www.ziyouz.com kutubxonasi
4
1-BOB
Barcha amallardagi so‘zlar va hollarning maxfiy hamda oshkoralarida ixlos
bilan niyat zarurligi haqida
Alloh taolo:
«Holbuki, ular faqat yagona Allohga, U zot uchun dinni xolis qilgan, to‘g‘ri
yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni to‘kis ado etishga
hamda zakotni (haqdorlarga) ato etishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri
yo‘ldagi (millatning) dinidir». (Bayyina surasi, 5-oyat);
«Allohga (qilgan qurbonliklaringizning) go‘shtlari ham, qonlari ham yetmas.
Lekin U zotga sizlarning taqvo-ixlosingiz yetar» (Haj surasi 37-oyat);
«Ayting (ey Muhammad), dillaringizdagi narsani xoh yashiring, xoh oshkor
qiling, Alloh bilur» (Oli Imron surasi, 29-oyat), deb aytgan.
1/1. Amirul mo‘minin Abu Hafs Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh
(s.a.v.): «Albatta amallar niyat bilandir. Va har kishiga qilgan niyati uchun berilur.
Kimning hijrati Alloh va rasuli (rizosi) uchun bo‘lsa, Alloh va rasuliga bo‘ladi. Kimning
hijrati dunyo topmoq uchun yoki biror xotinga uylanish uchun bo‘lsa, u kishining hijrati
niyat qilgan narsasi uchun bo‘ladi», deb aytganlarini eshitdim», dedilar. Bu hadisni
muhaddislar imomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra al-
Buxoriy va Abul Husayn Muslim ibn Hajjoj ibn Muslim al-Qushayriy an-Nisoburiylar
rivoyat qilishdi.
2/2. Mo‘minlar onasi Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh (s.a.v.) «Bir toifa
askarlar Ka’baga hamla qilish uchun kelishadi. Ular sahroli yerga kelishganida
avvalgilari-yu oxirgilarini yer yutadi», dedilar. Shunda men: «Ey Allohning rasuli,
ularning avvalgi-yu oxirgilarini qanday qilib yer yutadi? Holbuki, ularning oralarida
bozorchilar va ulardan tashqari kishilar ham bor-ku?!» desam, u zot: «Yer barchalarini
barobar yutadi. So‘ngra Qiyomat kuni hamma o‘z niyatiga muvofiq tiriltiriladi», dedilar».
Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Lafz Buxoriyniki.
3/3. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Makka fath bo‘lgandan keyin
hijrat yo‘qdir. Lekin jihod va niyat boqiy qoladi. Agar jihod uchun chaqirilsangizlar, unga
chiqinglar», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Buning ma’nosi shuki, Makkadan hijrat qilish yo‘qdir. Chunki u kufr diyori emas, balki
Islom diyoridir.
4/4. Abu Abdulloh Jobir ibn Abdulloh al-Ansoriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh
(s.a.v.) bilan birga g‘azotlarning birida edik. Shunda u zot: «Madinada bir qancha
odamlar qoldilarki, qaysi yerdan yursangizlar yoki qaysi maydondan o‘tsangizlar, ular
sizlar bilan birgadirlar. Chunki ularni (bu yerga sizlar bilan birga kelishdan) bemorliklari
to‘xtatib qo‘ydi», dedilar». Boshqa bir rivoyatda esa: «Ular ajr va savobda sizlarga
sherikdirlar», deyiladi. Imom Muslim rivoyatlari.
Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Biz Tabuk g‘azotidan Rasululloh (s.a.v.) bilan birga
qaytib kelayotgan edik. U zot: «Madinada biz bilan birga kela olmay qolgan bir qancha
kishilar bor. Biror dara yoki vodiydan o‘tsak, ular ham biz bilan birga bo‘lurlar. Chunki
(biz bilan g‘azotga chiqishdan) uzrlarigina to‘xtatib qo‘ygan, xolos», dedilar». Imom
Buxoriy rivoyatlari.
5/5. Abu Yazid Ma’n ibn Yazid ibn Axnasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. (U zot, otalari va
bobolari sahobalardan edi). U kishing otasi Yazid sadaqa qilish niyatida bir qancha
dinorlarni chiqarib, masjidda bir kishi huzuriga qo‘ydi. «Men kelib, u dinorlarni olib, uyga
qaytdim. Otam: «Allohga qasamki, men (bu sadaqaning) senga berilishini niyat
qilmagan edim», dedilar. Bu haqda janjallashib, Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga bordik.
Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy
Do'stlaringiz bilan baham: |