Mashriq ham, mag‘rib ham Allohnikidir. Bas, qay tarafga yuz bursangiz, o‘sha joy Allohning tarafidir. Shubhasiz Alloh (hamma tomonni) qamrab olguvchi bilimdondir.
«Allohning bolasi bor», dedilar. U zot bularning badgumonidan mutlaqo pokdir. Balki yer va osmonlardagi narsalar u zotga tegishlidirki, hammasi unga bo‘yinsunadi.
(U) yeru osmonlarni paydo qilguvchidir. Biror ishni hukm qilsa unga faqatgina «Bo‘l» deydi, xolos. Bas, u ish bo‘ladi.
Bilmaydigan kimsalar: «Alloh bizga gapirsa edi yoki biror alomat kelsa edi», deydilar. Ulardan ilgarigilar ham ularniig gaplariga o‘xshash gaplarni aytishgan edi. Dillari bir-biriga o‘xshaydi. Biz aniq ishonadigan qavm uchun oyatlarni aniq bayon qildik.
Albatta Biz sizni haq (din) bilan xushxabar eltguvchi va ogoxlantiruvchi qilib yubordik. Do‘zaxilar xususida siz mas'ul emassiz.
Yahudiy va nasroniylar ularning diniga kirmaguningizcha hargiz sizdan rozi bo‘lmaydilar. Ayting: «Allohning yo‘ligina haqiqiy yo‘ldir». Qasamki, agar sizga qelgan haqiqiy bilimdan keyin ularning nafs-havolariga ergashsangiz, Alloh tarafidan sizga na bir do‘st va na bir yordam berguvchi bo‘lmaydi.
Biz kitob (ya'ni Tavrot, Injil) ato etgan zotlar orasida uni to‘g‘ri tilovat qiladigan kishilar ham bordirki, ana o‘shalar (Qur'onga) iymon keltirurlar. Va kimda-kim unga (Qur'onga) kofir bo‘lsa, o‘shalar ziyon ko‘rguvchilardir.
Ey bani Isroil, sizlarga in'om qilgan ne'matimni va sizlarni butun olamga afzal qilgan paytimni eslang.
Va birov birov tomonidan hech narsa o‘tay olmaydigan va hech kimdan evaz qabul qilinmaydigan, oqlov foyda bermaydigan va hech kimga yordam ham berilmaydigan kundan qo‘rqing!
Eslang: Ibrohimni Parvardigori bir necha so‘zlar bilan imtihon qilganida, ularni benuqson holda ado etdi. Shunda (Alloh taolo): «Albatta Men seni odamlarga imom qilguvchidirman», dedi. «Zurriyotimni ham-a?» - deb so‘radi u. (Alloh taolo) aytdi: «Mening bu ahdim (sening zurriyoting orasidagi) zolim kimsalarga yetmaydi».
Eslang: «Baytullohni odamlar uchun ziyoratgoh va tinch joy qildik va Ibrohimning (Ka'batullohni bino qilayotgan vaqtida) turgan o‘rnini namozgoh qilib oling, (dedik) va Ibrohim bilan Ismoilga: «Mening baytimni tavof qilguvchilar, o‘sha yerda ibodat qilib turuvchilar, ruku uchun pok tuting», deb buyurdik.
Eslang: Ibrohim: «Ey Parvardigor, bu shaharni tinch shahar qilgin va uning ahllaridan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarini turli mevalar bilan rizqlantirgin», deganida, Alloh taolo: «Kofirlarini ham bir oz foydalantirib, so‘ngra do‘zax azobiga duchor qilamanki, bu eng yomon oqibatdir», dedi.
Eslang: Ibrohim Ismoil bilan birgalikda Baytullohning poydevorini ko‘tarib (dedilar); «Parvardigoro, bizdan (ushbu qilgan amalimizni) o‘zing qabul ayla. Shubhasiz, sen eshitguvchi, bilguvchisan!
Parvardigoro, bizni o‘zingga bo‘yinsunguvchilardan qilgin va zurriyotimizdan ham o‘zingga itoat qiladigan kishilar chiqargin. Va bizga (qiladigan) iboratlarimizni o‘rgatgin va tavba-tazarrularimizni qabul et! Shubhasiz, sen tavbalarni qabul qilguvchi, rahmlisan.
Parvardigoro, ularning orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmatni (Qur'on va Hadisni) o‘rgatadigan va ularni poklaydigan bir payg‘ambarni yubor! Shubhasiz, sen qudrat va hikmat sohibisan».
Do'stlaringiz bilan baham: |