyon,
Necha zotlar mehringdan ilhomu zavq olmishdir.
Men ham kamtar fuqarong,
madh eturman bu zamon,
Mening ham qatra qonim
tuprog‘ingda qolmishdir.
Hamisha ustuvor bo‘l, barqaror bo‘l hamisha,
Ey, ko‘hna Sharqimizning
hech so‘nmas mash’alasi.
Noming kabi mustahkam, poydor bo‘l hamisha,
Do‘stlik, baxt, muruvvatning
mangu boqiy qal’asi.
1982
QONUNIYAT
Oqshom baroq mushuk labini yalab
Uyquga ketadi sichqonni o‘ylab.
Sassiz qanot qoqar boyqush tunlari,
Es-hushida faqat qushning inlari.
Tulki to‘qaylarda izg‘iydi giryon
Xayolida uning tovuq yo quyon.
Burgut yuksaklarda qanot qoqadi,
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
18
U ham o‘lja izlab tuban boqadi.
Bu-ku, tabiatda qonundir azal,
Foydasiz bu yerda axtarsang masal.
Lekin olamda bor o‘zga bir holat
Uni sharh etolmas hech kimsa, hech vaqt.
Oh, faqat odamzod - farzandi bashar.
Bir-birin mahv etish qasdida yashar.
1982
NIYAT
Magar kelganda ham qiyomat qoyim,
Yor bo‘lsin yigitga niyati doim.
Tabarruk keksaning gapin eshitdim,
Boshing toshdan bo‘lsin, derdi, iloyim.
Dilovar dardida tortdim uzangi,
Men kim deb ado-yu, kimdir adoyim.
Gohida safardosh bo‘ldim g‘animga,
Sodiq do‘st topolmay qaytganda royim.
Boshimga chiqdi goh poyim to‘zoni,
Ulug‘lar qoshida goh bo‘ldi joyim.
Qismat qahr bilan yo‘lim poyladi,
Agarchi, baxt menga boqdi muloyim.
1982
* * *
Zamin aylanadi, chiqadi quyosh
Hargiz kibr bilan ko‘tarmagin bosh.
Oyoq ostingdagi xarsangni tepma,
Balki haykal bo‘lar senga o‘sha tosh.
1982
* * *
Sizga tilaklarim bir jahon bo‘lsin,
Boshingiz oftobli osmon bo‘lsin.
Kunduzning g‘aroyib chog‘idir oqshom,
Saodat birla u nurafshon bo‘lsin.
1982
EPIGRAMMA
Sen o‘lsang nimangni ko‘mamiz ekan,
Shuni o‘ylab qoldik bilonihoya...
Saylanma. Abdulla Oripov
Do'stlaringiz bilan baham: |