Yo‘q, sizlar yetimni izzat-ikrom qilmassizlar! Miskin-bechoraga taom berishga ham bir-birlaringni targ‘ib qilmassizlar!
Merosni esa (o‘zlaringizning ulushingizga o‘zgalarnikini ham) qo‘shib yeyish bilan yeyaverursizlar!
Yana mol-dunyoni qattiq muhabbat bilan yaxshi ko‘rursizlar!
Yo‘q, (bunday kirdikorlaringizdan qaytingiz)! Qachon yer (zilzilaga tushib, barcha narsa) chilparchin qilinganda,
Parvardigoringiz(ning hukmi) va farishtalar saf-saf bo‘lib kelganda,
(Kofirlar ko‘rishlari uchun) o‘sha Kunda jahannamni ham (yaqin) keltirib qo‘yilganda — ana o‘sha Kunda inson (bu ko‘rganlaridan) eslatma-ibrat olur! (Ammo u Kunda) bu eslatma-ibratning foydasi) qayoqdan tegsin?!
U: «Eh, koshki edi men hayot vaqtimda (yaxshi amallar) qilib o‘tgan bo‘lsam», deb qolur!
U Kundagi (Allohning) azobi kabi hech kim azoblay olmas!
Va U zotning (kishan va zanjirlar bilan) bog‘lashi kabi hech kim bog‘lay olmas!
(U Kunda hayoti dunyodan Alloh taoloning va'dasiga ishonib iymon va ezgu amallar bilan o‘tgan mo‘minlarga xitob qilinib, deyilur): «Ey xotirjam-sokin jon,
Sen (Alloh ato etgan ne'matlardan) rozi bo‘lgan (va Alloh taolo tomonidan sening amallaringdan) rozi bo‘lingan holda Parvardigoring (huzuri)ga qayt!
BALAD SURASI Makkada nozil qilingan bu sura yigirma oyatdan tashkil topgandir. Sura avvalida Alloh taolo O'zining necha-necha payg‘ambarlari tug‘ilib o‘sgan va xususan so‘nggi payg‘ambari Muhammad alayhis-salomning ona maskanlari bo‘lgan ulug‘ shahar - Makkai Mukarramaga va barcha insonlarning haqlariga qasamyod qilish bilan - inson zoti bu dunyoga mehnat - mashaqqat chekish uchun kelishi haqida xabar beradi. Bu sura «Balad - Shahar» deb nomlanishining boisi shudir. So‘ngra qo‘llaridagi mol-mulklarini xo‘jako‘rsinga sovurib, maqtanib yuradigan kimsalar ogohlantirilib, faqat iymon-e'tiqod bilan Alloh taolo buyurgan joylarga beriyo sarf-xarajat qilish bilangina oxirat baxt-saodatiga erishish mumkinligi, Alloh taoloning oyatlariga kofir bo‘lgan kimsalar esa shak-shubhasiz do‘zaxi badbaxtlar ekanliklari ta'kidlanadi. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman) 1-2-3. (Ey Muhammad), mana shu shaharga — holbuki siz ham mana shu shaharda yashaysiz — hamda ota va undan bo‘lgan bolalarga (ya'ni Odam alayhis-salom va uning barcha zurriyotlariga) qasamyod qilurmanki.