www.ziyouz.com
kutubxonasi
89
yana shuncha kunda bir parcha go‘shtga aylanadi. Keyin bir farishta (onangiz qorniga)
yuborilib, unga ruh puflaydi va to‘rt so‘zni, ya’ni rizqingizni, ajalingizni, qanday amal
qilishingizni va baxtsiz yoki baxtliligingizni yozib qo‘ymoqqa buyuriladi. Undan boshqa
iloh yo‘q bo‘lgan Zot (Alloh)ga qasamki, sizlardan biringiz o‘zi bilan jannat o‘rtasida bir
gaz masofa qolgunicha jannat ahli amalini qilib yuradi-da, pirovardida (onasi qornida
bitilgan) taqdiri unga peshvoz chiqib, do‘zax ahliga mansub bir ishni qilib qo‘yadi va
do‘zaxga ravona bo‘ladi. Sizlardan biringiz o‘zi bilan do‘zax o‘rtasida bir gaz masofa
qolgunicha do‘zaxiylarga xos ishlarni qilib yuradi-da, pirovardida (onasi qornida bitilgan)
taqdiri unga peshvoz chiqib, jannat ahli amalini qilib qo‘yadi va jannatga ravona
bo‘ladi». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
397/2. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «(Qiyomat kuni)
jahannam mahsharga keltiriladi. Uning yetmish ming jilovi bo‘ladi. Har jilovida yetmish
ming farishta bo‘lib, jahannamni tortib kelishadi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.
398/3. No‘‘mon ibn Bashirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Qiyomat kuni
do‘zax ahllari orasida gunohi eng yengili bir kishiki, uning ikki qadami ostiga ikki cho‘g‘
qo‘yiladi. U cho‘g‘ miyasini qaynatib turadi. Bu azoblanayotgan kishi mendan ko‘ra qattiq
azoblanayotgan kishi yo‘q bo‘lsa kerak, deb gumon qiladi. Vaholanki, azobi eng yengili
shu kishidir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
399/4. Samura ibn Jundubdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Allohning nabiysi (s.a.v.) «O’t
do‘zaxiylarning ba’zisini ikki to‘piqlarigacha yondiradi. Va ba’zilarini ikki tizzasigacha
yondiradi. Va ba’zilarini ishtonbog‘larigacha yondiradi. Va ba’zilarini bo‘yinlarining
atrofigacha yondiradi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.
400/5. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «(Qiyomat kuni)
odamlar Alloh huzurida tik turishadi. Hattoki, ba’zilari quloqlarining yarmigacha
o‘zlarining terlariga ko‘milib, ko‘rinmay qoladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim
rivoyatlari.
401/6. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh (s.a.v.) bizga xutba aytdilar. U kabi
xutbani hech eshitmagan edim. U zot: «Agar sizlar men bilgan narsani
anglaganlaringizda edi, oz kulib ko‘p yig‘lagan bo‘lardingizlar», dedilar. Bu xutbani
eshitgan sahobalar yuzlarini berkitib piqillab yig‘lashar edi». Imom Buxoriy va Muslim
rivoyatlari.
Boshqa rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh (s.a.v.)ga sahobalari tomonidan bir narsa
xabari yetganida, u zot quyidagicha xutba aytdilar: «Menga jannat va do‘zax ko‘rsatildi.
Uni bugungidek yaxshilik va yomonlikda ko‘rmaganman. Agar sizlar men bilgan narsani
his qilganingizda, oz kulib, ko‘p yig‘lardingizlar». Rasululloh (s.a.v.) sahobalariga
bugungidan ko‘ra qattiqroq kun bo‘lmagan. Ular boshlarini berkitib piqillab yig‘lashar edi.
402/7. Miqdoddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Qiyomat kuni xaloyiqqa
quyosh yaqinlashtiriladi. Hattoki, u bilan quyosh o‘rtasida bir mil (o‘lchov) qoladi»,
dedilar. (Bu hadisning roviysi Sulaym ibn Omir (r.a.) quyidagilarni Miqdoddan rivoyat
qildilar: «Allohga qasamki, Rasululloh (s.a.v.) mildan nimani maqsad qilganlarini
bilmadim. U yer o‘lchanadigan mil yoki ko‘zga surma qo‘yayotganda qo‘llaniladigan mil
bo‘lishi mumkin».) «So‘ngra kishilar amallari miqdoricha o‘z terlariga g‘arq bo‘lishadi.
Ulardan to‘piqlarigacha g‘arq bo‘ladiganlari, tizzalarigacha g‘arq bo‘ladiganlari va
bellarigacha g‘arq bo‘ladiganlari bor. Va ba’zilarini o‘z terlari yuganlab qo‘yadi», deb
Rasululloh qo‘llari bilan og‘izlariga ishora qildilar. Imom Muslim rivoyatlari.
403/8. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kishilar Qiyomat
kuni shu darajada terlashadiki, u ter yetmish gaz yer qa’riga singiydi. Va yana u terlari
yuganlab olganidan hattoki quloqlarigacha g‘arq bo‘lishadi», dedilar. Imom Buxoriy va
Muslim rivoyatlari.
Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy
Do'stlaringiz bilan baham: |