www.ziyouz.com
kutubxonasi
224
1220/10. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Ramazon oyining
chiqqanini ko‘rib ro‘za tutinglar. Shavvol oyining chiqqanini ko‘rib, og‘iz ochinglar. Agar
osmon bulutli bo‘lib oy ko‘rinmasa, sha’bon oyini o‘ttiz kun mukammal qilib tutinglar»,
dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Bu lafz Buxoriyniki.
Imom Muslimning rivoyatlarida esa: «Osmon bulutli bo‘lib yangi oy ko‘rilmasa o‘ttiz
kun mukammal ro‘za tutinglar», bo‘lib kelgan.
218-BOB
Ramazon oyida xayr-saxovat hamda yaxshiliklarda bardavom
bo‘lish, xususan bunday yaxshi ishlarni oxirgi o‘n kunlikda
ko‘paytirishning fazilati haqida
1221/1. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) odamlarning ichida
eng saxiysi edilar. Ramazon oyida Jabroil alayhissalomga yo‘liqqan paytlarida yanada
saxiy bo‘lib
ketardilar. Jabroil alayhissalom Ramazonning har kechasida bu zot bilan ko‘rishib,
Qur’onni dars qilishar edi. Rasululloh (s.a.v.) Jabroil alayhissalomga yo‘liqqanlarida
yaxshilik qilishda yuborilgan shamoldan ham saxiy bo‘lib ketardilar. Imom Buxoriy va
Muslim rivoyatlari.
1222/2. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) agar Ramazonning oxirgi
o‘n kunligi kirsa kechani bedorlik ila o‘tkazar edilar. Va ahllarini ham uyg‘otib, bellarini
ibodatga mahkam bog‘lar edilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
219-BOB
O’n beshinchi sha’bondan keyin Ramazon kirmay turib ro‘za tutish
man etilgani, faqat avvaldan tutib kelayotgan bo‘lsa yoki dushanba
va payshanbadagi odatlariga to‘g‘ri kelib qolsa zarari yo‘qligi
haqida
1223/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Sizlardan hech bir
kishi sha’bon oyining oxirgi bir yoki ikki kunida ro‘za tutib Ramazon oyiga kirmasin.
Lekin bir kishining odatiga to‘g‘ri kelib qolsa ro‘za tutishining zarari yo‘qdir», dedilar.
Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
1224/2. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Ramazondan oldin
ro‘za tutmanglar. Yangi oyni ko‘rib ro‘za tutinglar. Yangi oyni ko‘rib og‘iz ochinglar. Agar
bulut yangi oyni ko‘rishga mone’lik qilsa o‘ttiz kun mukammal qilib ro‘za tutinglar», deb
aytdilar. Imom Termiziy rivoyatlari.
(Ya’ni, agar yangi oyni ko‘rish imkoni bo‘lmasa sha’bon oyini o‘ttiz kun mukammal
qilib keyin ro‘za tutilsin. Hamda shavvol oyini ko‘rish imkoni bo‘lmasa o‘ttiz kun to‘la
ro‘za tutib, keyin og‘iz ochilsin. - Tarj)
1225/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar sha’bon
oyining yarmi qolgan bo‘lsa (nafl) ro‘za tutmanglar», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari.
1226/4. Abu Yaqzon Ammor ibn Yosirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Kim shak
kunida ro‘za tutsa, batahqiq Abulqosimga (s.a.v.) osiylik qilibdi», dedilar. Abu Dovud va
Termiziy rivoyatlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |