Har ikki bog' hosilini bekamu ko'st berar, ularning o'rtasidan bir anhor o'tkazgan edik. .
Yana uning boyligi ham bor edi. Bas, u birodariga murojaat qilib: "Mening boyligim senikidan ko'proq va odamlarim kuchliroq", - dedi.
O'ziga zulm qilgan holda, bog'iga kirayotib, aytdi: "Bu (bog'u boyligim) hech qachon yo'q bo'lmaydi.
Qiyomat ham qoyim bo'lmaydi, deb o'ylayman. Qasamki, agar Rabbimga (farazan) qaytarilsam, (qayta tirilsam), albatta, bundan ham yaxshiroq oqibat (baxt)ni topurman".
Birodari unga murojaat qilib, dedi: "Seni (Odamni) tuproqdan, so'ng bir tomchi "suv"dan yaratib, so'ngra inson qilib rostlagan zot (Alloh)ga kofir bo'ldingmi?!
Men esa: "U Alloh Rabbimdir" (deyman) va Rabbimga hech kimni sherik qilmayman.
Sen bog'ingga kirganingda: "Alloh xohlagan narsagina (bo'lur), bor kuch-quvvat yolg'iz Alloh bilandir", deganingda edi! Bordiyu meni boylik va farzand jihatidan o'zingdan kamroq deb bilsang,
shoyadki, Rabbim menga sening bog'ingdan yaxshiroq (bog') ato etar, (sening bog'ingga esa) osmondan ofat yuborur, bas, u toyg'oq (tekis) yerga aylanib qolur.
Yoki uning suvi (yer qa'riga) singib ketib, sen uni istab topa olmay qolursan".
(Darhaqiqat), uning mevasi (bog'i) ihota (halok) qilindi. O'zi esa huvillab qolgan ishkomlarni (ko'rib) va ularga sarflangan narsalarni (o'ylab), chapak chalganicha (pushaymon qilib): "Qani edi, men ham Rabbimga hech kimni sherik qilmaganimda!" - deb qoldi.
Shuningdek, uning uchun Allohdan o'zga na bir yordam beradigan guruh bo'ldi va na o'zi (o'ziga) yordam bera oluvchi bo'ldi.
U joyda (Qiyomatda) madad faqat Haq - Alloh (izmi)dadir. U mukofoti yaxshi va oqibati xayrli zotdir.
(Ey, Muhammad, odamlarga) dunyo hayoti misolini keltiring. (U) xuddi bir suv kabidirki, Biz uni osmondan yog'dirgach, (bahorda) u sababli yer o'simliklari (bir-biriga) aralashib (qalinlashib) ketur, so'ngra (kuzda) shamollar uchirib ketadigan xashakka aylanib qolur. Alloh hamma narsaga qodir zotdir.
Izoh: Inson umrining bahori - yoshlik davri va kuzi - keksalik ayyomi ekani haqida masal berilmoqda.
Mol-mulk, farzandlar dunyo hayotining ziynatidir. Rabbingiz nazdida esa, boqiy qoluvchi solih amallar savobliroq va orzu qilishga loyiqroqdir.
Tog'larni (bulutlardek) yurgizadigan va sizlar Yerni tep-tekis (tog'u, bog'larsiz) ko'radigan Kunni (Qiyomatni eslangiz)! (U Kunda Biz) ulardan birortasini qo'ymay yig'amiz.
Ular saf tortgan hollarida Rabbingizga ro'baro' qilinadilar (va Biz ularga ayturmiz): "Mana sizlarni ilk bor qanday yaratgan bo'lsak, shunday holda, (yalang'och holingizda) huzurimizga keldingiz. Balki sizlarga Biz va'da qilgan Kunni (Qiyomatni paydo) qila olmas, deb o'ylagandirsizlar?!"
(So'ng har bir kishining) nomai a'moli (o'z qo'liga) qo'yilur. Bas, gunohkorlarning unda (bitilgan) narsalardan dahshatga tushib: "Holimizga voy! Bu qandoq kitobki, na kichik va na katta (gunohni) qoldirmay, barchasini hisoblab qo'yibdi", deyishlarini ko'rursiz. (Ular) qilgan (barcha) amallarini naqd holda topurlar. Rabbingiz hech kimga zulm qilmas.
Eslang, (Ey, Muhammad,) farishtalarga Odamga sajda qiling, deyishimiz bilan sajda qildilar. Faqat iblis (sajda qilmadi). U jinlardan edi. Bas, Parvardigorining amriga bo'yin sunishdan bosh tortdi. Endi sizlar (ey, Odam bolalari,) Meni qo'yib, uni (iblisni) va zurriyotlarini do'st tutasizmi?! Ular sizlarga dushman-ku! U (iblis) zolimlar uchun (Allohning o'rniga) naqadar yomon "o'rinbosardir!"
Men ularni (iblis va uning zurriyotini) na osmonlar va Yerni yaratishga va na o'zlarini yaratishga guvoh qilgan emasman, shuningdek, (bu) yo'ldan ozdiruvchilarni (O'zimga) dastyor qilib ham olganim yo'q.
U Kunda (Qiyomatda Alloh): "Sizlar Mening sheriklarim deb o'ylagan (butlaringizni) chaqiringiz", der. Bas, ularni chaqirganlarida, (ular) javob qilmaydilar. (Chunki) Biz ularning o'rtalarida halokat chohini (do'zaxni) paydo qilib qo'ygan bo'lamiz.
Gunohkorlar do'zaxni ko'rib, o'zlarining unga tushuvchi ekanlarini biladilar, ammo undan qochishga joy topmaydilar.
(Biz) bu Qur'onda odamlarga turli masallardan bayon qildik. Darhaqiqat, inson ko'p janjal (bahs) qiluvchidir.
Odamlarga hidoyat kelganda imon keltirishlaridan va Parvardigordan mag'firat so'rashlaridan to'sgan narsa - bu faqat ularga o'tganlarning yo'li (halokatlari) kelishi yoki ochiq azob kelishi (intizorligi)dir.
Izoh: O'tganlarning yo'lidan murod - ularga o'xshab imon keltirmay itoatsizlik qilgan qavmlarga kelgan azobning bularga ham kelishining haqligi yoki keladigan azobga ishonmay, masxara uchun uning kelishini kutib o'tirishlaridir.
Biz payg'ambarlarni faqat xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchilar sifatidagina yuborurmiz. Kofir bo'lganlar esa botil (hujjatlar) bilan tortishib, uning yordamida haqiqatni toyiltirmoqchi bo'lurlar hamda oyatlarimni va o'zlari ogohlantirilgan narsani (oxirat azobini) masxara qilib olurlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |