U yurtlarning aholisi tunda uxlayotganlarida, ular uzra azobimiz kelib qolishidan xotirjammilar?!
Yoki u yurtlarning aholisi choshgoh paytida o'ynab turganlarida, ular uzra azobimiz kelib qolishidan xotirjammilar?!
Allohning "makri"dan (ham) xotirjammilar?! Allohning "makri" (azobi)dan faqat ziyon ko'ruvchilar qavmigina "xotirjam" bo'lurlar.
Yerni oldingi aholisidan keyin meros qilib oluvchilarni, xohlacak gunohlari sababli ularga (balo) yetkazgan bo'lishimiz to'g'ri yo'lga solmadimi?! Ularning dillarini muhrlab qo'yamiz. Natijada ular (haq gapni) eshitmaydilar.
Ana o'sha qishloqlar. Ularning xabarlari qissasini Sizga aytmoqdamiz. Ularga payg'ambarlari ochiq hujjatlarni keltirgan edilar. (Lekin) oldindan ularni yolg'onchiga chiqarganlari sababli imon keltirmadilar. Alloh kofirlarning dillarini ana shunday muhrlab qo'yadi.
Ularning ko'plarida ahd (vafodorlik)ni topmadik. Ko'plarini fosiq ekanliklarini topdik (bildik).
So'ngra ulardan keyin Musoni mo''jizalar bilan Fir'avn va uning zodagonlariga (elchi qilib) yubordik. Ularga zulm qildilar. Buzg'unchilarning oqibati qanday bo'lganini ko'ring!
Muso aytdi: "Ey, Fir'avn! Men olamlar Rabbidan (yuborilgan) elchidirman.
Alloh nomidan faqatgina haq (gap)ni gapirishga haqlidirman. Sizlarga Rabbingizdan hujjat keltirdim. (Ey, Fir'avn!) Isroil avlodini men bilan birga (muqaddas yurtlari - Shomga) jo'natgin!"
(Fir'avn): "Agar rostgo'ylardan bo'lib mo''jiza keltirgan bo'lsang, uni keltir (ko'rsat)!" - dedi.
Bas, (Muso) asosini tashlagan edi, bexos u aniq (chin) ajdahoga aylandi.
Qo'lini (qo'ynidan) chiqargan edi, birdan u qarab turganlarga oppoq (nurli) ko'rindi.
Fir'avn qavmining zodagonlari: "Bu juda bilimdon sehrgar", - dedilar.
(Fir'avn): "Sizlarni o'z yerlaringizdan chiqarmoqchi, nima buyurasizlar?" - dedi.
Aytdilar: "Uni va akasi (Horun)ni qo'yatur, Madoin (shahri)ga yig'ib keluvchilarni yubor!
(Ular) senga barcha bilimdon sehrgarlarni olib kelsinlar!"
Fir'avn huzuriga sehrgarlar kelib: "Agar biz g'olib bo'lsak, bizga mukofot bormi?" - dedilar.
"Albatta! - dedi (u): - Sizlar (menga) yaqinlardan bo'lursizlar".
Aytdilar: "Ey, Muso! (qo'lingdagi asoni birinchi sen) tashlaysanmi yoki biz (qo'limizdagilarni) tashlaguvchi bo'laylikmi?"
(Muso): "Tashlanglar!" - dedi. Bas, tashlagan edilar, odamlarning ko'zlarini sehrlab qo'ydilar va ularni cho'chitib yubordilar - ulkan sehr keltirdilar.
Musoga: "Asoingni tashla!" - deb vahiy qildik. Birdan u (ajdohoga aylangan aso) ularning soxta (ilon)larini komiga torta boshladi (yutaboshladi).
Bas, haqiqat voqe bo'ldi, ularning qilgan ishlari esa botil (barbod) bo'ldi.
Shunday qilib, (sehrgarlar) yengildilar va zabun holatda qaytib ketdilar.
Sehrgarlar sajda qilgan holda (yerga) tashlandilar.
(So'ng) aytdilar: "(Biz) olamlarning Rabbiga,
(Ya'ni) Muso va Horunning Rabbiga imon keltirdik".
Fir'avn dedi: "Men sizlarga ruxsat berishimdan oldin imon keltirdingizmi?! Albatta, bu (ishingiz) shahardan uning aholisini chiqarib yuborish uchun qilgan makringizdir. Bilasizlar hali!
Qasamki, (bir) qo'llaringiz va (bir) oyoqlaringizni teskarichasiga kesdirib tashlayman, so'ngra hammalaringizni (dorga) osib yuboraman!"
Izoh: Ya'ni o'ng qo'l bilan chapoyoq yoki chap qo'l bilan o'ng oyoq. Shu tarzda kesilganda odam rosa to'ntoq bo'lib qolishini bilgan.
(Ular) dedilar: "Biz (o'lsak), albatta, Rabbimiz (huzuri)ga qaytuvchimiz.
Sen faqatgina Rabbimiz oyatlari kelganda, ularga imon keltirganimiz uchungina bizdan o'ch olmoqchisan. Ey, Rabbimiz! Ustimizga sabr (yomg'irini) yog'dir va bizni musulmonlik holimizda vafot etdir!"
Fir'avn qavmining zodagonlari aytdilar: "(Ey, Fir'avn), Muso va (uning) qavmini Yer (yuzi)da buzg'unchilik qilishiga hamda seni va ilohlaringni (tan olmay) tark etishiga qo'yib berasanmi?" (Fir'avn) dedi: "Ularning o'g'illarini (qatli om qilib) qirib tashlab, xotinlarini tirik qoldiramiz va biz ular ustidan g'olibdirmiz!"
Muso (o'z) qavmiga dedi: "Allohdan madad so'rangiz va sabrli bo'lingiz! Yer Allohnikidir! Uni (O'zi) xohlagan bandalariga meros qilib berur. Oqibat (yaxshiliklari) esa taqvodorlarga (tegishli)dir".
(Ular Musoga) dedilar: "(Sen) bizga kelmasingdan oldin ham, kelganingdan keyin ham ozorlandik". (Muso) dedi: "Rabbingiz dushmaningizni halok etib, sizlarni (Misrdek) yerga o'rinbosar qilajak va qanday ish qilishingizni ko'rajak".
Izoh: Kelmasingdan oldin, ya'ni, tug'ilmasingdan oldin. Chunki o'sha yili tug'ilgan barcha o'g'il chaqaloqlar Fir'avn amri bilan qatl etilgan edi.
Fir'avn qavmini zora eslatma olsalar, deb (qahatchilik) yillariga va mevalarning taqchilligiga duchor etdik.
Bas, ularga yaxshilik kelganda: "Bu bizga xos", - deydilar. Agar ularga biror noxushlik yetsa, Muso va u bilan birga (imon keltirgan) kishilardan shumlanadilar. Ogoh bo'lingki, ularning (yaxshi-yomon) amal(lar)i Allohning huzuridadir. Lekin, (buni) aksariyatlari bilmaydilar.
(Ular Musoga) aytdilar: "Bizni sehrlash uchun har qanday mo''jiza keltirsang ham, biz senga imon keltiruvchi emasmiz".
Shundan keyin ular ustiga to'fon, chigirtka, bit, baqalar va qon (balolari)ni aniq mo''jizalar sifatida yubordik. (Shundan) so'ng (ham ular) kibr qildilar va (o'zlari oldindan) jinoyatchilar qavmi edilar.
Ular ustiga azob tushganda dedilar: "Ey, Muso! Rabbinga sendagi bergan ahdi (haqqi) bilan biz uchun duo qil! Qasamki, agar bizlardan (shu) azobni ko'tarsang, albatta, senga imon keltiramiz va sen bilan birga Isroil avlodini (o'z yurtlariga) jo'natamiz!"
Ulardan o'zlari yetib borayotgan (ma'lum) muddatgacha azobni ko'targanimizda esa, nogoh ular (yana ahdni) buzayaptilar.
Bas, (Biz) ulardan "o'ch" oldik - oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlari va ulardan g'aflatda bo'lganlari sababli ularni dengizga g'arq qildik.
(Biz) barakotli qilib qo'ygan Yerning mag'rib va mashriqlariga zaiflashtirilayotgan qavm (Muso qavmi)ni merosxo'r qilib qo'ydik. Sabr qilganlari sababli Isroil avlodiga Rabbingizning chiroyli so'zlari (bergan va'dasi) o'z adosini topdi. Fir'avn va (uning) qavmi qurgan (bino)lari hamda ko'targan (qasru burj)larini vayron qildik.
Izoh: Chiroyli so'z yoki berilgan va'da A'rof surasining 129-oyati yoki Nur surasining 55-oyatida Allohning dushmanni halok etib ularni yerga o'rinbosar qilish to'g'risida aytgan so'zi.
Isroil avlodini dengizdan o'tkazganimizda, o'z sanamlariga sig'inayotgan bir qavm ustidan chiqib qoldilar-da, aytdilar: "Ey, Muso! Ularning ilohlari kabi bizga ham iloh yasab ber!" (Muso): "Sizlar johil qavm ekansizlar.
Zero, ularning (sig'inib) turgan narsalari barbod bo'luvchi va qilayotgan ishlari botil (behuda ish)dir".
(Muso yana) dedi: "Sizlar uchun olamlar uzra sizlarni afzal qilib qo'ygan Allohdan o'zga iloh qidirayinmi?!"
O'g'illaringizni o'ldirib, ayollaringizni qoldirish bilan sizlarni qattiq qiynoqqa solgan Fir'avn ahli (lashkari)dan xalos etganimizni eslangiz! Sizlarning bu (voqea)laringizda ulkan sinov bordir.
Muso bilan o'ttiz kecha va'dalashdik. So'ngra uni yana o'n (kecha) bilan to'ldirdik. Shunday qilib, Rabbining qirq kecha deya belgilagan vaqti kamoliga yetdi. Muso (keta turib) o'z birodari Horunga: "Qavmimda (sen qolib) mening o'rinbosarim bo'lgin, (xatolarini) isloh et va buzg'unchilar yo'liga ergashmagin!" - dedi.
Muso Biz belgilagan vaqtda (Tur tog'iga) kelgach, u bilan Rabbi bevosita gaplashdi*. Muso: "Rabbim! (O'zingni) menga ko'rsatgin, Senga bir nazar qilay!" - dedi. (Alloh): "Meni ko'ra olmaysan*. Lekin (ana u) toqqa (bir) boq! Agar Men unga bir jilva qilganimda (toqat qilib) o'z o'rnida tura olsa, sen ham meni ko'rasan", - dedi. Rabbi toqqa tajalliy (kichik bir ko'rinish) qilgan edi, uni maydalab tashladi. Muso (ham ta'sirlanib) behush holda yiqildi. Hushiga kelgach, dedi: "Senga tasbeh ayturman, Senga
tavba qildim va men mo'minlarning birinchisi (peshvosi)durman".
Izoh: Bu so'zlashuv insonlarning o'zaro suhbatlariga taqqoslanmaydi, balki Allohning zoti va sifatlariga xos ravishda gaplashilgan. Izoh(a): Ya'ni bu dunyodagi foniy ko'zlaring bilan Meni ko'raolmaysan, balki jannatda boqiy ko'zlaring bilan ko'rursan.
Do'stlaringiz bilan baham: |